
Husanov va Xolandning yo‘li ayrilishi mumkin...
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da o‘ynayotgani bois ko‘plab hamyurtlarimiz ushbu jamoaga muxlislik qilmoqda. Shuni inobatga olib, sports.uz portali “shaharliklar”ga oid yangilik va xabarlarni futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Evropa matbuotida “Barselona” kelasi yoz hujum chizig‘ini “Manchester Siti” to‘purar Erling Xoland bilan kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar tarqala boshladi.
Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar norvegiyalik forvardni jamoaning hozirgi to‘purari Robert Levandovskiga o‘rinbosar sifatida olib kelmoqchi. Gap shundaki, polshalik forvard samarali o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramay, uning yoshi o‘tib qolmoqda. 37 yoshli Robertning kelishuvi yozda tugaydi va hamkorlik uzaytirilgan taqdirda ham bir yildan ortiq muddatni o‘z ichiga olishi mumkin xolos.
Football Insider sayti bu borada “Siti” muxlislari uchun kutilmagan, lekin kataloniyaliklarga ma’qul keladigan ma’lumot tarqatdi. Manbaga ko‘ra, “Manchester Siti” Xolandni qo‘yib yuboradigan summa bo‘yicha bir to‘xtamga kelgan.
- Agar Kataloniya superklubi yozda Xolandni oladigan bo‘lsa, “shaharliklar” o‘z to‘purari uchun 172 million evro miqdorida badal puli so‘raydi, - deb yozdi Football Insider sayti.
Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti” o‘tgan yilgi inqirozdan keyin 2025 yilning ikki transfer oynasi davomida tarkibini qayta shakllantirishga katta urg‘u bermoqda. Klubdagi avlodlar almashinuvi yil boshida – 20 yanvar kuni jamoaga “Lans”dan Abduqodir Husanovning transfer qilinishi bilan boshlandi. Legionerimiz Manchesterga kelganida Xoland uni qo‘llab-quvvatlab yordam bergan futbolchilardan biri bo‘ldi.
“Shaharliklar” bu jarayonda Erling Xolandga o‘rinbosar, yordamchi va raqobatchi sifatida Bundesligada to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan Umar Marmushni olib kelgan.
Ekspertlar “Barselona” 25 yoshli norvegiyalik forvardni transfer qiladigan bo‘lsa, yaxshigina xarajatga tayyor turishi kerak. Chunki Xoland Angliya Premer-ligasida eng katta maosh oladigan o‘yinchi hisoblanadi. “Manchester Siti” o‘tgan yili u bilan hamkorlik shartnomasini 2034 yilning yozigacha uzaytirganida maoshini haftasiga 500 ming funt qilib belgilagan.
“Manchester Siti” ashaddiy raqib yulduzini olib qo‘ymoqchi
“Manchester Siti” rahbariyati jamoada avlodlar almashinuvini o‘tkazish jarayonida asosiy e’tiborini yosh va iqtidorli o‘yinchilarni olishga qaratmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “shaharliklar” nishoniga ashaddiy raqib – “Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi Kobbi Maynu tushgan.
Angliya terma jamoasiga kira olgan bu futbolchining xoridori ko‘p. Xususan, “Chelsi” anchadan beri Maynuni o‘z safiga chorlab kelmoqda. Bundan tashqari, da’vogarlar orasida “Tottenxem”, “Aston Villa”, “Everton”, “Nyukasl”, “Napoli” va “Roma” kabi klublar ham bor. Biroq “shaharliklar” markaziy yarim himoyachi uchun kurashishga tayyorligi aytilmoqda.
Transfer bo‘yicha ekspertlar 20 yoshli yarim himoyachi uchun kurashga Xosep Gvardiola ham qo‘shilganiga alohida e’tibor qaratdi. Chunki Manchesterning ikki klubi o‘zaro o‘yinchi oldi-berdi qilishi kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Xoland Angliyada Norvegiya rekordini o‘rnatdi
Angliya Premer-ligasining beshinchi turida “Manchester Siti” forvardi Erling Xoland “Arsenal” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 1:1 hisobidagi durang natijasini ta’minladi.
Bu 25 yoshli hujumchi uchun Angliya Premer-ligasidagi 91-gol sifatida qayd etildi. Erling APLda eng ko‘p gol urgan norvegiyalik futbolchi Ule Gunnar Sulsherga etib oldi va Norvegiya rekordini o‘rnatdi.
“Manchester Yunayted”da o‘ynagan Sulsher bu ko‘rsatkichga erishish uchun jami 235 ta uchrashuv o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan. “Manchester Siti” to‘purariga buning uchun 102 ta uchrashuv kifoya qildi.
Endi Xoland chempionat o‘yinlarida yana bitta gol ursa, Norvegiyaning APLda eng ko‘p gol urgan futbolchisi sifatida yaqqol rekordchiga aylanadi.
Turkiyani “yondirayotgan” Shomurodovni Italiyada qo‘msab qolishdi!
Husanovning o‘yinini ekspertlar qanday baholadi?
Tezkor: Jarohat olgan Husanovning ahvoli haqida dastlabki ma’lumot berildi
Shomurodov “qurbonlari” qatoriga yana bittasini qo‘shdi
G‘alaba kerak bo‘lsa, Husanovni o‘ynat!
Fayzullaev o‘tishi mumkin bo‘lgan 30 dan ortiq klub bor edi...
Fikrlar