
“U shunday inson”. “Siti” futbolchisi 12 yilga qamalgan otasini ozod bo‘lishini kutmoqda!
Angliyaning “Manchester Siti” klubi futbolchisi Kalvin Fillips yaqinda kattagina intervyu berdi. Unda futbolchi ayni damda ozodlikdan mahrum etilgan otasi haqida batafsil to‘xtaldi. Futbolchining so‘zlari va otasi borasidagi fikri ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Mark Fillips narkotik moddalar sababli 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lib, ayni damda g‘arbiy Yorkshir qamoqxonasida hukmni o‘tamoqda.
“Uni 6 yil deganda ilk bor ko‘rgani bordim. Xuddi o‘rtada hech qanday muddat yo‘qdek. Xuddi u bilan hech qachon xayrlashmagandekman. Ha, biroz qarib qolibdi, ammo uni so‘nggi bor ko‘rganimdagidan o‘zgarib ketmagan. Dadam bilan uzoq suhbatlashdik. Rosa kulishdik. U men bilan faxrlanishini aytdi.
Yoshlik davrimizda otam doim bizni shaxsiy hayotimizga aralashmaslik uchun o‘zini chetga olgan. Aynan shu sababli yoshligimizda uni bor yoki yo‘q ekanligini sezmaganman. Katta bo‘lganim sari menga kamroq qo‘ng‘iroq qiladigan bo‘ldi. Keyinchalik, bizni umuman bezovta qilmay qo‘ydi. Bizni vaqtimizni va e’tiborimizni boshqa narsaga qaratishni istamadi. U farzandlarini shaxsiy hayotiga aralashib qolishdan bor kuchi bilan uzoq turadiganlar sirasiga kiradi.
Unga menga istalgan paytida qo‘ng‘iroq qilish mumkinligini takror va takror aytganimdan keyin ham 3 oygacha telefon qilgani yo‘q. So‘nggi bor borganimda yana bir bor telefon orqali men bilan bog‘lanishi mumkinligini aytdim, biroq hali-hamon qo‘ng‘iroq bo‘lgani yo‘q.
U mana shunday inson. Hech qachon dadam bilan o‘rtamizdagi munosabatda muammo bo‘lmagan. Uni ozodlikda bo‘lishini juda va juda istayman. Har kuni xotirjam uyda uxlashni, futbol uchrashuvlarini stadiondan tomosha qilishini orzu qilaman. Bu kunlarni ko‘rish uchun yana bir necha yil sabr qilishimga to‘g‘ri keladi.
Dadamga qamoqdan ozod bo‘lgach, unga g‘amxo‘rlik qilishimni, mashina va uy bilan ta’minlamoqchi ekanligimni aytdim. U esa bularning hech biri unga kerak emasligini aytdi. U shunchaki sayohat qilish va meni futbol o‘ynashimni stadionda tomosha qilishdan boshqa orzusi yo‘q ekanligini aytdi. Albatta, bu ishlarni amalga oshirish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman!".
Fikrlar