Superliganing birinchi davrasida qaysi klublar murabbiylarni almashtirdi? Iste’fo sababi nimada?

  • 17 iyul, 2022, 17:47
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada birinchi davra allaqachon yakunlangan. Yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib futbolimizga oid ma’lumotlar, maqolalar va materillar berib boramiz.

Ikkita o‘yinni inobatga olmasa chempionatimizning birinchi davrasiga belgilangan o‘yinlar o‘tkazildi. Ammo birinchi davraning o‘zidanoq murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatganlar ham bor. Ayni paytga kelib 5 ta klub bosh murabbiyni o‘zgartirdi.

Birinchi iste’fo 

Shuhrat Maqsudov “Bunyodkor”

Shartnoma muddati - ko‘rsatilmagan

Jamoaga kelgan vaqti - 2021 yil, 3 mart

Jamoadan ketgan vaqti - 2022 yil, 11 may

IMG_1062

Superliga 8-turida “Bunyodkor” o‘z maydonida “Metallurg” bilan durang o‘ynadi. Oradan 3 kun o‘tib klub matbuot xizmati jamoa murabbiyi o‘zgarganini ma’lum qildi.

6-turda “Olimpik”ka yutqazgan “Bunyodkor” klub tarixidagi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyatga uchragan edi (1:5). Mazkur muvaffaqiyatsizlikdan keyin klub rahbariyati murabbiylar shtabi oldiga “Navbahor”ga qarshi navbatdagi bahsda g‘alaba qozonish vazifasini qo‘ydi. Garchi Namanganda mag‘lubiyatga uchralgan bo‘lsa-da, mezbonlar bilan bellashuvda “qaldirg‘ochlar” mazmunli o‘yin va munosib qarshilik ko‘rsata olganlaridan kelib chiqib, murabbiylar shtabiga yana imkoniyat berilgandi. Biroq 8-turda “Metallurg” bilan kuch sinashgan “Bunyodkor” yana muhim ochkolarni boy berdi. Uchrashuvdan so‘ng klub rahbariyati tomonidan murabbiylar shtabida o‘zgarishlar amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, murabbiy Aram Ananyan va darvozabonlar murabbiyi Abdusattor Rahimov o‘z lavozimlarini tark etishdi. Shu kunga qadar bosh murabbiy assistenti bo‘lib ishlab kelgan Viktor Karpenko bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

IMG_1091

Ikkinchi iste’fo 

Predrag Rogan “Dinamo”

Shartnoma muddati - 1 yil

Jamoaga kelgan vaqti - 2022 yil, 8 yanvar

Jamoadan ketgan vaqti - 2022 yil, 20 may

IMG_1721

20 may kuni «Dinamo» qarorgohida klub rahbariyati hamda jamoa ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda jamoaning oxirgi turlarda qayd etgan qoniqarsiz natijalari atroflicha muhokama qilinib, klub bosh murabbiyi Predrag Rogan bilan do‘stona xayrlashilgani ma’lum bo‘ldi. Serbiyalik mutaxassis bilan birga uning yordamchisi Ivan Yevich bilan ham hamkorlik to‘xtatildi. «Dinamo» PFK hamda murabbiylar o‘rtasidagi shartnoma ikki tomonlama bekor qilindi.

Klub rahbariyati qaroriga ko‘ra, «Dinamo» jamoasi bosh murabbiyi etib shu paytga qadar klub sport direktori lavozimida faoliyat yuritgan Andrey Shipilov tayinlandi. Andrey Sergeevich bungacha «Paxtakor» murabbiylar shtabi va «Metallurg» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.

shipilov3

Uchinchi iste’fo 

Ilhom Mo‘minjonov “Neftchi”

Shartnoma muddati - 4 yil

Jamoaga kelgan vaqti - 2021 yil, 2 yanvar 

Jamoadan ketgan vaqti - 2022 yil, 2 iyul

photo_2022-05-23_10-06-32

"Neftchi" klubi 2022 yil Superliga uchrashuvlarida o‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalana olmay, ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchraganligi va turnir jadvalida oxirgi o‘rinlardan biriga tushib qolganligi, rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlay olmaganligi bois, jamoa bosh direktori Zohid G‘ofurov hamda bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilib, iste’foga chiqarildi.

"Neftchi"ning yangi bosh murabbiyi tojikistonlik Vitaliy Levchenko. UEFAning PRO litsenziyasiga ega mutaxassis 2005 yildan beri murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. “Neftchi”ni qabul qilishdan avval Dushanbening “Istiqlol” jamoasini boshqargan. 2021 yili Osiyo Chempionlar ligasidagi debyut mavsumida guruh bahslarida birinchi o‘rinni egallab, jamoasini 1/8 finalga olib chiqqan.

photo_2022-07-04_12-36-55

To‘rtinchi iste’fo 

Slavche Voyneski “Paxtakor”

Shartnoma muddati - 1 yil 

Jamoaga kelgan vaqti - 2022 yil, 11 yanvar 

Jamoadan ketgan vaqti - 2022 yil, 6 iyul

IMG_1883

Shimoliy makedoniyalik mutaxassis Slavche Voyneski bilan "Paxtakor" o‘rtasidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilindi. Klub va murabbiy o‘rtasidagi bitim ikki tomon kelishuviga ko‘ra shunday qarorga kelindi.

Bunday fikrga kelinishining sababi jamoaning Osiyo Chempionlar ligasida guruhda qolib ketishi qoniqarsiz, deb topilgan. Qolaversa, klub rahbariyati “sherlar”ning Superligadagi ishtirokidan ko‘ngli to‘lmagan. 

Shundan so‘ng iyun oyidan beri "Paxtakor"da sport direktori sifatida ishlab kelayotgan Maksim Shatskix jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Futbol bilan shug‘ullanishni "Paxtakor" futbol maktabida boshlagan Shatskix va klub o‘rtasida uch yillik shartnomaga imzo chekildi.

photo_2022-06-02_16-19-05

Beshinchi iste’fo 

Baxtiyor Ashurmatov “Qo‘qon-1912”

Shartnoma muddati  - ko‘rsatilmagan

Jamoaga kelgan vaqti - 2019 yil, 9 dekabr 

Jamoadan ketgan vaqti - 9 iyul, 2022 yil

photo_2020-09-27_18-40-55

Shu kunga qadar “Qo‘qon-1912” jamoasini boshqargan Baxtiyor Ashurmatov iste’foga chiqdi. Klub hamda murabbiy o‘rtasidagi bitim ikki tomonning roziligiga ko‘ra bekor qilindi.

Baxtiyor Ashurmatov 2019 yilning so‘nggida jamoa bosh murabbiyiga aylangandi. 2020 yilgi mavsumda qo‘qonliklar o‘z tarixidagi eng yuqori natijani takrorladi. Ashurmatov boshchiligidagi “shunqorlar” Superligada  5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ammo bu mavsum Ashurmatov boshchiligidagi jamoaning ishlari ko‘ngildagidek emasdi. Jamoa 13 o‘yinda 12 ochko jamg‘arib, xavfli hududda borayotgandi. Bu esa qo‘qonliklarni havotirga soldi va bosh murabbiy o‘zgarishi kerakligiga sabab bo‘ldi.

Shu kunga qadar murabbiylar shtabida ishlab kelgan taniqli mutaxassis Davron Fayziev jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi.

photo_2020-09-02_10-59-17

 

Bekzod ISAEV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!