
Timur Kapadze Antaliyada! Uning safardan ko‘zlangan maqsadi, terma jamoa, yordamchi murabbiylarni saqlab qolgani va Xusanov haqida
O‘zbekiston milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze ayni paytda Antaliyada bo‘lib turibdi.
Bu erda qator Superliga klublari yangi mavsum uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishyapti.
Kuni kecha “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvni kuzatish uchun kelgan Kapadze bilan biroz suhbatlashdik.
- Antaliya safaridan ko‘zlangan maqsadingiz qanday?
- Bilasiz, klublarimiz hozirda Antaliyada yangi mavsumga tayyorlanishyapti. Ularni ko‘rish uchun keldim. Tayyorgarlik jarayonlarini kuzatish va o‘yinlar bo‘yicha murabbiylar bilan gaplashib kim qanday vaziyatdaligini bilib boryapman. O‘zim ham ko‘zim bilan kuzatib, selektsiya qilib boryapman. Tushunib turibman, hozir jamoalar va futbolchilar maksimal formada emaslar. Deyarli har kuni ikki-uchta jamoamiz o‘ynayapti. Iloji boricha har bir uchrashuvga borib, ularni ko‘rib, qanday holatdaligini bilib, murabbiylarga o‘zim qiziqtirgan savollarni beryapman.
- Yaqinda terma jamoamiz ustozi sifatida Qatarda yig‘in o‘tkazib qaytdingiz. Bosh jamoamizdagi ishni qanday boshlab oldingiz?
- O‘zlaring ko‘rdinglar, hammasi tez yuz berdi. Vaqt ham tig‘iz edi. Birinchi vazifam tahlil qilish edi. Yig‘inga chaqirilgan futbolchilarni o‘zimizni belgilangan talablar bo‘yicha ko‘rib oldik. Bilasiz, mart oyida asosiy o‘yinlarimiz turibdi. Bu yig‘in men uchun foydali bo‘ldi. Chunki kirishib ketish va nimanidir to‘g‘rilash uchun vaqtimiz bo‘ladi va yana nimadir qo‘shish kerak bo‘lsa, buni ham qo‘shamiz. Umuman, men uchun foydali bo‘ldi. Hammasi joyida. Terma jamoamiz uchun yangi odam emasman. Yig‘inlarni ko‘rdim, kuzatdim.
- Katanetsning yordamchi murabbiylarini shtabingizda olib qoldingiz. Bu sizni qaroringizmidi?
- O‘zimni qarorim edi. Ular anchadan beri terma jamoada ishlashyapti. Qatar yig‘ini oldidan ham ular mashg‘ulotlar uchun programmalarni tuzishgan. Yig‘in davomida gaplashib, qanday va nima, savollar beraman. Chunki men mart oyidagi asosiy o‘yinlarni o‘yladim va deyarli vaqtimiz bo‘lmaydi, nimanidir o‘zgartirishga. Terma jamoadagi murabbiylar ham ancha mehnat qilishdi. O‘zlarini xohishlarini ham bildim. Futbolchilar bilan gaplashdim, o‘zim ham ko‘rdim. Deyarli barchasi joyida bo‘lganligi uchun shunday qarorga keldim.
- Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tgani terma jamoamizga ham foydali va uning ustozi sifatida nima deya olasiz?
- Juda xursand bo‘ldim, bu zo‘r. Barcha quvondi. O‘zbek futbolchisini jahonning eng yaxshi klublaridan biri taklif qilgani va bo‘lib ham Gvardiolaning o‘zi chaqirgani Abduqodirga berilgan baho deb bilaman. O‘ylaymanki, bu endi boshlanishi. Xusanovni salohiyati etarli. Uni bejizga olishmadi. Bizni futbolimizga ham katta plyus bo‘ldi, deb o‘ylayman. Agentlar yoki tanishlarimdan eshityapmanki, Angliyada yana boshqa o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarga e’tibor qaratilgan. Bu reklama uchun ham zo‘r. Abduqodir bundan keyin keladigan yoshlarga yo‘l ochib berdi.
Fikrlar