SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (7-son)

  • 28 noyabr, 2022, 14:33
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Yaponiya ikkinchi turda Kosta-Rikaga yutqazib qo‘ydi. Buni ko‘pchilik tasodifga yo‘ymoqda. Chunki jamoalarning avvalgi to‘qnashuvlarida “kunchiqar yurt” vakillari raqibiga engilmagandi.

Belgiyaning “oltin avlod”i jahon chempionatida faqatgina 2 marta g‘alaba qozongan Marokashga imkoniyatni boy berdi. Endi ular Marokashdan taslim bo‘lgan Portugaliya va Shotlandiya kabi jamoalar qatoridan o‘rin oldi.

Kanada tezkor gol urdi-yu, keyingi daqiqalarda o‘z darvozasidan 4 ta to‘p olib chiqdi. Xorvatiya iroda namoyish etishni boshladi. Ularning niyati yana kamida final bo‘lsa ajab emas.

Germaniya o‘zi uchun finalga teng o‘yin o‘tkazdi. Germaniyaliklar ilk turda 3 ochkoni qo‘ldan boy bergani bois bu o‘yinning qadri oshib ketdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchi gol urib Germaniya uchun imkon taqdim etdi.

 

Yaponiya - Kosta-Rika 0:1

Kunning ilk bahsi qit’adoshlarimiz ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiya Shimoliy Amerikaning Kosta-Rika termasiga qarshi maydonga tushdi. Osiyoliklarning ustunligi ostida kechgan bahsda nominal mehmonlar 1:0 hisobida zafar quchdi.

Yagona gol 81-daqiqada Keysher Fuller tomonidan kiritildi. U raqib himoyachilarining xatosidan unumli foydalanib, to‘pni darvozabonning ustidan tashlab qo‘ydi. Hisob o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmay qoldi va Navas sheriklari qiyinchilik bilan 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Kosta-Rika mazkur mundialda raqib darvozasi tomon umumiy hisobda 4 ta zarba yo‘lladi. Ularning bittasi aniq borgan va golga aylangan.

Joel Kempbell bellashuvda 15 bor duellarda ustun chiqdi. Joriy jahon chempionatida hozircha bundan yaxshi ko‘rsatkich qayd etilmagan.

Shimoliy Amerika vakillari Yaponiyani barcha musobaqalar doirasida ilk bora mag‘lub etdi. Oldin bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etilgan. Shuningdek, terma mundialda Osiyo jamoalarini ikkinchi bor taslim etdi. 2002 yilgi dunyo birinchiligida Xitoy 2:0 hisobida Kosta-Rikaga imkoniyatni boy bergandi.

KONKAKAF a’zosi bo‘lgan mamlakat jamoasi ochkolari sonini 3 taga etkazgan holda, ayni payt turnir jadvalida 3-pog‘onada ketmoqda. "Samuraylar" ham shuncha ochko jamg‘argan. Ammo ularda to‘plar farqi yaxshi ekani bois 2-o‘rinni band etib turibdi.

 

Belgiya - Marokash 0:2

Navbatdagi to‘qnashuvda Belgiya va Marokash jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Muxlislarni aslo zeriktirmagan ushbu bahsda kutilmaganda Marokash termasi 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.

45+2-daqiqada o‘yindagi ilk gol kiritildi. Jarima zarbasidan Marokash futbolchilari unumli foydalandi. Biroq so‘nggi pallada nominal mehmonlar a’zosi o‘yindan tashqari holatda ekani hakam tomonidan qayd etildi.

Shunga qaramay, afrikaliklar baribir hisobda oldinga chiqib oldi. 73-daqiqada Sabiri yana bir jarima zarbasini golga aylantirdi. Bu safar hech qanday ofsayd holati yo‘q, deya e’tirof etildi.

Bu goldan keyin "sariq qit’a" vakillari muvozanatni tiklashga qattiq harakat qildi. Lekin bu samarasiz bo‘lib chiqdi. Ustiga-ustak, 90+2-daqiqada Zakariya Ziyeshning uzatmasidan so‘ng to‘pni Kurtua qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi.

Belgiya o‘yinning dastlabki 25 daqiqasida 69 foiz to‘p nazoratiga egalik qildi.

Shuningdek, Marokash mundiallar tarixida o‘zining uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bundan oldin mag‘lub etilgan termalar 1986 yilda Portugaliya va 1998 yilda Shotlandiya edi.

Abdulhamid Sabiri JCh-2022da jarima zarbasidan gol urgan dastlabki futbolchi bo‘ldi. U zaxiradan maydonga tushganiga atigi 6 daqiqa bo‘lganida, mamlakati uchun o‘ta muhim golni urdi.

Marokashliklar ushbu bellashuvdan so‘ng ochkolari sonini 4 taga etkazib oldi. Terma hozircha jadvalda 2-pog‘onada ketmoqda. Alamli mag‘lubiyatga uchragan Belgiya 3 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan.

 

Xorvatiya - Kanada 4:1

1-turdan o‘rin olgan Xorvatiya - Kanada bahsida evropaliklar 4:1 hisobida zafar quchdi.

2-daqiqada Alfonso Devis bellashuvda hisobni ochdi. O‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni Devis boshi bilan to‘rga yo‘lladi. 

Keyinchalik, Kramarichning dubli, shuningdek, Livayya hamda Mayerning gollari evaziga Xorvatiya hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. 

Shu tariqa, Zlatko Dalich shogirdlari hisobidagi ochkolar soni 4 taga etdi. Kanada esa 2 turdan so‘ng birorta ham ochko to‘play olmay, musobaqani tark etishi aniq bo‘lib ulgurdi.

2-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol etgan "Bavariya" himoyachisi bu orqali Kanada terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli muallifiga aylandi. 

Shimoliy amerikaliklar o‘z tarixida ikkinchi bor mundialda ishtirok etmoqda. Ular ilk bor 1986 yilda Meksika mezbonlik qilgan jahon chempionatida qatnashgan, ammo gol urolmagan.

Jon Xerdman shogirdlari Qatar-2022ning ilk turida Belgiya darvozasini ham ishg‘ol etolmagandi. O‘shanda aynan Devisning 11 metrlik nuqtadan bergan zarbasini Kurtua qaytargandi.

 

Ispaniya - Germaniya 1:1

Kecha oqshom turning markaziy qarama-qarshiliklaridan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniya - Germaniya bahsi kuzatildi. Qiziqarli kechgan bellashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Zaxiradan maydonga tushgan Morata 62-daqiqada Albaning uzatmasidan keyin hisobni ochdi. 83-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Niklas Fyullkrug muvozanatni tikladi. Germaniya safida ham zaxiradan maydonga tushgan hujumchi gol urdi.

Shu tariqa, "qizil furiya" ochkolari sonini 4 taga etkazib oldi. Germaniya hisobida 2 tur yakuniga ko‘ra, 1 ochko mavjud.

Ispaniya terma jamoasi joriy turnirda urgan gollari sonini 8 taga etkazib, o‘z rekordini yangilashga erishdi. “Qizil furiya” bu natijani yangilashi uchun 2 o‘yin kifoya qildi. Bungacha Ispaniya terma jamoasining rekordi 2010 yil qayd etilgan va o‘shanda chempionlik qo‘lga kiritilgan. Ispanlar musobaqa davomida 7 ta to‘p kiritgandi.

Xans-Diter Flik shogirdlari uchrashuv davomida to‘pga 35,8 foiz hisobida egalik qilishdi. Bu terma jamoaning JCh-2022dagi eng yomon ko‘rsatkichidir.

Ispanlar bilan o‘yinga qadar Germaniyaning bu boradagi antirekordi 1986 yil Meksikadagi mundialda Marokashga qarshi o‘yinda qayd etilgandi. O‘shanda nemislar to‘pga 39 foiz egalik qilgandi.

Uchrashuvda to‘liq harakat qilgan Manuel Noyer musobaqadagi 18-o‘yinini o‘tkazdi. 36 yoshli darvozabon bu borada mundialda eng ko‘p bahsda ishtirok etgan posbonga etib oldi. Rekord hamyurti Zepp Mayer hamda braziliyalik Klaudio Taffarelga tegishli edi.

Germaniya oxirgi 10 ta bahsda 6-marotaba raqiblari bilan durang o‘ynadi, 2 marta mag‘lubiyatga uchradi va ikki uchrashuvda muvaffaqiyatga erishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!