
Tokio-2020 ga 8 ta litsenziya qo‘lga kiritgan Para atletikachilarimiz tantanali kutib olindi
Xabaringiz bor 7-15 noyabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri Para atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi.
Dunyoning 122 ta davlatidan 1400 nafar sportchi qatnashgan ushbu musobaqada O‘zbekiston Para atletika delegatsiyasi har qachongidan ham muvaffaqiyatliroq ishtirok etdi. Vakillarimiz sayyoramizning etakchi para atletlariga qarshi munosib kurash olib borishdi va 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida kuchli o‘nlikdan joy olishdi.
Quvonarlisi, Dubaydagi jahon chempionati kelasi yil Tokioda bo‘ladigan yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar berishi bilan ham muhim edi. Yuqorida medallarga sazovor bo‘lgan 8 nafar sportchimiz Tokio-2020 da ishtirok etish huquqini beruvchi muhim litsenziyalarni ham qo‘lga kiritdi.
Bugun qahramon sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida rahbariyat, OAV xodimlari, ota-onalar, muxlislar va keng jamoatchilik vakillari katta shodiyona bilan kutib olishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Tokio Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilar 100 mln so‘m, terma jamoa murabbiylari esa 50 mln so‘mdan mukofot pullari bilan taqdirlanishdi.
Sportchilarimizni jahon chempionatidagi zafarli yurishida terma jamoamiz bosh murabbiyi Sardor Abduholiqovning ham hissasi bor. Shu o‘rinda biz tajribali mutaxassisning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
“Avvalambor bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga rahmat. Musobaqa davomida ularning bizga bildirgan ishonchi barchamizga kuch bo‘ldi. Bundan tashqari jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun bizga barcha sharoitlarni muxayyo qilgan Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbariyatiga ham bizni har tomonlama rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun rahmat aytmoqchimiz.
Endi oldimizdagi birinchi raqamli maqsadimiz – Tokio-2020 da ham munosib ishtirok etish. Yaponiyada har qachongidan ham yaxshiroq natijalar qayd etish uchue bor kuch va mahoratimizni ishga solamiz”, – deydi Sardorbek Abduholiqov.
Ta’kidlash kerakki, bu safargi Jahon chempionati Para atletikamiz tarixidagi eng yaxshi natija qayd etilgan chempionat sifatida tarixda qoldi.
Bundan tashqari ushbu jahon chempionatida sportchilarimiz bir qator rekordlarni ham qayd etishdi. Jumladan, uzunlikka sakrash bellashuvlarida Doniyor Saliev 7.44 metr natija bilan jahon chempionati rekordini yangiladi. Yadro uloqtirishda Safiya Burxanova (14.97 metr) hamda Bobirjon Omonovlar (14.03 metr) jahon chempionati rekordini o‘rnatishdi. Tajribali yadro uloqtiruvchimiz Husniddin Norbekov esa 2018 yil o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini naqd 1,30 metrga yaxshiladi.
Musobaqani bevosita Birlashgan Arab Amirliklarida turib kuzatib borgan O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev sportchilarimizning muvaffaqiyati bu birinchi navbatda mamlakatimiz rahbari, Muhtaram Shavkat Mirziyoevning e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasi deb aytdi.
“Para atletlarimizning jahon birinchiligida ko‘rsatgan matonatiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Ularning ko‘zlarida Vatanga bo‘lgan muhabbat jo‘sh urib turardi. Sportchilarimiz bilan musobaqa davomida har safar suhbatda bo‘lganimda, ularning barchasi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlashlari uchun borini berib harakat qilishlarini aytishdi. Ular 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 8 ta medalga sazovor bo‘lishdi hamda 122 ta davlat orasida kuchli o‘nlikka kira olishdi. Bu esa Para atletika tariximizdagi eng yaxshi natija sifatida tarixga kirdi.
Yuqorida qayd etilgan natijalardan ham bilish mumkinki, Paralimpiya sporti yurtimizda kundan-kunga ommalashib bormoqda. Eng asosiysi, sportga shaxsan davlat rahbari hukumat darajasida e’tibor qaratmoqda. Buning ortidan esa yaqin kelajakda jahon arenalaridagi natijalarimiz yanada yaxshilanadi”, – deydi Muxtorxon Tashxodjaev.
Quyida ushbu jahon chempionatida shoxsupaga ko‘tarilgan Para atletikachilarimiz bilan yana bir bor tanishib olishingiz mumkin:
Doniyor Saliev (uzunlikka sakrash) – Oltin
Safiya Burxanova (yadro uloqtirish) – Kumush
Elbek Sultonov (yadro uloqtirish) – Bronza
Bobirjon Omonov (yadro uloqtirish) – Oltin
Nozimaxon Qayumova (nayza uloqtirish) – Bronza
Timur Giyasov (balandlikka sakrash) – Kumush
Husniddin Norbekov (yadro uloqtirish) – Oltin
Bekjon Chevarov (uzoqlikka sakrash) – Oltin
Fikrlar