Superliga uchun qur’a tashlanadi yoxud kimgadir farqi bor, kimgadir farqi yo‘q
1 fevral kuni O‘zbekiston Superligasining 2025 yilgi mavsumga qur’a tashlanadi. Ayni paytda futbolimizga aloqadorlarning va muxlislarning eng kutayotgan jarayoni ham aynan qur’adir. Ayniqsa, murabbiylar uchun ham bu o‘ziga yarasha muhim hisoblanadi. Ilk turni kim qaerda va kimga qarshi boshlashiga qarab murabbiylar keyingi rejalarini tuzib chiqadilar.
Shuningdek, bu yil chempionatimizda o‘yinlar soni ham o‘z-o‘zidan ortadi. Superligada ishtirokchilar soni 14 tadan 16 taga oshirildi va shunga yarasha his-hayajonga boy uchrashuvlarimiz ham ko‘payadi. Ko‘pchilikni esa ilk turda qaysi raqibga duch kelishi qiziqtirishi shubhasiz. Axir avvalini qanday boshlasang, qolgani ham shunday davom etishi katta ehtimol. Shuning uchun klublarimizga mavsumni muvaffaqiyatli boshlab olish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Doimgidek chempionatimiz favoritlari bor. “Nasaf”, “Paxtakor”, “Neftchi” singari jamoalar tarkiblarini saqlab qolish bilan birga sezilarli darajada kuchaytirmoqdalar. 1-turni mana shunday raqiblarga qarshi boshlashni istamaydiganlar va aksincha etakchilarga qarshi o‘yin bilan boshlashni xohlaydiganlar ham topiladi.
Shuningdek, Pro ligadan Superligaga “Mash’al”, “Buxoro”, “Qo‘qon-1912”, “Sho‘rtan” va “Xorazm” klublari yo‘l oldilar. Hali quyi ligadan elitaga birdaniga 5 ta jamoaning yo‘l olishi kuzatilmagandi. Bilasiz, dastlabki ikki o‘rin egasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi. 3 va 4-o‘rin egalari esa pley-off orqali, 6-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Xorazm” bo‘lsa, “Metallurg”ning o‘rnini egalladi va bunda ham O‘zPFL to‘liq Reglamentga tayangan holda ish ko‘rdi.
Pro ligadan Superligaga yo‘l olgan 5 ta jamoa o‘z tarkiblarini imkoniyatidan kelib chiqqan holda kuchaytirishga va to‘ldirishga harakat qilmoqdalar. Balki boshqa jamoalar Superliganing aynan pro ligadan chiqqan klublarga qarshi o‘yinlar bilan boshlashni istashlari ham bor gap. Lekin unutmaslik kerakki, ko‘pincha bunday holatda kutilmagan natijalar qayd etiladi.
Aslini olganda, Superligadagi jamoa har bir ishtirokchi bilan albatta o‘ynab chiqadi. Shuning fonida shunday murabbiylar borki, ularga ilk turda qaysi klubning ro‘baro kelishi ahamiyatsiz. Masalan, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovga birinchi turda kim raqib bo‘lishi mutlaqo qiziq emas. Bizningcha, ko‘pchilik murabbiylarga ham shunday. Chunki boya aytganimizdek, vaqti kelib barcha raqiblar bilan baribir o‘ynaladi. Muhimi esa, murabbiy jamoasini chempionatiga har tomonlama puxta tayyorlashdan iborat.
O‘zPFL esa qur’a oldidan quyidagi xabarni e’lon qildi:
“Superliga mavsumi 7 mart kuni start olishi rejalashtirilgan. Liga uning to‘liq ishtirokchilari va klublar qaysi stadiondan qay tartibda foydalanishi masalasida ish olib borishiga to‘g‘ri keldi.
Musobaqaga qur’a tashlash marosimi 1 fevral kuni 18:00 da start oladi va u “Futbol TV” orqali jonli efirga olib chiqiladi.
Qur’a jarayonida Liga quyidagi ketma-ketlikni inobatga oladi:
a) mavsum startini o‘z maydonida boshlamasligi, biroq keyinchalik boshqa stadionga ko‘chib o‘tishi katta ehtimol bo‘lgan klublar;
b) bir stadiondan foydalanishi ko‘zda tutilgan va shundan kelib chiqib juftlik hosil qilgan klublar;
d) juftlik hosil qilmagan klublar.
Liga mutaxassislari qur’a va uning qolgan masalalarini jonli efirda tushuntirib berishi ko‘zda tutilgan”.
Demak, yangi futbol mavsumi oldidan qur’a tashlashni kuzatamiz. Buning o‘ziga yarasha hayajoni ham bor. Hamma omadli bo‘lishini istaydi, lekin unutmaslik kerakki, qur’ani ko‘zi ko‘r, degan gap ham bor!
Fikrlar