Superligada ikkinchi o‘rinni egallagan "So‘g‘diyona"ning taqdiri nima bo‘ladi? Xalqaro maydonda O‘zbekiston nomidan qaysi jamoalar qatnashadi?
Kecha O‘zbekiston kubogi final bahsi bo‘lib o‘tdi. Samarqanddagi hal qiluvchi uchrashuvda "Paxtakor" va "Nasaf" o‘zaro kuch sinashdi.
Dastlab "sherlar" vakili Odiljon Hamrobekov hisobni ochdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, qarshiliklar maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Oybek Bozorov qizil kartochka oldi.
"Nasaf" birinchi taymning o‘zida muvozanatni tikladi. Bahrom Abdurahimov toshkentliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Tanaffusdan so‘ng esa G‘olib G‘aybullaev jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.
Shu tariqa, "Nasaf" o‘z tarixida ikkinchi bor kubok sohibiga aylandi. Bu orqali Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari OChL plef-offiga yo‘l olishdi.
Superligada ikkinchi o‘rinni egallagan "So‘g‘diyona" esa OChL-2022 o‘tish o‘yinlarida qarshiliklarning g‘alabasini kutishga majbur. Agar "ajdarlar" guruh bosqichiga yo‘l olsa, Ulug‘bek Baqoev jamoasi OFK kubogida qatanashadi. O‘zbekiston chempioni "Paxtakor" esa OChL guruh bosqichida o‘ynaydi.

Fikrlar