
Superliga tomon yaqinlashayotgan pro liga! Kuzating, afsuslanmaysiz. Chunki...
Superligadan so‘ng bugun nihoyat pro liga karvoni ham yo‘lga tushadi. O‘tgan yili ushbu liga siz-u, bizga qanday intrigani taqdim etganini ko‘pchilik yodida saqlab qolgan bo‘lsa ajab emas. Superligadagi muhitdan qolishmaydigan darajadagi anshlag kuzatilgani mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Shuning uchun joriy yildagi pro liga ham oldingisidan qolishmaydigan darajada o‘tishi taxmin qilinyapti.
Superliga uchun asosiy da’vogarlar – “Lokomotiv”, “Dinamo”, “Mash’al”, “Qo‘qon-1912”, “Sho‘rtan”, “Xorazm” kabi jamoalar kurash olib boradilar. Ko‘rib turibsizki, elitaga qaytmoqchi bo‘lganlar talaygina. Bu esa pro liganing yangi mavsumi yanada qaynoq ruhda, tomoshabinlarni o‘ziga jalb qiladigan darajada o‘tishini taxmin qilish qiyin emas.
15 mart sanasida pro liganing ilk turiga start beriladi va 16 martda yakun topadi. Pro liganing har bir turida shubhasiz markaziy o‘yinlarga guvoh bo‘lasiz va bu holatni dastlabki turdanoq ko‘rish mumkin. G‘uzorda “Sho‘rtan” “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi. G‘uzor jamoasida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Ayniqsa, bosh murabbiylikka Aleksey Evstafeev taklif qilindi. Unga o‘tgan yili “Turon”ga bosh murabbiylik qilgan Anvar Berdiev yordamlashmoqda. Tarkibda ham yangi nomlar bor. “Qo‘qon-1912” o‘tgan yili Superligani tark etganiga qaramay, amaldagi bosh murabbiy Davron Fayzievga yana ishonch bildirildi. Endi uning o‘zi klubni Superligaga qaytarishiga to‘g‘ri keladi. Har qaysi jamoa uchun chempionatni g‘alaba bilan boshlash doim birinchi raqamli vazifa bo‘lib kelgan.
16 mart sanasida yana bir markaziy uchrashuv Muborakda o‘tkaziladi. Maydon egasi “Mash’al” Samarqandning “Dinamo”sini qabul qiladi. “Dinamo” “Qo‘qon-1912” singari “mavsum-2022”da omadsizlikka uchradi va pro ligaga ravona bo‘lgandi. Klub rahbariyati bosh murabbiy Vadim Abramov bilan yana hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Tabiiyki, jamoani yana kuchlilar orasiga qaytarish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Shu bois Vadim Karlenovich o‘z joyida qoldirildi. “Mash’al” esa hamma vaqt pro liga favoritlaridan bo‘lib kelgan. Ko‘ramiz, ular bu safar Superliga chiptasini qo‘lga kirita olarmikin?
Darvoqe, bugun Samarqandning “Yunired” jamoasi “Xorazm”ni qabul qiladi. Pro liga debyutanti uchun bu sinov. “Xorazm” o‘tgan mavsumda etakchilarga jiddiy muammo tug‘dirganini unutganimiz yo‘q. Shuningdek, pro liganing yana bir debyutanti “Andijon-SGS” uchun ushbu chempionat muhim. Chunki o‘tgan yili birinchi ligada qatnashdi va bu yil pro ligada debyuti qilish imtiyozi berildi. Biroq pro ligadagi ilk raqibi Superligaga qaytish yo‘lidagi birinchi raqamli da’vogar hisoblangan “Lokomotiv” klubidir. “Andijon-SGS”ning tarkibi asosan mahalliy tarbiyalanuvchilardan tashkil topgan. Tarkib va nom jihatdan qaraydigan bo‘lsak, “Lokomotiv” nafaqat ushbu turning, balki musobaqaning favoriti, bunga shubha yo‘q.
Yana bir juftlik Namanganda “Navbahor-farm” hamda “Aral” klublari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. 2022 yili birinchi ligada g‘olib chiqqan Rashid G‘ofurov boshchiligidagi “Navbahor-farm” aynan birinchi ligada asosiy raqobatchisi hisoblangan “Aral” bilan endi pro ligada ham raqobatlashadi. Ko‘pchilik “Navbahor-farm”dagi yosh iqtidorlar haqida iliq fikrlarni bildirishyapti. Pro liga shubhasiz ular uchun katta tajriba bo‘ladi.
Pro liganing yangi mavsumi Superliga saviyasi tomon yana bir qadam tashlashi kutilmoqda. Shunday ekan, mazkur musobaqani ham kuzatib boring, afsuslanmaysiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar