
"Turk jamoasidan taklif kutilmaganda bo‘ldi, Arda Turon klubga qo‘shilganimdan xursandligini yashirmadi" - legionerga aylangan Jahongir O‘rozov bilan suhbat
“Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi, Jahongir O‘rozov bundan buyon faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettiradi.
Aniqrog‘i, taniqli turk futbolining sobiq yulduzi Arda Turon bosh murabbiylik qilayotgan “Eyyuspor” O‘rozov bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Ushbu klub ayni paytda Turkiya birinchi divizionida ishtirok etadi.
Jahongir O‘rozov Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Jahongir yangi klubga ko‘chib o‘tganingiz munosabati bilan tabriklayman. Bundan barcha yurtdoshlarimiz ham xursand bo‘ldilar. Ushbu taklif qachon bo‘lgandi? Turk klubiga o‘tishingiz jarayonlari qay tarzda yuz bergani xususida gapirib bersangiz.
- Osiyo va jahon chempionatidan so‘ng ko‘plab mamlakatlardan takliflar kelib tushdi. Rossiya, Qozog‘iston, Qatar klublaridan chorlovlar bo‘ldi. Biroq muzokaralar oxirigacha etmadi. Turk jamoasidan taklif kutilmaganda yuz berdi. Aytishim kerakki, ushbu taklif menga ma’qul keldi. Natijada men “Eyyuspor” jamoasidaman.
- Yangi jamoangizdagi ilk taassurotlaringiz qanday va bu erga kelgach, oldingizga qo‘ygan maqsadingiz haqida ham to‘xtalsangiz.
- Jamoada meni juda iliq kutib olishdi. Maqsadim, bu klubda uzoq vaqt qolib ketmaslik. Niyatim Evropa jamoalaridan birida muvaffaqiyatli to‘p surish.
- Yangi jamoangizda turkiyalik taniqli sobiq futbolchi Arda Turon bosh murabbiy. U bilan ilk uchrashuvingiz qanday bo‘ldi? Ya’ni, suhbatda sizdan ko‘proq nimalar haqida so‘radi?
- Suhbatimiz unchalik uzoq bo‘lmadi. Professional murabbiyligi sezilib turibdi. Jamoaga qo‘shilganimdan xursandligini yashirmadi.
- “Eyyurspor”da qaysi raqamni tanladingiz va sizga qanday sharoitlar yaratildi? Qolaversa, nima uchun aynan 5 yillik shartnoma?!
- 44-raqamni tanladim. Hozircha klub bazasidan joy oldim. Sharoitlar a’lo darajada. Bu tabiiy hol. Evropada yosh futbolchilar bilan 5 yildan kam bo‘lmagan shartnomalar tuzilmaydi. Ularni maqsadi tarbiya qilib, katta klublarga sotish.
- Jahon chempionatidan so‘ng aslida ham legionerga aylanish rejangizda bormidi yoki barchasi to‘satdan yuz berdimi? Shuningdek, “Bunyodkor”ni tark etayotganingizda qanday his-tuyg‘ularni boshingizdan o‘tkazdingiz?
- Albatta, ketish rejamda bor edi. “Bunyodkor”ni tark etish esa oson bo‘lmadi. Lekin har bir futbolchining orzusi kuchli chempionatlarda to‘p surish.
- Ilk bor legioner sifatida Evropaga ketdingiz va sizdan katta mas’uliyat talab qilinadi. Bosimni engib o‘tish jarayonida bu holat sizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Yonimda menejerim bor. Har doim meni qo‘llab-quvvatlab turadi. “Bunyodkor” klubida ishlagan Shaxriyor aka hozirgi kunda men bilan birga hamkorlik qilyapti. O‘zining maslahatlarini ham ayamayapti.
- Oxirgi paytlarda turk klublari tomonidan futbolchilarimizga qiziqish ortib bormoqda. U erga borganingizda o‘zingiz ham bevosita o‘yinchilarimiz talab oshib borayotganini sezyapsizmi?
- Hozirgi paytda har bir davlatda futbol tez rivojlanyapti. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Yurtimizda ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar etishib chiqmoqda. Futbolchilarimizga e’tibor kuchayotgani skautlarni O‘zbekiston chempionatini e’tibordan chetda qoldirmaganidan deb bilaman.
- Bundan tashqari, “Eyyuspor” klubida taniqli futbolchi Rayan Babel ham to‘p surmoqda. U bilan tanishish qanday bo‘ldi va sizda qanday taassurot qoldiryapti?
- Babel o‘z ishining ustasi. Inson sifatida ham yoshlarga o‘rnak bo‘ladi. Yoshlarga juda ham xulq atvori yaxshi ekanligi ko‘rinib turibdi.
- Arda Turon qanday murabbiy ekan?
- Futbol oson o‘yin emasligini aytib o‘tdi. Maydonda har doim jangovar futbolni yoqtiradi.
- Qolaversa, Turkiyadagi boshqa hamyurtlarimiz bilan ham ko‘rishish imkoni bo‘ldimi?
- Otabek aka Shukurov bilan telefon orqali gaplashdim. Ammo hali ko‘rishishga imkon bo‘lmadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar