
Superyulduzlarimiz, kamarga ko‘z tikkan nokautchilardan ehtiyot bo‘ling!
3 aprel kuni Toshkentdagi “Humo” arenasida tashkil etiladigan professional boks kechasida O‘zbekistonning eng kuchli charm qo‘lqop ustalari kuchli raqiblarga qarshi jang qiladi. Musobaqa dasturidan o‘rin olgan janglarning uchtasida o‘rtaga turli darajadagi chempionlik kamarlari tikilgan. Bu maqolamizni chempionlik janglarida qatnashadigan bokschilarga bag‘ishlaymiz.
Professional boks kechasining asosiy jangida Murodjon Ahmadaliev WBA va IBF yo‘nalishlaridagi jahon chempionligi kamarini ilk marotaba himoya qiladi.
Murodjon havaskor boksda katta tajriba to‘plagan. O‘z vaqtida Osiyo chempioni va vitse-chempioni, jahon chempionati kumush medal sohibi, Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan Ahmadaliev havaskor bokschilar havas qiladigan barcha turnirlarda shohsupaga ko‘tarilgan. Namanganlik bokschi havaskorlar o‘rtasida 47 ta g‘alaba va 17 mag‘lubiyat qayd etgan.
Yarim professional musobaqa – Jahon boks seriyalarida beshta jangdan uchtasida zafar quchib, ikki bor raqibga imkoniyatni boy bergan.
Professional boksga o‘tganidan keyin rekord darajadagi qisqa muddatda ikki chempionlik kamar egasiga aylandi. Buning uchun namanganlik bokschiga sakkizta jang kerak bo‘ldi. Barchasida qo‘li baland kelgan hamyurtimiz, oltita bellashuvda raqiblarini nokaut qildi.
Uning ikki kamariga da’vogarlik qilayotgan yaponiyalik Riosuke Ivasa professional boksga hamyurtimizdan o‘n yil oldin qadam qo‘ygan. 27 marta g‘olib chiqqan bokschi hisobida uchta mag‘lubiyat bor. Yapon bokschisi o‘zi muvaffaqiyat qozongan bellashuvlardan 17 tasida raqibini muddatidan oldin taslim qilgan.
Ivasa uch yil oldin filippinlik Ernesto Saulongg qarshi jangda IBF jahon chempionlik kamariga ega chiqqan edi. Biroq, o‘sha yilning o‘zida, birinchi himoya jangida irlandiyalik Terense Jon Doxeniga yutqazib qo‘ydi.
Mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Doxeni bitta muvaffaqiyatli himoyadan so‘ng, 2019 yilda AQShda tashkil etilgan WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun jangda mezbonlar vakili Daniel Romanga yutqazdi.
Roman ikki kamarini Murodjon Ahmadalievdan himoya qilgan jang 2020 yilning yanvarida AQShda o‘tkazildi. Ahmadaliev kuchli raqibni ochkolar hisobida engib, Daniel Romandan IBF kamariga qo‘shib, WBA chempionligini ham tortib oldi.
Mana oradan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tib, Ahmadaliev ilk himoya jangini o‘tkazmoqda. Ivasa ham o‘zi sog‘ingan kamarni qaytarish uchun bor imkoniyatini ishga soladi.
Havaskorlar o‘rtasida jahon va qit’a chempioni, Olimpiada finalchisi bo‘lganidan keyin yulduz darajasiga ko‘tarilgan Shahram G‘iyosov professional o‘rtasida o‘nta jangda g‘olib chiqib, WBA International kamari uchun kurashish imkoniga ega bo‘ldi.
Shahram o‘n raundlik jangda Meksika vakili Patrisio Lopez Moreno bilan kuch sinashadi. Raqib o‘ta xavfli. Chunki Moreno o‘zi zafar quchgan 28 ta bahsdan 20 tasida opponentlarini nokautga uchratgan. Aksariyat janglarini birinchi raunddayoq hal qilib qo‘ygan. To‘rtta mag‘lubiyatidan ikkitasi mintaqaviy chempionlik kamarlari uchun bo‘lgan janglarda qayd etilgan.
Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov uchinchi professional jangidayoq mintaqaviy chempionlik kamarini qo‘lga kiritish imkoniga ega. Engil vaznda WBA International kamari uchun bo‘ladigan 10 raundlik uchrashuvda hamyurtimiz tanzaniyalik Muhsin Kizota bilan kuch sinashadi. Afrikalik bokschi 11 ta g‘alaba va ikkita mag‘lubiyat qayd etgan. Muxlislarimiz bu jangda Hasanboyning imkoniyatini yuqori baholamoqda.
Bokschilarimizga janglarida omad tilaymiz!
Fikrlar