To‘lashboy Doniyorov: "Kareramda bir marta nokdaunga tushganman"

  • 29 may, 2019, 11:48
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

2000 yillar boshida havaskor boksda terma jamoa tarkibida dunyo ringlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan mohir bokschilarimiz bilan tanishmisiz?

Tecno

Ulardan biri, qator xalqaro turnirlar g‘olibi, Osiyo chempionatlarining ko‘p karra sovrindori, jahon chempionatlari va Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi”, “O‘zbekiston iftixori” ko‘krak nishoni sohibi To‘lashboy Doniyorov.

www.sports.uz nashri bokschi bilan suhbatni e’tiboringizga havola etadi.

- To‘lashboy aka, uzoq yillar terma jamoaning asosiy tarkibida bo‘lgansiz. Bunga sabab nima? Yoki raqobat u qadar yuqori bo‘lmaganmi?

- O‘zbekistonda havaskor boksda har doim kuchli raqobat bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Men -51 kg vazn toifasida faoliyat ko‘rsatganman. Meni vaznimda Dilshod Yo‘ldoshev, Rustam Rustamov, Ravkat Eraliev kabi xalqaro toifadagi va O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi maqomiga loyiq ko‘rilgan o‘ta kuchli bokschilar bo‘lgan. Lekin odam o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Mehnatdan hech qachon qochmaganman. Faqatgina mashaqqatli mehnatim evaziga uzoq yillar terma jamoadagi o‘rnimni saqlab turganman.

- Boksda texnik jihatdan ko‘p yangiliklar va o‘zgarishlar yuz berdi. 2000 yillar boshidagi bilan hozirgi kundagi boksimiz o‘rtasida qanday farqlar bor?

- O‘tgan 15-20 yil ichida o‘zbek boksida u qadar katta o‘zgartishlar bo‘lgani yuk. Texnik jihatdan kiritilgan elementar yangiliklarni hisobga olmaganda, katta farq sezilmaydi. Ta’kidlash kerak, jahonda havaskor boks shiddat bilan rivojlanib bormoqda, raqobat borgan sari jiddiy tus olyapti. Lekin O‘zbekistonda boks maktabi juda kuchli, u kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Uning ildizi va poydevori mustahkam, bu darajaga etishda har bir avlod vakillarining hissasi bor. Umid qilamanki, bokschilarimiz uzoq yillar dunyo ringlarida etakchilikni qo‘ldan berishmaydi.

- Eng esda qolarli janglaringiz qanday musobaqada va qaysi bokschilarga qarshi kechgan?

- Eng esda qolarli janglarim, shubhasiz 2004 yili Afina olimpiadasida bo‘lgan. Saralash bosqichidagi birinchi bellashuvimda filippinlik azaliy raqibim Violito Paylaga qarshi ringga chiqqanman. Bundan avval, Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlarida jang qilib, ikkisida ham imkoniyatni boy berganman. Afinada esa Paylaga umuman imkoniyat qoldirmadim, hatto ikkinchi raundda nokdaunga ham uchratdim va yakunda 36:26 hisobida zafar quchdim. Keyingi raqibim AQShlik Ron Sayler bo‘lgan. Sayler bu vaznda favorit sanalib, olimpiya chempioni bo‘lishi kutilayotgan edi. Biroq, men bor mahoratimni namoyish eta oldim va juda katta farq bilan 45:22 natijasiga ko‘ra Ronni musobaqadan chiqarib yubordim. Yorqin jang bo‘lgandi o‘shanda. Arenaga yig‘ilgan muxlislar o‘rinlaridan turib olqishlashganda, ko‘z yoshlarimni yashira olmaganman.

- Ba’zida bokschilar kuchli zarba o‘tkazib nokdaunga uchragach, muvozanatini tiklab, xatto jangni g‘alaba bilan yakunlashadi. Sizda shunday to‘qnashuvlar bo‘lganmi?

- Ha, shunday holat menda bo‘lgan. 2001 yili Turkiyada “A” klassdagi bokschilar o‘rtasidagi musobaqaning yarim finalida makedoniyalik Vali Mo‘min ismli bokschi bilan uchrashganman. Tan olaman, ko‘p raqiblarimning ismi hozirga qadar yodimdan ko‘tarilgan, Valini esa hech qachon esimdan chiqarmasam kerak. Raund yakunida yuzaga kelgan zarbalar almashinuvi vaqtida u meni jigarimga shu qadar kuchli zarba berdiki, nafasim bir muddat to‘xtab, qiyin vaziyatga tushib qoldim. O‘shanda meni gong qutqargan. Tanaffus vaqtida murabbiyim Lochin Qo‘chqorov bir daqiqa ichida meni o‘zimga keltirib, mohirona taktika yuritishi natijada ochkolar hisobida g‘alaba qozondim. O‘shanda kareramda uchragan yagona nokdaun bo‘lgan. Finalda esa ukrainalik bokschini 13:0 hisobida mag‘lub etib, xalqaro toifadagi sport ustasi normativini bajarganman.

- Jahon chempionatida ham, olimpiada o‘yinlarida ham ishtirok etgansiz. Ularga tayyorlanish jarayoni boshqa musobaqalarga tayyorlanishdan nimasi bilan farq qiladi?

- Haqiqatdan ham, jahon chempionati va olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni boshqalarinikidan tubdan farq qiladi. Muhim jihati shundaki, Respublika chempionatidan tortib, barcha turdagi xalqaro musobaqalar, qit’a chempionatlari, Osiyo o‘yinlari, xattoki jahon chempionati ham pirovardida olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Boisi, sport olamida erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori cho‘qqi, shubhasiz, olimpiada o‘yinlarining oltin medali hisoblanadi.

- Boks muxlislariga tilaklaringiz.

- Barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman. Boks federatsiyasi nomidan, barcha bokschilar, qolaversa, o‘zimning nomimdan oilaviy hotirjamlik tilayman. Bokschilarimiz hali uzoq vaqt davomida eng nufuzli musobaqalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etib, muxlislar ishonchini oqlashiga tilakdoshman.

Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!