
Temurxo‘ja Abduxoliqov golni kimga bag‘ishlaganini aytdi
Superliga 6-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" o‘z maydonida "Bunyodkor"ni qabul qildi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan "Toshkent derbisi" mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan keyin "temiryo‘lchilar" matbuot xizmati g‘alaba goli muallifi Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan suhbat uyushtirdi:
- Avvalo, g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin haqida gapirsangiz.
"Tabriklar uchun rahmat. O‘z navbatida, klub muxlislari, shu erda ishlayotgan barchani, shuningdek, shu klub uchun qayg‘uradiganlarni ham g‘alaba bilan tabriklab qolaman. Ikki jamoa ham o‘yinni extiyotkorlik bilan boshladi. Dastlabki bo‘limda o‘z vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Ammo ikkinchi taymda tezkor gol urib, o‘yinning borishini o‘zgartirib yubordik. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin himoyada biroz sarosima bo‘ldi. Lekin himoyada yaxshi o‘yin namoyish qildik. "Bunyodkor"ni qarshi hujumda ushlashga harakat qildik. Asosiysi - uch ochko qo‘lga kiritildi".
- Jamoa g‘alabalar yo‘liga qaytayotganidan futbolchilar Mikael Sekeyraning uslubiga mos tushmoqda, desak bo‘ladimi?
"Albatta. Klopp "Liverpul"da sovrinlar qo‘lga kiritishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ldi. Sulsher ham bir necha yillar o‘tib, "Yunayted"da yaxshi jamoa shakllantirdi. Sabr qilish, moslashuv uchun vaqt berish kerak. Biz jamoa sifatida, Mikael Sekeyra esa murabbiy sifatida o‘sishga erishyapmiz".
- Golingizni chaqaloqqa bag‘ishladingiz. Bu kimga atalgandi?
"Bu Ulug‘bek aka edilar. Shu orqali uning tug‘ilgan kuni bilan tabrikladik. O‘yin paytida bu esdan chiqqan ekan. Jamoadoshlarimiz bilan golni shu tariqa nishonlashga qaror qildik".
Fikrlar