
Uch nafar ishongan bokschimizning mag‘lubiyatiga sabab nima bo‘ldi? Mutaxassislar javob berdi
Ayni kunlarda Tokioda Olimpiya o‘yinlari qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Hozircha O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida bitta oltin va bir bronza medal bor. Biroq, oldinda ba’zi sport turlaridan vakillarimiz o‘z chiqishlarini amalga oshiradi va o‘ylaymizki, yanada medallar soni oshadi.
Barcha bokschilarimizdan yaxshi natijalar qayd etishini kutgandi. Ammo, ba’zi ishongan vakillarimiz to‘rt yillikning eng muhim turniridagi ishtirokini erta yakunlashga majbur bo‘lishdi. Ayniqsa, Mirazizbek Mirzahalilov achinarli tarzda musobaqani tark etdi.
Shuningdek, Dilshodbek Ro‘zmetovdan ham umidimiz katta edi. Bobousmon Boturov ham imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Biz aynan ushbu uch bokschimizning mag‘lubiyatlariga sabab bo‘lgan omillar haqida boks olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Rustam Saidov – murabbiy
- Bilasizmi, kutilmagan voqealar ko‘payib ketdi. Albatta, yuqori darajadagi bosim, mas’uliyat va hayajon biroz xalaqit berdi. Bunday holat bizning vaqtimizda ham bo‘lgandi.
Askar Mamedov –sobiq bokschi
- Olimpiadada eng kuchlilar ishtirok etadi. Shunchaki, bokschilarimiz yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmagan.
Bobur Najmiddinov – murabbiy
- Mirazizbek Mirzaxalilov qarshisidagi raqibini har tomonlama mag‘lub etgandi. Biroq, hakamlarni mag‘lub eta olmadi xolos.
Dilshodbek Ro‘zmetov ishtirokidagi jangning birinchi raundida hakamlarni fikriga qo‘shilmagan bo‘lardim. U dastlabki raundni yaxshi o‘tkazgandi. Biroq qolgan ikki raundda u o‘z imkoniyati darajasida harakat qila olmadi.
Bobousmonga kelsak, u Makkormak bilan dastlabki to‘qnashuvidan ko‘ra, bu safar yaxshiroq harakat qildi. Ammo, bu etarli bo‘lmadi. Chunki britaniyalik bokschi haqiqatdan kuchli ekanligini isbotladi. Lekin ularni mag‘lubiyat bilan ayblamagan bo‘lardim. Chunki, kim ham Olimpiadaga mag‘lub bo‘lish uchun borardi.
Jalol Ahmedov – jurnalist
- Miraziz Mirzaxalilov o‘z uslubida jang olib bordi. Odatda u janglarida 1-raundda imkon berib, 2 va 3-raundlarda raqibini yanchib tashlar edi. Kurtga qarshi jang ham shunday bo‘ldi. Ammo, hakamlik faktori sabab imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, Mirazizda himoyada ham xatolar ko‘zga tashlandi.
Dilshod esa o‘z darajasida jang qilmadi. U Alfonsoni oldin ham mag‘lub etgan. Bu safar 1-raundda ham g‘alaba qozonganday ko‘rindi-yu, yana hakamlar raqibga bergach, ruhiyati tushib ketdi va keyingi raundlarda haqli tarzda mag‘lub bo‘ldi.
Bobousmon uslub jihatdan juda noqulay bokschi, shu bilan birga Makkormak ancha kuchli raqib edi. Bobousmon oldingi jangiga nisbatan yaxshiroq harakat qildi, lekin baribir daraja jihatidan Makkormak kuchliroq ko‘rindi.
Dilshod Mahmudov – murabbiy
- Mirazizbek Mirzaxalilovni jangida hakamalar g‘alabani shunchaki raqibga berib yubordi. Boksni tushunmaydigan insonlar ham buni anglaganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ilhom Hakimbekov – O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Farg‘ona viloyati mutasaddisi
- Miraziz 1- raundni haqiqatda yutkazdi. Lekin 2 va 3-raund raqibiga imkoniyat qoldirmagandi. Ya’ni, hakamlik Mirazizga pand berdi.
Bobousmon harakat qildi. Biroq,tan olish kerak, raqibi kuchli va texnikasi yuqori bokschi ekan.
Dilshod hali yosh va bu uning ilk Olimpiadasi edi. Nazarimda biroz tajriba kamlik qildi.
Mansur Muqimov – murabbiy
- Mirazizning raqibi juda tezkor ekan. U dastlabki raundlarda ushbu tezligi evaziga ochkolar to‘plab olishga ulgurdi. Qolgan ikki raundda Mirazizning yo‘llagan aniq zarbalari ham uni mag‘lubiyatdan qutqara olmadi. Ilk raunddanoq u faol bo‘lishi kerak edi.
Bobousmon juda mehnatkash bola. Lekin bu g‘alaba uchun kamlik qildi. Bobousmonda rang-baranglik yo‘q. Bir xil uslubda harakat qildi. Raqib esa bundan unumli foydalandi va samarali hujumlar bilan g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirib oldi.
Dilshodni raqibi esa, uni juda yaxshi o‘rgangan ekan. Bir so‘z bilan aytganda unga biroz tajriba etishmadi.
Husan Shirmatov – promouter
- Mirazizbek yaqqol g‘alaba qozongan edi. Hakamlar nega bunday qaror chiqargani tushunarsiz bo‘ldi.
Bobousmon juda kuchli raqibga imkoniyatni boy berdi. Klass borasida ham Makkormak Bobousmondan ustun edi.
Dilshod jangda ruhiy jihatdan imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Albatta, g‘alaba va mag‘lubiyat sportning bir qismi hisoblanadi. Qolgan bokschilarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Qudratillo Abduqahhorov – professional bokschi
- Bu borada biror fikr bildira olmayman. Hammasi Allohdan! Faqat shuni aytishim mumkinki, Olimpiadada texnikasi yaxshi rivojlangan, zarbasi kuchli, omadlilar yutadi.
Fikrlar
Бобоусмон минг чиранса хам, Маккормакни енголмаслиги аник ЭДИ! Дилшод эса рухий тайёр эмас эди. Дилшодни хаёлида бошка хаёллар бор эди-ёв! Фанат эса бирозгина тажрибасизлиги билиниб колди!