«Tottenxem» Mikki van de Ven bilan yangi shartnoma bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishdi
«Tottenxem» himoyachisi Mikki van de Ven London klubida qoladi. Jamoa futbolchi bilan yangi, uzoq muddatli shartnoma borasida og‘zaki kelishuvga erishgan. Yangi bitimda maosh va moliyaviy shartlar yaxshilanishi ko‘zda tutilgan. Bu haqida jurnalist Fabrizio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar yangi shartnomaning asosiy bandlarini, jumladan, ish haqini oshirish masalasini ham kelishib olgan. «Shporlar» rahbariyati 24 yoshli niderlandiyalik futbolchini joriy transfer oynasida sotish variantlarini umuman ko‘rib chiqmagan, uni jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biri sifatida ko‘radi. Yaqin kunlarda shartnoma uzaytirilgani rasmiy e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mikki van de Ven 2023 yildan buyon «Tottenxem» sharafini himoya qilib kelmoqda. U bundan avval Germaniyaning «Volfsburg» klubida to‘p surgan.
O‘tgan mavsumda himoyachi 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va bir bor golli pas berdi. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 50 million evroni tashkil etadi.

Fikrlar