
Superliga O‘zbekiston termasidan kuchliligi, Shomurodov sotilyaptimi? “Jenoa” prezidentining javobi va haftaning boshqa muhim xabarlari
Assalomu alaykum SPORTS.uz saytining kuzatuvchilari. Bugun biz sizlarga “Hafta voqeliklari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini taqdim etamiz. Siz unda o‘zbek va xorij futbolida ro‘y bergan eng muhim voqeliklar bilan tanishasiz. Siz tayyor bo‘lsangiz, biz boshladik.
1.O‘zbekistonlik FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun futboldan chetlatildi. O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi ayollar futbolidagi ayrim futbolchi va mutaxassislarni ham ma’lum muddatga “o‘yindan tashqari holatda qoldirdi”.
2.Futzal muxlislari uchun ajoyib yangilik. Yurtimizga Argentina terma jamoasi tashrif buyuradi. Jahon chempionlari O‘zbekiston terma jamoasi bilan 2 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
3.2020 yilning eng yaxshi ligalari reytingi e’lon qilindi. Shomurodov o‘ynayotgan chempionat APLdan oldinda. O‘zbekiston Superligasi esa terma jamoamizdan kuchli ekan. Har holda statistika bilan shug‘ullanuvchilar shunday demoqda.
4.Yil boshidan beri tinmayotgan mavzu hali ham aktualligini yo‘qotmadi. Eldor Shomurodov “Yuventus”ga transfer qilinadimi? “Jenoa” prezidenti javob berdi
5.Aziz G‘aniev "Shabab Al-Ahli" bilan BAA Superkubogini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz legioner sifatida ilk sovriniga ega bo‘ldi. Bunday sovrinlar davomli bo‘lishini tilaymiz.
1.Futbol sohasida korruptsion holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspektsiyasi O‘zbekiston Superligasi va Pro Ligasi uchrashuvlarida korruptsion holatlar, ya’ni bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan futbol hakamlarini aniqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.
O‘FA Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov bo‘yicha aniqlangan holatlar ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita tomonidan Sherzod Qosimov bir qator futbol bahslarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun O‘FA intizom kodeksiga asosan, 3 (uch) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirish xususidagi qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab, ya’ni 19 yanvardan kuchga kirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspektsiyasi tomonidan 2020 yil 5 oktyabrda kelishilgan o‘yinlarda qatnashish, totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha ayollar futbol klublari vakillari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganligiga qaramasdan, ayollar futbolida ushbu faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi.
Futbol sohasida faoliyat yuritgan sobiq mutaxassislar hamda ushbu sohaga aloqador bo‘lmagan shaxslar tomonidan “Guli” (Navoiy), “Navbahor” (Namangan), “Metallurg” (Bekobod) va “Bunyodkor” (Toshkent) ayollar klubi vakillarining ko‘rsatmalariga asosan ularga haq evaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashish va totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha taklif bilan chiqilganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida ayrim futbolchi va mutaxassislar yuqorida tilga olingan shaxslarning takliflariga rozilik bildirib, o‘ziga aytilgan noqonuniy vazifalarni bajarganligi ham fosh etildi.
Ushbu holatlar yuzasidan O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi hamda ayrim futbolchi va mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi, totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslarga yordam berganligi uchun 1 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatlarga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.
2.O‘zbekiston futzal terma jamoasi 28 yanvardan 4 fevralga qadar o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi.
Bahodir Ahmedov murabbiyligi ostidagi futzalchilarimiz yig‘in davomida Argentina vakillariga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Ushbu bahslar 2-3 fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Amaldagi jahon chempioni hisoblangan Argentina futzal terma jamoasi 18 kishilik tarkib bilan 30 yanvar kuni Toshkentga etib keladi.
3.Xalqaro futbol tarixi va statistika federatsiyasi (IFFHS) 2020 yilning eng yaxshi ligalari reytingini tuzib chiqdi. Reytingdan 80 ta chempionat o‘rin olgan. Federatsiya talqiniga ko‘ra, chempionatlar o‘rinlarga ajratildi.
Unga ko‘ra, Italiya A seriyasi 14 yildan so‘ng, yana peshqadamga aylandi. Shomurodov o‘ynayotgan liga APLni ortda qoldirgani e’tiborga molik.
O‘zbekiston Superligasi 2019 yil yakunlariga ko‘ra, 67-o‘rinda qayd etilgandi. 2020 yili esa, 48-pog‘onani band etdi. Qiziq tomoni, chempionatimiz terma jamoamizdan kuchli ekan. Terma jamoalarning dekabr oyidagi reytingida O‘zbekiston milliy jamoasi 85-o‘rinda qayd etilgandi.
Quyida Xalqaro futbol tarixi va statistika federatsiyasi (IFFHS) talqiniga ko‘ra 2020 yilning eng yaxshi ligalari reytingi bilan tanishing:
Jahon reytingi "top-10":
1.Italiya
2.Angliya
3.Braziliya
4.Ispaniya
5.Germaniya
6.Portugaliya
7.Frantsiya
8.Paragvay
9.Argentina
10.Ekvador
Osiyo mintaqasi kuchli beshlik
20.Janubiy Koreya
31.Saudiya Arabistoni
38.Yaponiya
43.Xitoy
48.O‘ZBEKISTON
51.Eron
53.BAA
55.Qatar
Fikrlar