
Stol tennisi: Eron va Markaziy Osiyo davlatlari terma jamoalari Namanganda jam bo‘ladi
Joriy yilning 22-27 dekabr kunlari Namangan shahrida joylashgan "Barkamol avlod" sport saroyida stol tennisi bo‘yicha "Markaziy Osiyo Olimpiya umidlari" haftaligi o‘tkaziladi.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiya o‘yinlari turkumiga kiritilgan sport turlarini yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish, xalqaro musobaqa va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yurtimizda o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning samarasida yoshlarimiz o‘zlari tanlagan sport turlari bo‘yicha mahoratlarini oshirib, yuksak natijalarga erishmoqdalar.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi ushbu imkoniyatlardan munosib foydalangan holda, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda, Osiyo stol tennisi federatsiyasining 2019 yildagi "ITTF ASIA DEVELOPMENT PROGRAM" nomli nizomi bo‘yicha "Markaziy Osiyo Olimpiya umidlari" haftaligini tashkillashtirmoqda. Haftalikda 10 yoshdan katta bo‘lgan sportchilar xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashadi.
Yoshlarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, iste’dodlarini yanada yuksaltirish va boy tajribaga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilayotgan haftalikda stol tennischilarimizdan tashqari, Markaziy Osiyo va Eron davlatlarining terma jamoalari ham ishtirok etadi.
O‘quv-mashg‘ulot yig‘inida terma jamoa a’zolari taktik-texnik, jismoniy holat bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini mamlakatimiz va Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk marotaba o‘tkazilmoqda.
Fikrlar