
"Tarkibdan ko‘ngil to‘q, hech kimdan hayiqmaydigan jamoa yig‘ilgan" yoxud "Qo‘qon-1912"ning taqdimoti qanday o‘tdi?
Bir necha yildan so‘ng Superligaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan "Qo‘qon-1912" jamoasi elitadagi ishtirokini ham boshlab oldi. Xabaringiz bor, jamoa ilk turda o‘z maydonida "Andijon" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Ikkinchi turda esa jamoa Farg‘onada "Neftchi"ga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuvdan avval esa "Qo‘qon-1912"ning muxlislari bilan uchrashuvi hamda yangi mavsum uchun taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir Qo‘qon shahar hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tdi va uni Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov boshlab berdi. Jumladan, shahar hokimi "Qo‘qon-1912" jamoasidagi o‘zgarishlar, tarkib va murabbiylar haqida fikr bildirar ekanlar, bo‘lajak mavsumda jamoamizdan katta narsa kutayotganlarini ma’lum qildilar. Shuningdek, Ma’rufjon A’zamovich O‘zbekiston bo‘layotgan islohotlar, futbolga berilayotgan e’tibor haqida alohida fikr bildirdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yil davomida "Markaziy" stadion to‘liq rekonstruktsiya qilindi. Stadion OFK talablariga javob beradigan darajaga keltirildi. Shuningdek, stadion oldida mashg‘ulotlar uchun ideal maydon ham qurib, bitkazildi.
Jamoa prezidenti Akramjon Mamadaliev so‘zga chiqib, birinchi navbatda Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovga minnatdorchilik bildirib o‘tdilar. Yangi mavsum oldidan "Qo‘qon-1912"dagi o‘zgarishlar, yangilangan tarkib va "Markaziy" stadionda olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, klub rahbari yangi futbolchilar haqida fikr bildirar ekanlar, yangi mavsumdan ulardan ko‘ngli to‘q ekanligini ma’lum qildilar.
"Qo‘qon-1912" rahbariyati Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovga jamoaning 10-raqamli libosini sovg‘a qildilar.
Shundan so‘ng tarkibga yangi kelib qo‘shilgan futbolchilarni tanishtirish marosimi boshlandi va ularga o‘z raqamlari topshirildi:
Rustam Nortojiev 1-raqam
Jasurbek Yoqubov 5-raqam
Alisher Salimov 6-raqam
Mirziyod Mirodilov 2-raqam
Shahzod Akramov 19-raqam
Muhammadanas Hasanov 22-raqam
Alisher Xayrullaev 17-raqam
Ahmed Kobena 71-raqam
Baxtiyor Qosimov 8-raqam
Jasurbek Xolto‘raev 14-raqam
Ayyubxon Muxtorov 33-raqam
Bosh murabbiy Bahrom Haydarov ham so‘zga chiqib, mavsumda olib borilgan ishlar, yangi mavsum oldidan rejalar borasida gapirdi. Yangi mavsum oldidan tayyorgarlik yaxshi olib borilganini ma’lum qildi. Jumladan, chempionatga puxta tayyorgarliklar olib borishda ko‘mak bergan shahar hokimi va jamoa rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Yangi mavsumda jamoa yaxshi natijalar erishish uchun maksimal harakat qilishlarini, muxlislarni doim xursand qilish uchun o‘ynashlarini ta’kidladi. Tarkibidagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirar ekanlar, yangi mavsumda jamoadan ko‘ngli to‘q ekanligini, "Qo‘qon-1912" yangi mavsumda hech kimdan hayiqmaydigan jamoa yig‘ilganini ta’kidladi.
So‘z yakunida Bahrom Haydarov barchaga minnatdorchilik bildirib o‘tdi va yangi mavsumda birgalikda Superligada yaxshi natijalarga erishishni maqsad qilganliklarini ma’lum qildi. Xususan, stadionning yoritish tizimi 2000 lyuksga chiqarilganini, yugurish yo‘lakchasi sun’iy chim yoritilgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Bu ishlar orqali stadion O‘zPFL talablariga javob beradigan darajaga etkazilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng jamoaning mavsum oldi tashkil etilgan yig‘inlar haqida fikr bildirdi.
Muxlislar bo‘lajak mavsumda jamoa bilan doim birga bo‘lishlarini, klub uchun yaxshi sharoitlar yaratib berayotgan shahar hokimi Ma’rufjon A’zamovichga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib o‘tishdi. Har qanday holatda ham muxlislar jamoa bilan birgalikda bo‘lishlarini ma’lum qilishdi.
"Qo‘qon-1912" jamoasi etakchi futbolchilaridan Iqboljon Malikjonov va Andro Giorgadze so‘zga chiqishib, yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirib, yangi mavsum oldidan jamoa yaxshi natijalar erishish uchun maksimal harakat qilishlarini, muxlislarni xursand qiladigan futbol ko‘rsatish uchun o‘ynashlarini ma’lum qildilar.
Fikrlar