
Taniqli legionerimiz: Meni Anchelotti mashg‘ulotga jalb qildi!
Kuchli beshlik chempionatlaridan biri – Italiya ligalarida o‘ynagan birinchi o‘zbek futbolchisi Ilyos Zeytullaev hisoblanadi. Oradan yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tib, yana ikki nafar vakilimiz kuchli beshlik ligalariga qo‘shildi. Eldor Shomurodov uch yildan beri A Seriyada o‘ynayotgan bo‘lsa, Abduqodir Husanov yaqindagina Frantsiya vitse-chempioni “Lans” safidan qo‘nim topdi.
Ilyos Zeytullaev “RB Sport” nashriga intervyu berib, futbol ishqibozlarini qiziqtiradigan ko‘plab masalalarga oydinlik kiritib berdi.
Sports.uz portali ushbu intervyudan parchalarni o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.
- Siz boshidan asosiy tarkib bilan shug‘ullangansizku...
- Ha. Biz kelganimizda bosh murabbiy Karlo Anchelotti edi. U bizni mashg‘ulotlarga jalb qildi. O‘shanda Zinedin Zidanni hali “Real”ga sotib yuborishmagan edi. Keyin bosh murabbiylikka Lippi keldi. U bilan ham birinchi jamoada shug‘ullandik, misol uchun, uning nazoratida ikki tomonlama o‘yin o‘tkazganmiz.
- Hozir Budyanskiy va Kovalenko bilan aloqa qilasizlarmi?
- Ha, sobiq futbolchilarning guruhi bor. Yozishamiz, qo‘ng‘iroqlashamiz. Do‘stona aloqalarimiz saqlanib qolgan. Vitya futbolni erta tugatgan va hozir biznes bilan mashg‘ul. U futboldan 26-27 yoshida ketdi.
- “Yuventus” asosiy tarkibi bilan shug‘ullangangizda kim ko‘proq hayratga solgan?
- Paolo Montero — urugvaylik himoyachi. Maydonda u juda badjahl edi. Maydondan tashqarida esa, umuman boshqa odamga aylanardi. Hech esimdan chiqmaydi, biz bazaga ketayotgan edik. Yomg‘ir, ko‘cha loy edi. Mashinasida oldimizda to‘xtadi va olib borib qo‘yishini aytdi. Bizga noqulay bo‘ldi, shart emas, dedik. U bizni ko‘ndirdi. Yoshlarga juda yaxshi munosabatda edi. Hammasi mavqei va tajribasiga qaramay, odamiyligini yo‘qotmagan. Allesandro del Pero, Zinedin Zidan va boshqalar ham shunday edi.
- Del Pero bilan bunaqa voqealar bo‘lmaganmi?
- U bizga mashg‘ulotlarda juda ko‘p yordam berardi. Mashg‘ulotlardan keyin qolib, u bizga jarima zarbasini qanday tepish, oyoqni qanday qo‘yish usullarini o‘rgatardi. Hammasini xotirjam tushuntirardi, ovozini ko‘tarmas edi. “Yuventus” bir oila, der edi. Oilada hamma teng, yoshingni ahamiyati yo‘q. Sen jamoa a’zosimisan, xuddi shunday muamala qilishadi. “Yuventus”ning muhiti shunday bo‘lgan. Zidan ham o‘zini xotirjam va oddiy tutardi. Biror nima so‘rashi, qiziqib ko‘rishi mumkin edi.
- Eng g‘alati futbolchi kim bo‘lgan?
Davids. U haqiqatan g‘alatiroq edi. Har doim quloqchin taqib yurar va o‘zi bilan o‘zi ovora edi. U hammaga nisbatan o‘zini shunday tutardi. Xudbinroq edi, boshqalarga gap o‘tkazishga urinardi. Boshqalar haqida bunday deyolmayman.
- Marchello Lippi haqida nima deya olasiz?
- U har doim jamoaning kayfiyatini yuqori darajada ushlab turardi. “Yuventus”ning taqvimi har doim juda tig‘iz bo‘lardi va matbuot tinimsiz bosim qilardi. Mobodo durang o‘ynab qo‘ysak, hamma inqiroz va muammolar haqida bong ura boshlardi. Lippi har doim jamoadan bosimni olib tashlashga uringan. Jamoada katta professionallar yig‘ilganini bilardi. Bunaqa jamoada eng asosiy omil – psixologiya. Ularning hammasi futbol o‘ynashni biladigan yigitlar edi.
- Lipp qo‘l ostida Italiya kubogida debyut qilgansiz...
- Ha, o‘shanda xatto italyanchani tuzuk gapira olmasdim. U menga ikki-uchta gap aytdi, hammasi tushunarli bo‘ldi.
- “Yuventus” asosiy tarkibida ikkita o‘yin o‘tkazgansiz, ikkisi ham kubok doirasida bo‘lgan. Nega buncha kam?
- Siz kam deyapsiz, lekin men qanday qilib, asosiy tarkibda ikkita o‘yin o‘tkazishga erishdingiz, axir jamoa to‘la yulduzlar ediku, deb so‘ragan bo‘lardim. Menga shunday jamoada yarim daqiqa ham kifoya qilardi.
- Bu fikrga qo‘shilaman.
- Hozir bunga ishonish qiyin. Men maydonga buyuk yulduzlar bilan birga tushganman. O‘shandan keyin men ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydim va asosiy tarkibni ushlab qola olmadim. Ba’zan, ishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdim. Boshidagi ishtiyoqni yo‘qotib qo‘ydi. Keyin hayotimga o‘zgarishlar kirib keldi, Rossiyadan takliflar, pullar, deganday.
- Siz asosiy tarkibdagi ikki uchrashuvdan keyin yana yoshlar jamoasida o‘ynadingizmi?
- Ha. Keyin ham bir necha marta kubok o‘yinlariga borgandirman. Asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tadim, lekin ular bilan boshqa maydonga tushmadim. Joy topishim qiyin edi. U payt zaxiradan atigi uchta o‘yinchi tushirilardi. Tarkib yulduzlarga to‘la edi. Davids, Trezege kabi o‘yinchilar zaxirada o‘tirganida bizga yo‘l bo‘lsin.
Legionerimiz: “Bordo”, “Feyenoord”ga borganman, lekin meni “Yuventus” oldi!
Fikrlar