Timur Kapadze: "Qaerdadir kamchiliklarimiz ko‘zga tashlandi"

  • 2 mart, 2024, 00:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” – “Olimpik” (2:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Tecno

- “Nasaf” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Qiyin uchrashuv bo‘ldi. Noqulay ob-havo ikkala jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qildi. Anchadan beri o‘yin tonusimiz bo‘lmaganligi bugun bilindi. “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasida ikkita o‘yin o‘tkazgani uchun bizdan ko‘ra yaxshiroq sport formasida ekani bilinib turibdi. Chunki biz oxirgi o‘yinimizni Turkiyadagi yig‘inda o‘tkazdik. Kelganimizdan keyin ob-havo sababli o‘zimiz istagan o‘yinlarda o‘ynay olmadik. Aytganimdek, bugungi uchrashuvda ham havo o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Umuman olganda, yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Ikkala jamoa ham kurashdi. Keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Futbolchilarimiz yaxshi harakat qilishdi. Ha, qaerdadir kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Lekin borini berib kurashishdi.

- Hisobdan qoniqdingizmi?

- Albatta, qoniqmadim. Mag‘lubiyat hech kimga yoqmaydi. G‘alaba uchun kelgandik. Qanday gollar o‘tkazib yuborganimizni ko‘rib chiqamiz. Birinchi golni balki mahorat evaziga urishdi. Uchrashuvdan to‘liq xulosa chiqaramiz, keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- “Olimpik”da ikkita markaziy himoyachi jarohati sababli o‘ynamadi. Ularni yo‘qligi mag‘lubiyatga sabab bo‘ldimi?

-  Albatta, yo‘qotishlar bor. Nafaqat ikkita himoyachimiz, hujumchimiz ham bu uchrashuvda etishmadi. Ularni o‘rnida boshqa yigitlar yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Bu mag‘lubiyatga ularni yo‘qligini sabab qilmayman. Albatta, ular bo‘lganida yanada yaxshiroq bo‘lardi.

- Akbar Abdurasulov qizil kartochka oldi. Buni nima bilan izohlagan bo‘lardingiz?

- Raqib hujumini to‘xtatishda oxirgi vaziyatda shunga majbur bo‘ldi. Ikkala kartochka ham bir xil holatda ko‘rsatildi. Bu bo‘ladigan narsa. Balki, pozitsiyani to‘g‘ri tanlaganida bunday bo‘lmasligi ham mumkin edi. Qarshi hujumga chiqib ketayotganida va ikkinchisida raqib birga-bir vaziyatga ega bo‘layotganida ogohlantirildi. Bu vaziyatlarni ko‘rib chiqamiz. Bu faqat o‘yindagi epizodlar.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!