
"Surxon" 43 nafar sobiq futbolchi, murabbiy va xodim bilan hisob-kitob qildi
2023 yilning 6 yanvar sanasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Surxon" futbol klubini yangi investorlarga berish yuzasidan qaror qabul qildi va mazkur qaror asosida "Surxon" xususiy klubga aylandi.
Ammo bu jarayon oson kechmadi. Sababi "Surxon" klubining qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda ishchi-xodimlar bilan bog‘liq katta miqdorda qarzdorligi mavjud edi. Jumladan, 49 nafar futbolchi, murabbiy va boshqa ishchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagandi. Oqibatda ish Surxondaryo viloyati prokuraturasiga qadar etib bordi hamda klubning sobiq rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Liga, Assotsiatsiya hamda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda o‘tgan vaqt davomida futbolchi va murabbiylar manfaatlarini himoya qilib keldi. Bunda "Surxon" klubiga nisbatan qator taqiq va cheklovlar joriy etildi. Natijada bugungi kunga qadar futbol klubining tekshiruv xulosasida aniqlangan qarzdorligi bo‘yicha 43 nafar futbolchi, murabbiy va ishchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlar bajarildi. O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita qaroridan kelib chiqib, mazkur masala 16 iyul sanasiga qadar hal etildi.
Biroq yana 6 nafar futbolchi bilan bog‘liq masala ochiq qoldi. Shundan kelib chiqib, 19 iyul kuni Liga "Surxon" klubi rahbariyati, da’vogar futbolchilar, klubning sobiq rahbariyati manfaatlarini himoya qiluvchi vakillari, futbolchilar uyushmasi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda mazkur masala atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining hukmiga asosan aybdor deb topilgan "Surxon" klubining sobiq rahbariyati 43 nafar sobiq xodimlar bilan hisob-kitob ishlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Liga, Assotsiatsiya hamda Uyushma "Surxon" futbol klubi bilan bog‘liq ishni olib borishda FIFA nizomlari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari normalariga asoslandi. Qolgan 6 nafar futbolchi futbol klubida olib borilgan tekshiruv xulosasidan norozi ekanligini bildirdi. Endilikda ularning mazkur talabi asosida qarzdorlik miqdoriga qayta aniqlik kiritish zarurati vujudga kelmoqda.
"Surxon" klubining yangi rahbariyati o‘tgan davr davomida Liga tomonidan qo‘yilgan barcha talabni o‘z vaqtida va aniq amalga oshirib keldi. Shunga qaramay, Liga sobiq futbolchi va murabbiylar huquqlarini himoya qilib, klubga nisbatan qator sanktsiyalar qo‘lladi. Yuqoridagi holatga aniqlik kiritilguniga qadar ayni vaqtda Liganing "Surxon" futbol klubiga nisbatan e’tirozi mavjud emas. Yig‘ilishda mazkur masala Uyushma vakillari hamda futbolchilarga rasman ma’lum qilindi. Endilikda Liga O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasining 2024 yil 2 iyuldagi qarori ustidan "Surxon" futbol klubi tomonidan yozilgan apellyatsiya shikoyatining ko‘rib chiqilishida o‘z munosabati bilan ishtirok etadi.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar