Legionerimiz: “Bordo”, “Feyenoord”ga borganman, lekin meni “Yuventus” oldi!

  • 20 avgust, 2023, 21:42
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuchli beshlik chempionatlaridan biri – Italiya ligalarida o‘ynagan birinchi o‘zbek futbolchisi Ilyos Zeytullaev hisoblanadi. Oradan yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tib, yana ikki nafar vakilimiz kuchli beshlik ligalariga qo‘shildi. Eldor Shomurodov uch yildan beri A Seriyada o‘ynayotgan bo‘lsa, Abduqodir Husanov yaqindagina Frantsiya vitse-chempioni “Lans” safidan qo‘nim topdi.

Tecno

Ilyos Zeytullaev “RB Sport” nashriga intervyu berib, futbol ishqibozlarini qiziqtiradigan ko‘plab masalalarga oydinlik kiritib berdi.

Sports.uz portali ushbu intervyudan parchalarni o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.

2001 yili Moskvadagi “Sportakademklub”ning uch futbolchisi – Ilyos Zeytullaev, Viktor Budyanskiy va Sergey Kovalenko “Yuventus” bilan shartnoma imzolaydi. Ular asosan yoshlar jamoasi uchun o‘ynagan bo‘lsa-da, asosiy tarkib mashg‘ulotlariga ko‘p jalb qilinar edi.

zeytullaev zidan

Ilyos Zeytullaev esa, asosiy jamoa tarkibida debyut qilib, mashhur murabbiy Marchelo Lippi qo‘l ostida Italiya kubogida ikkita uchrashuvda “Yuventus” sharafini himoya qilgan.

- Ilyos, siz Toshkent yaqinida tug‘ilgansiz. Hayotingizda futbol qanday paydo bo‘ldi?

- Otam bolalar murabbiyi bo‘lib ishlagan. Kichikligimdan meni o‘zi bilan mashg‘ulotlarga olib borardi. Avval-boshdan mashg‘ulotlarga va uchrashuvlarga borishga ko‘nikkanman va bular men uchun oddiy hol bo‘lib qolgan. Keyinroq o‘zim ham futbol bilan shug‘ullana boshladim.

- Siz murakkab davr – sobiq Ittifoq parchalagan yillarda ulg‘aydingiz...

- Ha, oson bo‘lmagan, albatta. Biz oiladi to‘rtta farzandmiz, ikki qiz va ikki o‘g‘il. Otam murabbiy, onam ingliz tilidan dars berardi. Qashshoqlikda yashaganmiz deya olmayman, lekin ba’zi narsalar cheklangan edi. Oddiy oila edik.

- Shunga qaramay, faoliyatingiz birdan avjiga chiqdi...

- Avvaliga Respublika Olimpiya zaxiralari bilimyurtiga kirdim. Keyinroq meni “Sportakademklub” vakillari payqab qoldi. Moskvaga ko‘chib o‘tdim. Ikki yilga yaqin o‘sha erda shug‘ullandim. U erga Sarsaniya tufayli borganman, u sport direktori edi. O‘zbek futbolchining Rossiya klubiga qo‘shilishi juda noyob voqelik edi. Xorijliklardan faqat men, Litva va Belarusdan yana bittadan futbolchi bor edi. Qolganlarning hammasi Rossiya va Ukrainadan bo‘lgan. Tabiiyki, omadim chopgan. Meni O‘zbekistondagi turnirlardan birida kashf qilishgan edi.

- Moskvaga juda yosh kelgansiz. Qiyin bo‘lganmi?

- Ha. Ta’tillarda hamma yigitlar uyiga ketardi, men Moskvada qolardim. O‘zbekistonga uchish qimmat tushardi. Maqsadim, futbolchi bo‘lib, oilamga ko‘maklashish edi. “Sportakademklub”da hashamatli sharoitlar yaratilgandi. Bazamiz Rossi terma jamoasi shug‘ullanadigan Novogorskda edi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahal bo‘lardi.

Qishda xorijdagi xalqaro turnirlarga borardik va katta klublar bilan o‘ynardik. Har doim yaxshi qatnashardik. Ana shunday turnirlarda xorij klublariskautlari bizni kuzatib borgan ekan.

- Sizga birinchi bo‘lib “Bordo” qiziqqan edi...

- Ha, bu 1999 yili bo‘lgan. Men 15-16 yosh edim. Frantsiyaga shug‘ullangani borganim esimda, klublar o‘zaro muzokara o‘tkazgandi. Menga u erda juda yoqqan. Yosh o‘yinchi uchun juda zo‘r sharoit yaratilgan. Men ikkinchi jamoa bilan ishlaganman, asosiy tarkib chempionatda yuqori o‘rinlarda edi.  O‘shanda birinchi marta xorij klubida qolishni istagandim. Futbol darajasi umuman boshqa ekanini o‘sha erda his qilganman. O‘yinchilar va ularning ishga munosabati yoqqan. Biroq, klublar o‘zaro kelisha olmagan. Keyin meni “Feyenoord”ga jo‘natishdi.

- O‘sha payt yolg‘iz bo‘lganmisiz?

- “Bordo”da bir o‘zim edim. Niderlandiyaga Budyanskiy bilan birga borganman. U erda Igor Korneev bor edi. Bizni kutib oldi, jamoaga olib keldi va biz shug‘ullana boshladik. Bir necha turnirlarda qatnashdik, lekin u erda qololmadik. Bular ko‘rik bo‘lgan xolos. Mos kelmaganmiz, shekilli. Shunlan keyin “Yuventus” varianti paydo bo‘ldi.

- Hozir bular hayratlanarli eshitilyapti.  Evropadan bunday kuchli qiziqish qaerdan paydo bo‘ldi? Qolaversa, sizlar Rossiyaning asosiy jamoasida bo‘lmagansizlar...

- O‘shanda “Sportakademklub” butun sobiq Ittifoq hududidan eng iqtidorli bolalarni to‘playdigan tizim sifatida reputatsiyaga ega edi. Bu erda yaxshi futbolchilar tarbiyalanayotganini hamma bilardi. Bu o‘yinchilarni mamlakatning top klublari va Evropa jamoalariga tavsiya qilishar edi. Bor e’tibor shunga qaratilgandi.

- “Sportakademklub”da eng iqtidorli o‘yinchi kim edi?

- Balki  Anatoliy Gerk bo‘lgandir. U keyinroq “Anderlext”ga ketdi. Lekin faoliyati kutilgandek rivojlanmadi. Aleksandr Pavlenko juda iste’dodli edi. Vitya Budyanskiy “Udineze” darajasigacha etib bordi. O‘z vaqtida uni Italiyada Pavel Nedvedga tenglashtirishardi.

- 2001 yili siz “Yuventus”ga keldingiz. 16-17 yosh bo‘lgansiz. Ko‘z o‘ngingizda nimalar ro‘y bergandi?

- Bu voqealardan to‘rt-besh yil oldin bu jamoa o‘yinchilarining plakatlari devorimda turardi. Endi ular bilan birga shug‘ullanyapman. Bu ro‘yobga chiqqan tushga o‘xshardi. Oddiy o‘zbek yigiti uchun buyuk klubga yaqin kelish, aqlbovar qilmas holat edi. Hamma narsa o‘z ahamiyatini yo‘qotgan edi va faqat keyingi mashg‘ulot haqida o‘ylardim.

Hammasi narsa yangicha, ish uslubi umuman boshqacha edi.  Bizning davrimizda yoshlar jamoasi murabbiyi Gasperini edi. Bunaqa murabbiyga avval duch kelmaganimni darrov tushunib etdim. Muhitdan har kuni bahra olardim. Bizni asosiy tarkib bilan shug‘ullanishga jalb etishganida atrofimiz blduzlar bilan to‘lib toshardi. Ularga qarab, tushimmi yoki o‘ngimmi, deb o‘ylardim.

- Gasperini o‘shanda endi murabbiylik faoliyatini boshlagan edi. “Yuventus” yoshlar jamoasi uning birinchi ish joyi. O‘shanda u qanaqa edi?

- Hozir ham aniq eslayman, o‘shandayoq u Italiya futbolidan o‘sib ketgandi. U hozir “Atalanta” qo‘llayotgan uslubni bizga singdirgandi. O‘sha paytlar hamma italyan murabbiylar Arigo Sakkidan o‘rnak olib, uning shablonlari bilan ishlardi. Gasperini o‘zining yo‘lidan bordi. Biz o‘shandayoq 3-4-3 yoki 4-3-3 sxemasida o‘ynardik. Ikki hujumchi bizning uch nafar himoyachiga qarshi o‘ynashga qiynalardi. Aksincha, raqibning ikki himoyachisi bizning uch hujumchimizga qarshi turolmas edi. O‘yinimizni ilg‘ab olish qiyin etdi.

Gasperini zo‘r strateg bo‘lgan. U har doim maqsad sari intilgan. Murabbiyga sening ishlaring yoki muammolaring qiziq emasdi. U faqat natijani ko‘zlardi. O‘yinchidan borini sug‘urib oladi.

Shuningdek, bizdan Rossiya va O‘zbekistonda qanday va qaysi metodikalar asosida shug‘ullanganimizni so‘rab olardi. Qaysi testlarni topshirganimiz haqida ma’lumot olardi. Bular unga qiziq bo‘lgan.

- Boshida italyan tilini bilmay qanday yashagansizlar?

- judo qiyin bo‘lgan. Onam o‘qituvchi sifatida kinoga borishni maslahat bergan. Tushunmasak ham, film ko‘rardik. Qo‘shimchasiga mahalliy sport nashrlarini o‘qiganmiz. O‘zim tushunmasam ham o‘qirdim. Sergey Kovalenko italyanchani tez o‘rganib oldi. Men Vitya bilan ancha uzoq  cho‘zildik. Bir yildan keyin men ham ko‘p narsani tushunib, yaxshi gapira boshladim. Klub ham o‘qituvchi bergandi.

zeytu

- Italiya o‘smirlari sizlardan nimasi bilan ajralib turardi?

- Biz futbol nuqtai nazaridan “och” holatda kelgandik. Bungacha hamma narsani faqat televizordan ko‘rgandik. “Yuventus”da o‘ynash maqsadning o‘zi bo‘lolmaydi. Bu orzu edi. Har bir mashg‘ulotta o‘zimizni ko‘rsatish uchun kurashardik. Italiyaliklar esa, biroz befarq edi. Tarkibga kirolmasa ham, oddiy qabul qilardi. Birinchi jamoa bilan mashg‘ulotga jalb qilinmasa ham ularga baribir edi. Agar meni Lippi Italiya kubogi doirasida o‘yinga jalb qilmasa, siqilib qolardim. O‘ylashimcha, bu holat menga yordam bergan. Shuning uchun ham men va Budyanskiy birinchi jamoa bilan ko‘proq ishlaganmiz.

Shomurodovning ustozi qaysi jamoa chempion bo‘lishini aytdi

Husanov jamoasi Chempionlar ligasi uchun ko‘p gol uradigan hujumchini olyapti

Shomurodov: Messiga hech qanday aloqam yo‘q! (foto)

Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!