Timur Kapadze: "Manaman degan futbolchilar ham imkoniyatlardan foydalana olishmaydi"
Superliga debyutanti “Olimpik” amaldagi chempion – “Paxtakor” bilan uchrashuvda 1:1 hisobida durang qayd etganidan xabaringiz bor. O‘yindan keyin “olimpiyachilar” bosh murabbiyi Timur Kapadze taassurotlari haqida gapirdi.
"O‘yinni juda qiziqarli bo‘ldi deb o‘ylayman. Albatta, “Paxtakor” jamoasi bilan durang o‘ynash menimcha, bizning yigitlar uchun g‘alabaga teng. Yaxshi imkoniyatlarimiz bo‘ldi va balki g‘alabani qo‘lga kiritsak ham bo‘lardi. Baribir qaerdadir yoshlik qilishdi va imkoniyatlardan unumli foydalana olishmadi. Yoshlar shunday o‘yinlar orqali o‘sadi va keyingi uchrashuvlarda yaxshiroq harakat qilishadi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri, yomg‘ir masalasida mashg‘ulotlarni o‘tkazishimizda ozgina qiyinchiliklar bo‘ldi. Lekin yaxshi hozirlandik va “Paxtakor”ni ham o‘rganib chiqqandik.
“Paxtakor”ni yaxshi bilamiz, futbolchilari kuchli. Agar ularga pressing qo‘llamasak, vaziyatlardan unumli foydalanishadi. Raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha o‘ylagan rejalarimiz amalda o‘zini oqladi. “Paxtakor” keyin uzatmalarga o‘tdi va shu jihat bo‘yicha bizni biroz qiynadi. Natijada ularda imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda qarshi hujumlarda bo‘sh hududlarga ega chiqishdi. Umuman olganda, “Paxtakor”ning o‘yin uslubi o‘zgardi. 2-3 ta o‘yinlarini ko‘rdim, endi boshqacharoq futbol o‘ynashyapti. Oldin to‘p uzatmalar va kombinatsiyalar orqali o‘ynashgan bo‘lsa, endi hozirgi murabbiyning talablari boshqacha.
Menimcha, ikki ochko yo‘qotdik. Balki durang ham adolatlidir. Ammo bizda yaxshi imkoniyatlar yuz bergandi, faqat ulardan foydalanishda oqsayapmiz. O‘yin oxirlarida ham vaziyatlarimiz bor edi. Balki Cheran, Rashidov kabi tajribali futbolchilar bo‘lganida gol urishardi. Men yoshlarimizdan imkoniyatlardan foydalaninglar deb talab qila olmayman. Mana shunday o‘yinlar orqali kuchayishadi. Hattoki, manaman degan o‘yinchilar ham imkoniyatlardan foydalana olishmaydi. Butun uchrashuvni oladigan bo‘lsak, biz g‘alabaga haqliroq edik", - deydi Kapadze.

Fikrlar