
Superligada yozda amalga oshirilgan eng yaxshi transferlar TOP-10
4-30 iyul kunlari O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi davrida klublar oldi-sotdilarni amalga oshirdi.
“2022 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”da futbol klubi yozgi transfer oynasida 5 nafardan ortiq bo‘lmagan yangi futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Bunda klub tomonidan ijaraga olinayotgan futbolchi ham yangi o‘yinchi sifatida qayd etiladi.
Mana shularni inobatga olgan holda klublar transferlarga e’tibor qaratdi.
Shu paytga qadar klublarimiz yozgi transferlar davrida bu qadar faol bo‘lganini eslolmaymiz.
Biz shu yili yozda klublarimiz o‘z safiga qo‘shib olgan eng yaxshi futbolchilar o‘ntaligini tuzib chiqdik. Shuni aytib o‘tish kerakki, transferlarda xorijdan kelgan yangi o‘yinchilarni inobatga olmadik. Hali ular borasida fikr bildirishga biroz erta.
10.Marat Bikmaev “So‘g‘diyona”dan “Dinamo”ga
Yil boshida Marat Bikmaev “So‘g‘diyona” safiga qo‘shilgandi. Hujumchining jizzaxliklar safidagi o‘yini ochilmadi, faoliyati ko‘ngildagidek kechmadi. Ammo uning Samarqand jamoasiga ko‘chib o‘tishi katta voqelik. Balki yoshni inobatga olsak, bu u qadar katta transfermasdir. Lekin chempionlikka erishgan, katta o‘yinlarni ko‘rgan Marat “Dinamo” uchun foydali transfer deyishimiz mumkin.
9.Muhammadanas Hasanov “Lokomotiv”dan AGMKga
“Lokomotiv” yarim himoyachisi Muhammadanas Hasanov yarim mavsumdan so‘ng yana jamoasini o‘zgartirdi. Joriy yil boshida Qo‘qondan poytaxtga yo‘l olgan Hasanov, yozda Toshkent viloyati jamoasi safiga qo‘shildi. Muhammaanas AGMKning chap qanotini kuchaytirish uchun olib kelindi.
8.Vitaliy Denisov “Baltika” (Rossiya)dan “So‘g‘diyona”ga
Vitaliy Denisov katta nom. O‘zbekiston milliy terma jamoasida uzoq yillar mazmunli faoliyati bilan yodda qolgan. Oxirgi paytlarda jamoasiz erkin agent maqomidagi chap qanot himoyachisi “So‘g‘diyona”dan qo‘nib topdi. Agar yosh pand berib qo‘ymasa, tajriba o‘z so‘zini aytish ehtimoli yuqori.
7.Abror Ismoilov “Paxtakor”dan “Neftchi”ga
“Neftchi” mavsum boshida “Paxtakor”dan Abror Ismoilovni ijaraga oldi. Yozda esa uning transferini qo‘lga kiritdi. “Paxtakor” yarim himoyasida raqobat yuqoriligi uchun Ismoilovga joy tegmasdi, lekin “Neftchi”da unga o‘rin bor. Bo‘lganda ham muqim o‘rin deyish mumkin. Abror tayanch va hujumkor yarim himoyada to‘p tepishini inobatga olsak, farg‘onaliklar uchun ajoyib transfer bo‘ldi, deyish mumkin.
6.Islom Kenjaboev “Navbahor”dan “Qizilqum”ga
Xorijdagi faoliyatidan so‘ng bir muddat “Qizilqum”da, keyin “Navbahor”da ko‘rinish berdi. Namanganliklar safida Samvel Babayan yarim himoyachilarni shu qadar qalashtirib tashlaganki, Kenjaboev asosiy tarkibga kira olmadi. O‘tgan maqvsum yarmida navoiyliklar safida yaxshi o‘yinlari bilan yodda qolgan futbolchi yana “Qizilqum”ga qaytdi. U o‘zi bilgan va o‘ynab ko‘rgan klubga borganini inobatga olsak, Islomning o‘yinlari muvafaqiyatli chiqishiga umid qilish mumkin.
5.Elguja Grigalashvili “Navbahor”dan “Dinamo”ga
“Navbahorda” gruziyalik legionerning faoliyati bir qarashda yaxshi davom etayotgandi. Faqatgina Namanagandagi uchrashuvlarning birida muxlislarga qarata qilgan harakati uning oyog‘iga bolta urdi. Yurtimizdagi eng ko‘p va jamoaga ta’sir o‘tkaza oladigan muxlislarga qarata qilingan e’tiroz u erda kechirilmasligi kundek ravshan edi.
Samvel Babayan Elgujani garchi asosiy tarkibga qo‘yayotgan bo‘lsa ham bu qilmishiga ko‘z yuma olmadi. “Navbahor” muxlislariga uning qilmishini oqlagandan ko‘ra murabbiy yangi transferlarni amalga oshirib qo‘ya qoldi.
Lekin Grigalashvili borgan klub turnir jadvalida oxirgi o‘rinda ekanligini inobatga olsak, uning jamoa etakchisi bo‘lishiga shubha qilmaymiz.
4.Jasur Yaxshiboev “Legiya” (Polsha)dan “Navbahor”ga
Xorijdagi faoliyatining oxirgi pallalari ko‘ngildagidek chiqmagan Jasur Yaxshiboev yurtimizga qaytdi. Qaytganda ham o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan klubga.
Yaxshiboevning muxlislari etarli. U stabil o‘ynamasa ham nomi chiqqan futbolchilardan. Qolaversa, uning eng katta yutug‘i EChLda “Real”ga gol urgan. Jasurga xorijda to‘plagan tajribasi “Navbahor”ga qanotlar va hujumda as qotishi mumkin.
3.Jasur Jaloliddinov “Qayrat” (Qozog‘iston)dan “Lokomotiv”
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi sardori Qozog‘iston klubidagi o‘zgarishlardan so‘ng sobiq jamoasiga qaytdi. Yaqindagina Osiyo chempionatida porlagan futbolchi “Lokomotiv”ga juda paytida keldi.
“Termiryo‘lchilar” safida ijodkor o‘yinchi yo‘q edi. Endi esa bor.
2.Doston Hamdamov “Al-Sayliya” (Qatar)dan “Paxtakor”ga
“Paxtakor”dan vaqtincha ketib, yana shu jamoaga keladigan futbolchi. Sodiq. Uning xorijga yo‘l olishi ham oson, qaytishi ham.
Lekin shunisi aniqki, Hamdamov “Paxtakor”da har qanday murabbiyning uslubiga moslasha oladi. Shuning uchun Dostonning ikkinchi davrani “Paxtakor”da boshlashini faqatgina jamoaga foyda keltiradi, deyish mumkin.
1.Diyor Turopov “Lokomotiv”dan “Navbahor”ga
Yozda amalga oshirilgan eng yaxshi va jamoa hamda murabbiyga mos transfer. Diyor universal futbolchi. Ortga ham, oldinga ham o‘ynay oladi. Kurashuvchan, jangchi. Samvel Babayan xohlagan xarid.
Uning harakteri (maydondagi) qattiq. Shu boisdan “lochinlar” murabbiyi uni jamoada ko‘rishni istadi. So‘zsiz jamoa yozda tarkibga qo‘shib olgan eng yaxshi futbolchi, deyish mumkin.
Bekzod ISAEV tayyorladi
Fikrlar