Superliga. "Paxtakor"ning "So‘g‘diyona"ga qarshi eng yirik g‘alabasi qanday bo‘lganini bilasizmi? (O‘zaro o‘yinlar statistikasi)
Superliganing 19-tur o‘yinida "Paxtakor" Jizzaxda "So‘g‘diyona" mehmoni bo‘ladi.
Ikkinchi davrada yaxshi o‘yin namoyish etayotgan "So‘g‘diyona" bilan bahs chempionlik uchun kurashda katta ahamiyat kasb etadi. "Paxtakor" safida diskvalifikatsiyaga uchragan Shahzod Azmiddinov va Doston Tursunov bellashuvni o‘tkazib yuboradi.
Milliy chempionatlar doirasida o‘zaro 55 uchrashuv bo‘lib o‘tgan. 43 bellashuvda "sherlar" g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 6ta o‘yinda durang qayd etilgan va 6 bahsda jizzaxliklar g‘alaba qozongan. 131 gol urgan "sherlar" o‘z darvozasidan 43 to‘p o‘tkazib yuborishgan. "Paxtakor"ning eng yirik g‘alabalari 6:1 va 5:0 hisoblarida kuzatilgan. Jizzaxdagi o‘yinlarning 18tasida "Paxtakor" muvaffaqiyatga erishgan. Besh marta mezbonlarning qo‘li baland kelgan va to‘rt bor durang natija qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, "So‘g‘diyona" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 24 sentyabr, yakshanba kuni soat 18:00da "So‘g‘diyona" stadionida boshlanadi.

Fikrlar