Superligamizda birorta g‘alaba qozona olmagan mutaxassisni "Spartak"da kutishayotganiga nima deysiz?!

  • 7 sentabr, 2020, 18:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali Viktor Kumikovning “Andijon”dagi faoliyati muvaffaqiyatsiz chiqqani o‘zi uchun ham ajablanarli tuyulgan bo‘lsa kerak. Chunki u klubdagi murabbiylik ishi davomida birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va shu holatda “Andijon”ni tark etdi.

Tecno

Ammo Viktor Balyutovichning xizmatiga hamon jiddiy klublardan qiziqishlar bo‘lib turibdi. Bu borada gap ketganda unga Nalchikning “Spartak” klubi taklif bilan chiqdi. Kumikov sports.uz muxbirining “Andijon”dagi faoliyati va klubni tark etishi bilan bog‘liq haqidagi savollariga javob berar ekan, yangi taklif borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Viktor Balyutovich, “Andijon” klubidan ketishni o‘zingiz xohladingizmi?

- Ha, “Andijon” klubini tark etishni o‘zim xohladim. Chunki jamoada ko‘p narsa o‘zgarib ketdi: ta’sischilar, rahbariyat...shu bois u erdan o‘z ixtiyorim bilan ketishni xohladim. Kayfiyatim esa joyida.

- Klubda yangi rahbariyat ish boshladi va endi moliyaviy muammolar kamayishi kutilmoqda. “Andijon”da qolishingiz ham mumkinmidi? Yoki ular bilan fikringiz bir joydan chiqmadimi?

- Jamoada nafaqat rahbariyat, balki rivojlanish yo‘li ham o‘zgardi. Ular oldingidan farqli ravishda yo‘nalishni, strategiyani, umuman hamma narsani o‘zgartirib yuborishni rejalashtirdilar. Xususan, tarkibda ko‘proq yoshlar o‘ynashini ham hal qilishga kirishdilar. Qisqasi, “Andijon”dagi hamma shart-sharoitlar tubdan o‘zgarib keta boshladi. Shu sabab ketdim.

- Afsuski, klub tarixida birorta ham o‘yinda g‘alaba qozona olmagan murabbiyga aylandingiz va bu hol sizning faoliyatingizda ham ilk bor yuz berdi. Bu xususida nima deya olasiz?

- Mening vazifam jamoani jarlikdan olib chiqib ketish edi. Biz bunga harakat qildik. Agar klubning o‘yinini kuzatgan bo‘lsangiz, biz deyarli barcha raqiblar bilan tengma-teng kurashdik. Jumladan, chempionat musobaqasining dastlabki to‘rtligidagi jamoalarga qarshi o‘yinlarimiz ham shiddatli kechdi. Ustiga-ustak, uchrashuvlarimizni ko‘pincha safarda o‘tkazishimizga ham to‘g‘ri keldi. Bu holat ham yakuniy natijalarga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Futbolda esa uyda qadrdon devorlar ham yordam beradi, degan gap bejizga aytilmagan. “Andijon” esa o‘z uyida sanoqli o‘yinlarni o‘tkazdi xolos. Nima bo‘lgan taqdirda ham aytishim mumkinki, biz qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Kim ham maydonga yutqazishni xohlab chiqardi?! Shuning barobarida tarkibda ko‘plab o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Umuman aytganda, qo‘limizdan kelgancha to‘p surdik. Boz ustiga pandemiya sharoitida mashg‘ulotlarni ham to‘laqonli o‘tkazishning iloji bo‘lgani yo‘q. Shu vaziyat ham ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.

- Sizningcha, “Andijon”ni ikkinchi davrada nimalar kutmoqda? Klub Superligada qolishga qodirmi?

- Ularda aniq muayyan vazifaning o‘zi yo‘q. Yuqoridagilar bizga klubni saqlab qolish kerakligi haqida gapirishdi xolos. Agar mana shunday vazifa oldindan qo‘yilganida yuqoridagilar hamma ishni butunlay boshqacha yo‘nalishda olib borgan bo‘lishardi.

- “Andijon” bosh murabbiylikka Davron Fayziev bilan Aleksandr Xomyakovning nomzodini ko‘rib chiqdi. Ammo muzokaralar o‘xshamadi. Bundan xabaringiz bormi?

- Xomyakov rad javobini beribdi. Lekin buni muhokama qilishni xohlamagan bo‘lardim. Chunki klubdan ketib bo‘ldim. Bu endi ularning muammosi. Bosh murabbiy lavozimiga kimni xohlashsa o‘shani tayinlashaveradi. Xomyakovning rad javobini berganiga kelsak, aftidan u aniq vazifa qo‘yilmagani tufayli taklifni qabul qilmagan ko‘rinadi. O‘zini hurmat qiladigan har qanday murabbiy moliyaviy shart-sharoiti yaxshi bo‘lmagan jamoada ishlashni istamaydi. Bunday vaziyatda aniq vazifalar qo‘yilishi ham dargumon. Bunday jamoalarga faqat endigina murabbiylikni boshlagan mutaxassislar kelishlari mumkin xolos. O‘z navbatida mana shunday mutaxassislar shartnoma talablarini o‘zgartirishga harakat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi.

- Keyingi rejalaringiz qanday?

- Hozircha mening oldimdagi aniq reja – bu uyimga, Rossiyaga qaytib ketishdan iborat. Bori shu xolos.

- Aytishlaricha, Nalchikning “Spartak” klubini boshqarishingiz mumkin ekan. Shu gaplar rostmi?

- Ha, shunday taklif bilan menga chiqishdi. Buni 100 foiz ishonch bilan ayta olaman. Bunga shubhalanmasangiz ham bo‘ladi.

- “Spartak-Nalchik” siz ishlagan sobiq klubingiz shundaymi?

- Albatta, shunday, adashmadingiz. Garchi taklif 100 foizli bo‘lsa ham hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q. Avvalo borishim, “Spartak” rahbarlari bilan hammasini muhokama qilib olishim kerak. Shundan keyin bu kabi savolllarga to‘liq javob berishim mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!