
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (8-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Kamerun - Serbiya gollar boy uchrashuv. Bu o‘yinda hammasi bor, iroda, chiroyli gollar, qaytish va hokazo. Bir so‘z bilan aytganda, muxlislar g‘alaba qozongan bellashuv
Janubiy Koreya dastlab 2 ta gol o‘tkazib yuborib, keyin muvozanatni tiklagandi. Biroq qit’adoshlarimizning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmay, mag‘lubiyatga uchradi.
Braziliya ko‘p bora to‘qnash keladigan noqulay raqibini engdi. Ammo bu oson bo‘lmadi. Neymarning o‘rni mana shunday o‘yinlarda bilinar ekan.
Portugaliya Urugvaydan avvalgi mundialdagi mag‘lubiyat alamini oldi. Krishtianu gol urdim deb o‘ylagan vaziyatda Fernandesh muvaffaqiyat qozondi. Ha aytgancha, bu ikki futbolchi orasiga sovuqchilik tushgan deb o‘ylaganlar, adashadi.
Kamerun - Serbiya 3:3
Qatardagi mundialni bezab bergan o‘yin Kamerun va Serbiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Gollarga boy o‘tgan mazkur to‘qnashuvda jamoalar jangovor durangga imzo chekdi.
Birinchi gol 29-daqiqada Kasteleto tomonidan kiritildi. U burchak zarbasidan so‘ng qulay nuqtada paydo bo‘ldi va bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqada Pavlovich boshi bilan to‘pni Kamerun darvozasiga kiritib qo‘ydi - 1:1. Ikki daqiqa o‘tib esa Milinkovich-Savich uzoqdan kuchli zarba yo‘llab, Serbiyani hisobda oldinga olib chiqdi. Bu birinchi bo‘limda urilgan so‘nggi gol edi.
Ikkinchi taymda, aniqrog‘i, 53-daqiqada "Fulxem" hujumchisi Mitrovich aniq zarbasi bilan serblarni 3:1 hisobida oldinga chiqib olishiga zamin yaratdi. 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Abubakar bellashuvdagi 5-gol muallifiga aylandi. U darvozabon bilan birga-bir vaziyatda to‘pni posbonning ustidan tashlab qo‘ydi.
Ammo bu hali hammasi emas edi. 66-daqiqa o‘tib borayotgan bir vaqtda Chupo-Moting sherigining ajoyib uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga kiritdi va tabloda hisobning 3:3 ko‘rinishga kelishini ta’minladi.
Bundan oldin Serbiya Afrika jamoalariga qarshi o‘yinlarda ikki mag‘lubiyatni qabul qilib olgandi. 2006 yilda Kot-d'Ivuar, 2010 yilda esa Gana evropaliklarni taslim etgan.
Vinsent Abubakar 2022 yilda 11 golda ishtirok etdi. U 9 bellashuvda 9 gol va 2 assist qayd etgan. Shuningdek, hujumchi faoliyatida Mundialdagi dastlabki golini urdi.
Janubiy Koreya - Gana 2:3
Ikkinchi uchrashuv ham shiddat borasida dastlabkisidan qolishmadi. O‘ta yuqori tempda o‘tgan Janubiy Koreya - Gana bahsi 3:2 hisobida afrikaliklarning g‘alabasi bilan yakun topdi.
Salisuning 24-daqiqada urgan goli sabab bellashuvda hisob ochildi - 0:1. U koreyaliklar jarima maydonidagi tartibsizlikdan unumli foydalandi. 34-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Qudus to‘pni boshi bilan to‘rga yo‘lladi - 0:2.
Ikkinchi taym boshlarida Cho Gyu Son boshi bilan gol urdi va hisobni qisqartirdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yana shu futbolchining o‘zi xuddi ilk goldagi kabi to‘pni darvozaga kiritdi. Biroq qit’adoshlarimizning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 68-daqiqada Qudus yana katta sahnaga chiqdi. U koreyaliklar jarima maydonchasida qulay nuqtada hozir bo‘ldi va uchrashuvga nuqta qo‘ydi.
Cho Gyu Son mundialda ikki marotaba boshi bilan gol urgan yagona futbolchi bo‘lib turibdi. Qizig‘i, u ushbu ko‘rsatkichni atigi 3 daqiqa ichida amalga oshirdi.
Jordan Ayyu mazkur to‘qnashuvda 2 golli uzatma muallifiga aylandi. U dastlabki ikki golda assistentlik vazifasini bajardi.
Gana ushbu bahsda aniq berilgan 3 zarbasining barchasini golga aylantirdi. Portugaliya bilan o‘yinda afrikaliklar 3 ta aniq zarbadan 2 ta to‘p kiritishga erishgandi.
Braziliya - Shveytsariya 1:0
2-tur doirasidagi "G" guruhi vakillari - Braziliya va Shveytsariyaning o‘zaro to‘qnashuvida birgina gol uchrashuvi taqdirini hal qildi. 5 karra jahon chempionlari o‘zlari uchun noqulay raqibni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Ikkinchi taymda Risharlison to‘pni Kazemiroga uzatdi. U esa birgina pas orqali Vinisiusni yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Vini hisob ochdi. Ammo VAR vaziyatni takror ko‘rgach, Risharlison to‘pni egallab olgan vaziyatda o‘yindan tashqari holatda ekani ma’lum bo‘lib, gol bekor qilindi.
83-daqiqa kelib Braziliya o‘z maqsadiga erishdi. Kazemironing kuchli zarbasini Zommer qaytara olmadi.
Shu tariqa, braziliyaliklar ochkolari sonini 6 taga etkazib oldi va pley-off masalasini muddatidan oldin hal etdi. Braziliya keyingi bosqichga Frantsiyadan keyin yo‘l olgan ikkinchi jamoa bo‘ldi. Braziliya mundiallar tarixida 9 marta pley-offga yo‘l oldi. Oxirgi marta ular 1982 yil pley-offga chiqa olmagandi. Braziliya darvozasiga JCh-2022dagi ikka o‘yinda ham raqiblar birorta aniq zarba bera olmadi.
Portugaliya - Urugvay 2:0
Portugaliya va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda evropaliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Brunu Fernandesh 54-daqiqada Krishtianu Ronalduga havodan to‘pni oshirdi. Bir qarashda Ronaldu boshi bilan to‘pni darvozaga joylagandek tuyuldi. Biroq takroriy lavhalarda ma’lum bo‘ldiki uzatma golga aylanib ketgan. Stadion suxandoni ham Brunu nomini e’lon qildi, to‘p Ronalduning boshiga tegmagan deb topildi.
Portugaliyaliklar o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqada penalti ishlashdi. Bu vaqtga kelib Krishtianu zaxiraga olingandi. Shu bois 11 metrli nuqtadan Fernandesh aniq foydalanib, jamoaga g‘alaba taqdim etdi. Uchrashuvdagi ikki gol ham Brunu Fernandesh nomiga yozildi.
Endi Portugaliya 2-turdayoq pley-off masalasini hal etgan Frantsiya va Braziliya bilan bir qatorda.
Krishtianu Ronaldu Portugaliya safida 5 ta jahon chempionatining 4 tasida guruhdan chiqdi va faqatgina bir marotaba 2006 yil nimchorak finaldan o‘ta olgan.
Portugallar JCh-2006dan so‘ng ilk bor mundialni ketma-ket 2 g‘alaba bilan boshladi.
Fikrlar