
Taqdiri noma’lumligicha qolayotgan Meyson Maunt!
"Manchester Yunayted" "Chelsi" vakili Meyson Mauntni sotib olishga urinib ko‘rdi. "Qizil iblislar"ning 3-taklifi ham rad qilinganidan keyin ular yarim himoyachi uchun kurashdan chiqishi haqda xabarlar tarqala boshladi. Ammo sevimli insayderimiz bo‘lgan Fabritsio Romano mish-mishlarni inkor etib, MYu hali ham Mauntni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi uchun umid borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Manchester Yunayted"ning so‘nggi taklifi 55 million funt bo‘ldi (50+5 million funt). "Chelsi" esa umumiy 65 million funt istamoqda. Bu manchesterliklarning oxirgi taklifidir, ya’ni jamoa bundan ortiq to‘lamoqchi emas. Agarda "aristokratlar" rozi bo‘lsa, mazkur transfer amalga oshishi mumkin, lekin "qizil iblislar" umrbod kuta olmaydi. Sababi, klubning boshqa rejalari ham bor. Maunt esa "Manchester Yunayted"ga o‘tishga tayyor. O‘zi bu muammo oldinroq "Liveprul" bilan bo‘lgandi.
Bilasizki, "Liveprul" tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Yakuniga etgan mavsumni omadsiz tarzda o‘tkazgan mersisaydliklar bitta emas, balki bir nechta transferlarni amalga oshirishi kutilgandi. Hozircha jamoa bitta xarid bilan cheklanib turibdi, biroq ularning rejasida Bellingemni o‘z tarkibiga qo‘shib olish bor edi. 19 yoshli futbolchi uchun so‘ralgan summani to‘lay olmasligini sezgan "Liverpul" kurashdan chiqib ketdi va Jud "Real"ga o‘tdi. Shundan keyin klub Mauntning vaziyatini kuzatib bordi. Angliyalik yarim himoyachining narxi ham ularga qimmatlik qildi. Ha, hozir tarkibni kuchaytirish uchun katta pullar sarflanishi kerak bo‘ladi. Bizga buni "Arsenal" ko‘rsatib bermoqda. Bu narsani tan olgisi kelmayotgan "Liverpul" esa Meysonni sotib olmaslikka qaror qildi. Futbolchining o‘zi "qizillar" safiga borib qo‘shilishga rozi bo‘lgandi.
Shu joyida savol tug‘iladi, "Chelsi" nimaga Mauntni qo‘yib yubormayapti? Axir, u amaldagi shartnomasini uzaytirmasligi ma’lum bo‘lsa, ya’ni yarim himoyachi keyingi mavsum erkin agent sifatida jamoani tark etish ehtimoli yuqori. Shunday ekan, nimaga rahbariyat aynan unga kelganda qattiq turib olgani qiziq. Maunt uchun kurashda aytarli klub qolmadi. "Bavariya" uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi haqda mish-mishlar chiqdi, lekin myunxenliklar hali harakatni boshlamagan va nemis klubining 65 million funtni to‘lashiga hech kim kafolat bermaydi. Har holda klubga oldinroq, Xaverts qimmatlik qilgandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tez orada Mauntning agentlari va "Chelsi" rahbariyati uchrashuv o‘tkazib, futbolchining kelajagini hal qilishga harakat qiladi. Mana shu suhbatdan keyin ko‘p narsa hal bo‘ladi. Maunt qolmoqchi emas. Uning rejasi faoliyatini boshqa klubda davom ettirish. Bu narsa aniq, biroq tarkibni yangilayotgan londonliklar ozgina insof qilishi kerak.
Fikrlar