Tezkor! Ikki legionerimiz muhim o‘yinni o‘tkazib yubormoqda
Ayni paytda Qozog‘iston chempionati 8-turidan o‘rin olgan "Aktobe" - "Ordabasi" bahsi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘tgan mavsum chempionlikni qo‘lga kiritgan shimkentliklarning joriy mavsum starti kutilganidek oson bo‘lmayapti. Jamoa etti o‘yindan so‘ng 12 ochko jamg‘argan holda 5-pog‘onani egallab turibdi. Chempion jamoa tarkibida O‘zbekiston terma jamoasining Bobir Abdixoliqov kabi kuchli hujumchi bor edi. Biroq Abdixoliqov Superligaga qaytdi. U hozirda "Nasaf" safida harakat qilmoqda.
O‘tgan mavsum "Navbahor" bilan chempionat bronza medalini qo‘lga kiritgan Jasurek Yaxshiboev joriy mavsumni "Ordabasi"da boshladi. Yaxshiboev jamoaga oson kirishib ketdi va hujumdagi asosiy figuraga aylandi. 26 yoshli hujumchi mavsumdagi barcha o‘yinlarda (7 ta) qatnashib, 3 bora raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi va bir sherigining goliga asisstentlik qildi - jami 482 daqiqa harakat qildi.

Ikkinchi turdagi "Atirau" bilan bellashuvni asosiy tarkibda boshlagan Shahboz Umarov 14-daqiqada jarohat olib, erta zaxiraga olingandi. Shundan so‘ng, legionerimiz hali to‘liq 90 daqiqa o‘tkazmayapti. 25 yoshli vinger 2024 yilgi mavsumda 6 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urdi - jami 252 daqiqa maydonda harakat qilgan.

Terma jamoamiz a’zolari Jasurbek Yaxshiboev va Shahboz Umarov "Aktobe"ga qarshi uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi. "Oq-ko‘klar" bosh shifokori hamyurtlarimizning holati haqida ma’lum qildi.
"Shahboz Umarov, afsuski, shamollab qolgani uchun o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Jasur Yaxshiboevga keladigan bo‘lsak, tizzasidagi patologiya tufayli ortga qaytishga qaror qilindi", - dedi Aleksandr Kim.



Fikrlar