"Tornado" taekvondochilari kim zo‘rligini ko‘rsatdi (foto)

BEPUL PROPAN
 

Janubiy Koreyada olimpiya sport turi - taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha "Chuncheon Korea open - 2017" chempionatida dunyoning ko‘plab mamlakatlardan eng sara sportchilar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan Toshkentdagi "Tornado" sport klubining besh nafar taekvondochisi musobaqa shohsupasiga ko‘tarildi.

"Tornado" jamoasi murabbiyi Ahror Asrorovning SPORTS.uz axborot portaliga ma’lum qilishicha, kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Jasur Mavlonov, Nazokat va Nafosat Rahimjonovalar barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Yoshlar o‘rtasidagi musobaqada Norakbar Bahromov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Kadetlar bahsida qatnashgan yosh taekvondochimiz Nozima Rahimjonova uchinchi o‘ringa loyiq topildi.

- Shogirdlarim qayd etgan natijadan mamnun bo‘ldim, - deydi Ahror Asrorov. - Yuqori nufuzli musobaqada olti nafar sportchi bilan qatnashdik va ulardan beshtasi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Klubimiz taekvondochilari musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rgani o‘z samarasini berdi.

Ertaga Nafosat Rahimjonova Olimpiya o‘yinlariga 20 reyting ochkosi beradigan "J-2" turnirida ishtirokini  davom ettiradi. 

Sportchilarimiz 9 iyun kuni Toshkent shahriga qaytib keladi.

SPORTS.uz axborot portali nufuzli turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan "Tornado" sport klubi sportchilarini tabriklaydi.

 

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!