
Tokio-2020 Olimpiadasining marafon va sportcha yurish bahslari boshqa shaharga ko‘chdi
Kelasi yil Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining engil atletika sport turi dasturidan o‘rin olgan sportcha yurish va marafon bahslari Tokioda o‘tkazilmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yo‘nalishlardagi bellashuvlarga Sapporo shahri mezbonlik qiladi, deya xabar qilmoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi va Butunjahon engil atletika federatsiyasi vakillari o‘zaro kelishgan holda mazkur qarorga kelishdi. Bunga sabab sifatida XOQ Atletlar komissiyasi direktori Kristi Koventri Olimpiada payti katta ehtimolda Tokioda kuchli issiq bo‘lishi, bu esa atletlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq salbiy hodisalar yuz berishi mumkinligi keltirilmoqda.
Sapporo Yaponiyaning shimolidagi Xokkaydo orolida, Tokiodan 800 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bo‘lajak bahslarga “Sappori Odori Park” bog‘i mezbonlik qilishi belgilab qo‘yildi. Tabiiyki, yig‘ilish mobaynida musobaqa o‘tkaziladigan sana va vaqtlarga ham aniqlik kiritib o‘tilgan. Unga ko‘ra, mazkur bahslar quyidagicha taqvimda o‘tkaziladi:
6 avgust, 16:30 – erkaklar o‘rtasida sportchi yurish (20 km.);
7 avgust, 05:30 – erkaklar o‘rtasida sportchi yurish (50 km.);
7 avgust, 16:30 – ayollar o‘rtasida sportchi yurish (20 km.);
8 avgust, 07:00 – ayollar o‘rtasida marafon;
9 avgust, 07:00 – erkaklar o‘rtasida marafon.
Fikrlar