Tashqarida qish, maydonda esa qaynoq haroratdagi o‘yin yoxud "Xorazm" va "Buxoro" uchun final!

  • 09.12.2025 20:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yilgi chempionatimiz yakuniga etdi, lekin to‘liq emas. Ayrim klublarimiz uchun hamon davom etmoqda. 10 dekabr sanasida “Buxoro” hamda “Xorazm” jamoalari pley-offning ikkinchi raundida to‘qnashishadi va yutgani ligada qoladi.

Tecno

Xabaringiz bor, pley-offning dastlabki raundida “Buxoro” ham, “Xorazm” ham penaltilar seriyasida “Mash’al” bilan “Qo‘qon-1912”ga mag‘lub bo‘lishdi. G‘oliblar ligada qolishdi va yutqazganlarda esa yana bir imkoniyat bor va bu imkoniyat ertangi o‘yinda yuz beradi.

Eng qizig‘i, pley-offning ikkinchi raundida yutqazgan jamoaga ligada qolish uchun yana imkoniyat bo‘ladi va bu oxirgisi. Mag‘lub jamoa Nukusda “Aral”ga qarshi so‘nggi bahsini o‘tkazadi va yutgani Superligada, yutqazgani pro ligada o‘ynaydi. Hozirgi qish faslida hech kim ortiqcha xarajat qilib, olis Nukusga borib, hal qiluvchi o‘yinni o‘ynashni istamasligi bor gap. Shundoq ham “Buxoro” va “Xorazm” ilk bosqichda imkoniyatni boy berdi va dam olishlarsiz yana ishlashda davom etishyapti. Ikkala klub ham ligada jon saqlab qolish masalasini 10 dekabr kuni hal qilib olishmoqchi.

O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqib, qahramonlik ko‘rsatishiga oz qolgan buxoroliklar bu yoqda ham pro ligaga tushib ketishiga bir bahya qolyapti. Maydonda qattiq jang kechsa kerak. “Xorazm” ham Superligada qolish masalasini ushbu uchrashuvda hal qilish uchun bor kuchini tashlaydi. Shu sababli qish faslida biz qaynoq haroratdagi o‘yinni ko‘rsak ajab emas.

Joriy yilgi Superligada “Buxoro” va “Xorazm” birinchi va ikkinchi davrada to‘qnash kelishdi. Dastlab “Xorazm” mezbonligidagi uchrashuvda 1:4 hisobi qayd etilgan bo‘lib, “Buxoro” o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. Ikkinchi davradagi uchrashuvda esa 1:1 natijasi kuzatilgan. Qizig‘i, ikkalasida ham jamoalar stadioni tayyor bo‘lmagani sababli boshqa arenalardan foydalanishgan.

Umumiy hisobda ushbu klublar chempionatimiz tarixida 16 marotaba kuch sinashishgan. “Buxoro”da 11, “Xorazm”da esa 4 g‘alaba bor. Faqat bir marta durang qayd etilgan va bu natija boya ta’kidlaganimizdek, ushbu mavsumning ikkinchi davrasida kuzatildi. To‘plar nisbati 37\17 buxoroliklar foydasiga.

“Xorazm” oxirgi marta “Buxoro” ustidan 2009 yilda g‘alaba qozongan. O‘shanda 1:0 hisobi qayd etilgan. Statistika bo‘yicha urganchliklar 16 yil ilgari  “Buxoro”ni yutgan. Bu safargi bahs oldingilaridan keskin farq qiladi. Chunki o‘rtaga Superliga chiptasi tikilgan. Bo‘lajak uchrashuvda durang ko‘rmaymiz, kimdir yutishi shart! Xo‘sh, kimning ko‘chasida bayram bo‘larkin? 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!