Ular gol urishni qoyillatdi yoxud debyut o‘yinidayoq qahramonga aylanganlar bor...

  • 2 avgust, 2021, 22:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Juma, shanba va yakshanba kunlari Superliganing 13-tur uchrashuvlari o‘tkazilganini yaxshi bilasiz.

Tecno

Shu tariqa, chempionatimizning birinchi davrasi yakunlandi. Ammo 6 avgustdan ikkinchi davra bahslari davom ettiriladi. Ungacha 5 iyuldan transfer oynasi ochilgan bo‘lib, bu muddat 31 iyulga qadar davom etdi.

Chunki, xabaringiz bor, 12-turdan keyin chempionatimizda yozgi ta’til e’lon qilindi. 12-turning oxirgi uchrashuvi 3 iyulda o‘tkazilgan bo‘lib, 30 iyuldan jamoalar 13-turda bellashishni boshladilar. Ungacha esa Superliga ishtirokchilari selektsiya ishlari bilan birga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bordilar. Klublar tarkibida esa o‘zgarishlar yuz berdi. Jamoalar o‘z safiga qo‘shib olgan aksariyat yangi o‘yinchilar debyutlarini o‘tkazishga erishdilar.

E’tiborlisi, yangi klubida ilk bor maydonga tushgan futbolchilardan ayrimlari debyut uchrashuvdayoq gol urishdi. Bu gollar esa jamoalarga ochko taqdim etishda juda asqotdi deyishimiz mumkin. Tushunib turgan bo‘lsangiz, mazkur maqola aynan 13-turda debyut o‘yinida gol urgan futbolchilarga bag‘ishlanadi.

Okvara Godvin Chika

Yangi nom, yangi futbolchi! “Mash’al” klubi oxirgi paytlarda Afrika qit’asidan bo‘lgan legionerlar bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ydi. Jamoa safidagi jamiyki xorijlik o‘yinchilar o‘sha yoqdan kelgan. Yozgi transfer oynasi ochilgan paytda muborakliklar nigerliyalik hujumchi Okvara Godvin Chikani taklif qildi. U 1997 yil 1 sentyabrda Nigeriyaning Abia shtatida tavallud topgan. Faoliyati davomida Nigeriya, Efiopiya, Seyshel orollari, Togo kabi chempionatlarda to‘p surgan. Chika “Mash’al” bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekdi.

godvin1

Chika 30 iyul kuni klubi bilan kelishuvga erishganligi rasman e’lon qilindi. Yangi jamoasiga qo‘shilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan yangi legioner shu kuni “Mash’al”ning “Surxon”ga qarshi uchrashuvida debyutini o‘tkazdi. O‘ziga 10-raqamni tanlagan hujumchi o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Avvaliga o‘yinning 47-daqiqasida “Mash’al”ning nigeriyalik boshqa bir hujumchisi Samuel Chigozi hisobni ochadi. 74-daqiqada mehmonlar hisobni tenglashtirgan mahalda mezbonlar hammasini yana boshidan boshlashiga to‘g‘ri keldi. Bu paytga kelib vaqt ham tobora o‘z qolayotgandi. Raqibning golidan 7 daqiqa o‘tgach, katta sahnaga 24 yoshli Godvin Chika chiqdi. U o‘zi uchun yaratilgan qulay imkoniyatdan unumli foydalandi va o‘ta qimmatli gol urib “Mash’al”ni hisobda yana oldinga olib chiqdi. Yakunda esa muborakliklar uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Hujumda nigeriyalik Chigozi bilan Chikaning tandemi “Surxon”ga qarshi uchrashuvda o‘zini oqladi va ikkala legioner “Mash’al”ning gollariga mualliflik qilgani e’tiborlidir.

Zabelin va Abdullajonov

31 avgust kuni Namangandagi “Navbahor” stadionida “Andijon” hamda “Turon” klublari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tdi. “Bobur arena”da yoritgich tizimi bilan bog‘liq muammo borligi sababli “Andijon” o‘z o‘yinlarini vaqtincha “Navbahor” stadionida o‘tkazib turibdi. “Turon”ga qarshi uchrashuv esa yangi vodiy derbisi nomi bilan bevosita bog‘liq edi. Bu o‘yinda g‘olib jamoa aniqlanmadi. Vodiy derbisida tomonlarning kuchlari teng keldi – 1:1.

Qizig‘i, jamoalarning gollariga debyutini o‘tkazayotgan futbolchilar mualliflik qildi. Uchrashuvning 38-daqiqasi o‘tib borayotgan mahalda “Turon”ga yaqinda qo‘shilgan yarim himoyachi Sunnatilla Abdullajonov qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga joylab hisobni ochdi. Bu o‘yinchi birinchi davrani “Bunyodkor” safida o‘tkazib, 8 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Abdullajonov joriy mavsumdagi ilk golini esa aynan “Turon” tarkibida kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Qizig‘i, u o‘z vaqtida “Andijon” safida ham to‘p surgan. Shuningdek, Abdullajonov “Qizilqum”, AGMK kabi klublarda ham faoliyat olib borgan.

zabelin

“Andijon” jamoasi ikkinchi bo‘limning 51-daqiqasida javob golini urdi. Klubga endigina qo‘shilgan legionerlar shu kuni yangi jamoasi safida debyutini o‘tkazdilar. Belaruslik Pavel Zabelin qanotdan oshirilgan to‘pni jarima maydoni ichida to‘xtatmasdan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Chiroyli gol! Yakunda uning goli "Andijon"ni mag‘lubiyatdan saqlab qolgani ma’lum bo‘ldi. Gapning ochig‘i, 26 yoshli hujumchi “Turon”ga qarshi uchrashuvni juda faol o‘tkazdi. U maydonning har bir qarich erida to‘p uchun yaxshi kurashdi va jamoasining muhim o‘yinchisiga aylandi. Natijada uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb aynan Zabelin e’tirof etildi. Mazkur o‘yinchi bungacha asosan Belarus chempionatida faoliyat olib borgan. Darvoqe, “Andijon” safida Zabelindan tashqari yana ikki nafar yangi legioner – Sovpel bilan Vasilev ham debyutlarini o‘tkazdilar. Ammo ularga qaraganda, Zabelin ancha faolligi bilan ajralib turdi.

Ibrohim Ibragimov

Yana bir bahs Bekobodda “Metallurg” – “Qizilqum” o‘rtasida o‘tkazildi. Ushbu o‘yinda maydon egalari raqibiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu kuni “Metallurg” safida yangi futbolchilardan 2001 yilda tug‘ilgan Ibrohim Ibragimov debyutini o‘tkazdi.

Iste’dodli yarim himoyachi o‘tgan yili va bu mavsumning birinchi qismini “Bunyodkor” safida o‘tkazib keldi. Yozgi transfer paytida  ushbu o‘yinchi “Metallurg”ga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tdi va 2024 yilgacha mo‘ljallagan shartnomaga qo‘l qo‘ydi. Kelajagi porloq ekanligi aytilayotgan ushbu o‘yinchi Ignatiy Nesterov qo‘riqlayotgan darvozaga shunday gol urdiki, buni hatto “Qiziqlum” darvozaboni tushlarida ham ko‘rib chiqsa ajab emas.

ibragimov

“Metallurg” safida birinchi rasmiy uchrashuvida maydonga tushgan 20 yoshli Ibragimov burchak zarbasini o‘yinga kiritgan paytda hech kim to‘p to‘g‘ri darvoza to‘riga borib tushishini kutmagan bo‘lsa kerak. Ibrohim esa zarbani amalga oshirgach, to‘p to‘g‘ri darvoza to‘ridan joy oldi. Bu vaziyatda Nesterov ham bu yosh futbolchining to‘pni burama tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘i darvozaga yo‘llashini kutmagandi. Bu gol o‘yinni bezadi, desak adashmaymiz. Shuni aytish kerakki, Ibrohim Ibragimov faoliyatidagi birinchi golini “Metallurg” safida kiritdi. Ammo bu gol jamoasini mag‘lubiyatdan qutqatib qolishiga etarli bo‘lmadi. Lekin bunday gol doim ham kiritilavermaydi...  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!