
Timur Kapadze: "Men uchun terma jamoa begona emas. Bizga vazifa berildi va buni bajarishimiz kerak!"
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Dohaga etib kelib, jamoa bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi. "Oq bo‘rilar"ning yangi ustozi bo‘lajak o‘yinlar va rejalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Birinchi navbatda Srechko Katanetsga sog‘lik tilayman. Hammamiz Srechkoni oxirigacha olib borishini hohlardik. Ammo bu qo‘limizda emas, sog‘lik birinchi o‘rinda. Menga keladigan bo‘lsak, kecha rahbariyat tomonida meni nomzodim tasdiqlandi. Men uchun terma jamoa begona emas. Bu libosni ko‘p yillar davomida himoya qilganmiz. Bundan tashqari, ham murabbiy, ham yordamchi murabbiy bo‘lib ishlaganman. Shuning uchun, terma jamoa har doim men uchun ustun turgan.
Biz askarmiz. Bizga vazifa berildi va buni bajarishimiz kerak. Mana, keldik va birinchi kundan kirishib ketdik. Murabbiylar shtabi bilan ham, futbolchilar bilan ham gaplashdik. Ushbu yig‘in ajoyib o‘tadi. Yangi futbolchilar bor va ularni ham sinovdan o‘tkazamiz.
Bizda FIFA kunlarida muhim ikkita uchrashuv bor va unga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Oz muddat qoldi va eng asosiysi bolalar sog‘, formada kelishsin. Oldimizga JChga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu vazifani bajarishga harakat qilamiz. Buyog‘iga har bir o‘yin muhim, bosimi katta va qiyin bo‘ladi.
O‘ylaymanki, JChga chiqishga futbolchilarning mahorati ham, kuchi ham, qobiliyati ham etadi. Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim rol o‘ynaydi. Birgalikda biz katta kuchga aylanamiz", - dedi Kapadze.
Fikrlar