
"Surxon"ga uch nafar ispaniyalik murabbiylar keladi. Klub jiddiy o‘zgarishlar arafasida
Chempionatda 7 ta g‘alaba va 4 bor durang qayd etib, 15 marta yutqazgan Termizning “Surxon” klubi 25 ochko bilan Superligada qolish vazifasini uddaladi. Holbuki, jamoa autsayderlar qatorida e’tirof etilgandi. Endi siz bilan biz butunlay yangilangan “Surxon”ni ko‘radiganga o‘xshaymiz. Nega deganda, kelasi yilga jamoaning rejalari boshqacha.
Yodingizda bo‘lsa, yaqinda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov xorijiy mehmonlar bilan birga Surxondaryoga tashrif buyurib, u erda futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini bergandi. O‘shanda mavsum tugaganidan keyin klub yangi homiyga o‘tishi haqida ham ma’lumot berilgandi. Shunga asosan ayni paytda “Surxon”ni har jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, klubning sport direktori sifatida ispaniyalik tajribali futbol menejeri Xuan Manuel Barosso ishga kirishgan. Uning oxirgi ish joyi “Rayo Valekano” klubi ekanligini qo‘shimcha qilmoqchimiz. Eshitishimizga qaraganda, Barosso o‘zi bilan birga ispaniyalik skautni ham olib kelgan va yangi mavsum uchun rejalar ishlab chiqqan holda tayyorgarlikni boshlagan. Asosiy tarkib uchun selektsiya ham olib borilyapti. Demak, jamoaga yangi ijrochilar taklif qilinadi. Bundan tashqari, evropalik legionerlarni ham “Surxon”ga taklif etish ko‘zda tutilgan va hozir bu borada muzokaralar boshlangan.
Yaqinda saytimiz orqali “Surxon” klubi murabbiyi Yorqin Nazarov bilan suhbat uyushtirgandik va o‘shanda bir hafta ichida keyingi taqdiriga oydinlik kiritilishi haqida gapirgandi. Bunga sabab aynan klubning yangi homiysining qanday rejaga ko‘ra ish ko‘rishini bilish muhim edi. Bundan shuni bilish mumkinki, jamoa bosh murabbiyi Bahrom Haydarovning ham hozirda klubda qolish yoki qolmasligi dargumon. Boisi, Xuan Manuel Barosso “Surxon”ga bosh murabbiy sifatida ispaniyalik mutaxassisni olib kelyapti. U yanvar oyida jamoada ish boshlaydi. Unga yana ikki nafar ispaniyalik murabbiy - biri jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha, yana biri bosh murabbiyga yordamchi sifatida jalb etiladi. Ko‘rinib turibdiki, “Surxon” jamoasi yangi mavsumda evropalik mutaxassislar qo‘liga topshiriladi. Ammo shuni ham unutmaslik lozimki, klubni Superligada olib qolishda Haydarov bilan Nazarovning mehnatlari katta bo‘ldi. Ular murabbiylar shtabida qoladimi-yo‘qmi, hozircha bunisi bizga qorong‘u.
Shu bilan birga klub strukturasi ham butunlay yangilanishi kutilyapti. Bilsangiz, jamoaning bazasi yo‘q. Shu sababdan Termizda asosiy jamoa uchun alohida baza hamda futbol akademiyasi ham qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Surxon” klubining yangi akademiyasi ochilishiga Ispaniya top-klubi akademiyalaridan birining olib kelinishi ham ko‘zda tutilgan.
Xullas, hozirgi paytda “Surxon” klubi atrofida shunaqa gaplar. Aftidan, rejalar katta va jamoani bosqichma-boskich top-klub darajasiga olib chiqishmoqchi. Albatta, buni qay darajada uddalay olishlarini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar