Terma jamoamiz Filippinga yo‘l oldi
Sohil voleyboli bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Filippinda o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
23 martdan boshlab, sohil voleyboli bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 20 ga yaqin davlat vakillari bilan birgalikda xalqaro mashg‘ulotlarga kirishdi. Yig‘in davomida hamyurtlarimiz Filippin, Yaponiya, Eron, Xitoy kabi mamlakat milliy terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishni rejalashtirgan.
Joriy yilning 2 aprelidan sohil voleyboli jamoalari Filippinning Nuvali shahri, Santo-Roza muzofotida tashkil etiladigan erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasidagi Osiyo voleybol federatsiyasining katta xalqaro turnirida o‘z ishtiroklarini boshlaydi.
Aytish lozim, “AVC BEACH TOUR” nomi bilan ataladigan mazkur musobaqa erkaklar va ayollar jamoalari uchun Osiyo va Olimpiya o‘yinlari yo‘lida muhim reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatli sanaladi.
Ayollar bahsida 20 ta mamlakat vakillari qatorida hamyurtlarimiz Zarnigora Asqarova/ Nozimaxon Jamolova juftligi g‘oliblik uchun kurash olib borsa, erkaklar jamoalari musobaqasida 24 ta juftlik qatorida terma jamoamiz a’zolari Dilshodbek Toliboev/Azamat Dauliboev va G‘olibjon Mustafoev/Nodirjon Alekseev bahslarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Osiyoning eng kuchli jamoalarini aniqlash yo‘lida tashkil etilayotgan xalqaro turnir musobaqalari 5 aprelga qadar davom etadi.

Fikrlar