
Superligadagi chempionlik, "Paxtakor"dan kelgan taklif va to‘purarlar poygasidagi imkoniyati haqida Silvanus Nimeli bilan katta intervyu!
Joriy mavsum kashfiyotiga aylangan "Surxon" jamoasi hujumchi Silvanus Nimeli ko‘plab ishqibozlar nazariga tushgani rost. SPORTS.uz sayti kuzatuvchilari uchun Liberiyalik forvard bilan katta suhbat uyushtirdik. Unda, uning karerasi, o‘zbekcha so‘zlayotgani va "Paxtakor"ga o‘tishi mumkinligi boraisdagi fikrlari bilan tanishasiz.
Silvanus Nimeli nima uchun O‘zbekiston variatini tanladi? Unda bir nechta takliflar bor edi-ku?!
- To‘g‘ri, menda bir nechta takliflar bor edi. Shunga qaramay, meni doim futbolchi sifatida o‘sishim, yangi darajaga ko‘tarilishim ko‘proq qiziqtirgan. Agentim "Surxon" varianti bor ekanligini aytib menga qo‘ng‘iroq qilganida, bu men kutgan jiddiy chorlov ekanligini tushundim. Jamal Akaev (agenti) yaxshi inson va o‘z ishining ustasi. U bilan tanlov oldidan maslahatlashib oldik. Ko‘p o‘tmay, "Surxon" bosh murabbiylari bilan suhbatlashdim. U nima bo‘lgan taqdirda ham menga ishonishi va yordam bermoqchi ekanligini aytdi. Professional futbolchi uchun ko‘mak qo‘lini cho‘zishga tayyor murabbiylarning jamoada bor ekanligi juda muhim. Aynan shu omillar sababli "Surxon"ni tanladik. Ko‘rib turubsizki, adashganimiz yo‘q.
Bu erga kelayotganingizda O‘zbekiston futboli haqida nimalarni bilar edingiz? O‘zbek futboli haqidagi qaysi fikrlaringiz to‘g‘ri chiqdi, qaysi fikrlarda adashdingiz?
- O‘zbek futboli haqida juda ko‘p bor eshitganman. Sababi, ko‘plab do‘stlarim Osiyo qit’asida to‘p surgan. Ular menga bir necha bor bu qit’aga ko‘chib o‘tishimni, shu erda professional kareramni davom ettirishimni taklif qilishgan. Yosh bo‘lganim bois, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni afzal ko‘rganman. Faoliyatim davomida ko‘plab mamlakatlarda to‘p surdim. Etarlicha tajriba to‘pladim. O‘zimni bu chaqiruvga tayyor ekanligimni his qilgach, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qildim.
Moskvaning "Spartak" klubida to‘p surgan chog‘larim, Oston O‘runov jamoaga kelib qo‘shildi. U maydonda shunchaki fantastik o‘yin namoyish etar edi. Aynan shu sababli O‘zbekiston futbolini sekin-asta kuzatishni boshlaganman.
"Surxon" klubi safida ajoyib mavsum o‘tkazmoqdasiz. Siz bilan "Paxtakor" qiziqib qolganidan xabaringiz bormi? O‘zbekistondagi rejalaringiz qanday? Mamlakatimiz yoqdimi yoki birinchi imkon bo‘lishi bilan uni tark etmoqchimisiz?
- Chempionat tugashiga bir nechta o‘yin qoldi. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Barcha futbolchilar singari men ham, jamoam va o‘zim uchun eng yaxshisini ilinaman. Bizda yaxshi murabbiylar shtabi mavjud. Oldindagi barcha bahslarda g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
"Paxtakor" "Nasaf", "Navbahor" va "Neftchi" singari yaxshi va juda katta jamoa. Menimcha, har qanday yosh futbolchi uchun bunday jamoada to‘p surish orzu. Menga hali, "sherlar"dan tushgan taklif borasida hech kim hech narsa aytgani yo‘q, ammo bu futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Menga, Superliga manzur keldi va O‘zbekistonda o‘zimni yaxshi his qilyapman. Hozir bor e’tiborimni chempionatni a’lo darajada yakunlashga qaratganman. Bosh maqsad "Surxon"ga qo‘limdan kelganicha yordam berish! "Uchar tulporlar" bilan yana bir yillik kontraktim bor. Bu omil men uchun juda muhim. Avvalroq aytganimdek, futbolda nima bo‘lishini oldidan bashorat qilish mushkul. Shunga qaramay, hozir "Surxon"da futboldan lazzat olyapman. Bu sportichining hayotidagi eng muhim omillardan biri!.
Hozir Superliga avjiga chiqmoqda. Qaysi jamoani chempionlik uchun imkoniyatlarini yaxshi deb o‘ylaysiz?
- Darhaqiqat, ichki birinchilik o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirgan. Jamoalar finishga yaqinlashgani sari, o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etishga harakat qilmoqda. "Paxtakor" hozir turnir jadvalini boshqarib bormoqda, ammo oldinda o‘yinlar ko‘p. Jamoalarning jadvaldagi o‘rniga nazar tashlar ekansiz, kimnidir oldindan chempion deb atashning imkoni yo‘q. "Navbahor", "Nasaf" oxirigacha "jang" taklif etishiga shubham yo‘q. Nima bo‘lishini yana 4-5 turdan keyin bilib olamiz.
O‘zbekiston futbol muxlislari haqida fikri qanday?
- Muxlislik a’lo darajada. Menga, "Surxon" jamoasining ishqibozlari juda ham yoqadi. Ular o‘yinlarda bizni doim qo‘llab-quvvatlab turadi. Ishqibozlarning jamoamiz natijalarida tutgan o‘rni beqiyos.
Til borasida muammolar yuzaga kelmayaptimi? Qanday o‘zbekcha so‘zlarni yodlab olishga ulgurdingiz?
Bu borada muammo yuzaga kelgani rost. Sababi, bu tilni birinchi marotaba eshityapman. Shunga qaramay, jamoamizda deyarli barcha rus tilida so‘zlasha oladi. Men 5 yil Rossiyada to‘p surganimni hisobga olsak, hech qanday muammo yo‘q. Hozirda, o‘zbekcha so‘zlarni ham o‘rganib boryapman. Sekin-asta o‘zbekcha tushunishni va oz-oz bo‘lsada so‘zlashishni boshlasam hayron qolmang. Bu til men uchun juda qiziq. Shu bois, unda erkin so‘zlashishni istayman. Allaqachon ( qalaysiz? rahmat, yaxshi) bir nechta so‘zlarni o‘rganib oldim va muomalada ishlatyapman.
Bugungi o‘zbek futboli haqidagi fikringiz qanday? Biz rivojlanyapmizmi yoki regress ko‘zga tashlanyaptimi?
O‘zbek futboli rivojlanmoqda deyish adolatdan bo‘ladi. Sababi, hozir 4 ta klubimiz Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etmoqda. Bu har qanday chempionat uchun a’lo darajadagi natija. Agar adashmasam, so‘nggi bor bunday xolat 2016 yilda sodir bo‘lgan edi...
Ayni damda, "Superliga"dagi o‘zini hayron qoldirgan 3 ta futbolchi kim ekanligini sanab bering?
Bu erda iqtidorli futbolchi juda ko‘p. Hozir tuzadigan uchligimda ularning yo‘qligi, kuchsiz futbolchi ekanligini anglatmaydi. Shunga qaramay, savolingizga javob beraman.
Birinchi bo‘lib asosiy darvozabonimiz - Artyom Patapovni e’tirof etgan bo‘lar edim. Uning o‘z ishini a’lo darajada bajarishi hech kimga sir emas. Shuningdek, eng tajribali hujumchi - Dragan Cheranni ham ro‘yxatga kiritaman. U zo‘r yigit va 36 yoshda ekanligi maydonda hech ham sezilmaydi. Uchlikni Oston O‘runov yakunlab beradi. U juda ham iqtidorli. Unda, mamlakatingizni eng zo‘r futbolchisi bo‘lib etishish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
"Surxon"dan joriy mavsumda nima kutsak bo‘ladi?
Barcha ko‘rib turganidek, "Surxon" o‘yindan-o‘yinga ochilib bormoqda. Bugungi darajaga erishish uchun mavsum boshidan beri mehnat qilib kelyapmiz. Hozir ham, har kuni mashg‘ulotlar chog‘ida borimiz beryapmiz. Intilish evazigacha qaerga qadar etib borish mumkinligini bilmoqchimiz. Bunday yosh jamoada progress va xatolarning bo‘lishi tabiiy. Har bir o‘yinda ishqibozlarni xursand qilish uchun harakat qilyapmiz.
To‘purarlar poygasida ishtirok etyapsiz. Bu poygadagi imkoniyatlaringizni qanday baholaysiz?
Cheran va Xebay hisobida 11 ta gol mavjud. Bu juda yoqimli natija, biroq hozir bor e’tiborim maydondagi harakatlarimda. Agar bu masalada so‘z borsa, imkoniyatlarim yomon deb o‘ylamayman. Barchasi qolgan o‘yinlardagi natijalarga bog‘liq.
Liberiyada O‘zbekiston haqida bilishadimi? U erdagi do‘stlaringizni yurtimiz haqida nimalarni aytib berdingiz?!
Albatta. Men oila a’zolarim va do‘stlarim bilan bu masalada juda ko‘p suhbatlashaman. Ular O‘zbekistonni nafaqat futbolda, balki boshqa sport turlarida ham juda kuchli ekanligini yaxshi biladi. Bu juda qiziq va yoqimli hikoya.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi
Fikrlar