
Uning jamoasida qo‘rquv yo‘q, tajovuzkorlik bor yoxud Superligada 13-tur oldidan
Bugun Superligamizning 13-turi boshlanadi. 23 iyun kuniga qadar davom etadigan bahslar juda keskin va qiziqarli o‘tishi aniq. Xo‘sh, jamoalarning imkoniyatlari qanday?
19 iyun
20:00. “Andijon” – “Qizilqum”
Kuni kecha o‘zining yangi bazasiga ega bo‘lgan “Andijon” klubi bayramona muhit arafasida o‘z uyida “Qizilqum”ni qabul qiladi. Bilasiz, yaqinda navoiyliklarda bosh murabbiy o‘zgardi, Akmal Rustamov vaqtinchalik jamoani boshqarib turibdi. Maksim Shatskix va uning jamoasi oldiga esa qo‘yilgan vazifa bor va buning fonida albatta yutib, muxlislarini quvontirishi lozim. “Qizilqum” qanday qarshilik ko‘rsatarkin? Kuzatamiz.
20:00. “So‘g‘diyona” – “Xorazm”
O‘ziga o‘xshamayotgan “So‘g‘diyona” bu safar “Xorazm”ni qabul qiladi. Aytish lozimki, Hakim Fuzaylov boshchilik qilayotgan urganchliklar iliq taassurot qoldirishyapti va pro ligadan chiqqaniga qaramay, hozirda 14 ochko bilan 9-o‘rinda. Ivan Boshkovich jamoasi esa 10 ochko bilan 14-pog‘onada. “Xorazm” istalgan raqibiga ochiq va hujumkor futbol taklif qilmoqda. Muhimi, ular hech kimdan cho‘chimayapti. Faqat ijrochilik mahorati ustida yanada ishlashsa natijalar yaxshilanib boraveradi. “So‘g‘diyona” negadir kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmayapti.
20 iyun
20:00. “Neftchi” – “Buxoro”
O‘tgan turda safarda “Surxon” bilan 0:0 o‘ynagan “Neftchi”ning navbatdagi raqibi “Buxoro” sanaladi. O‘z navbatida buxoroliklar ham o‘tgan turda Samarqandda nominal mezbon sifatida “Andijon”ni qabul qilib 1:1 o‘ynadi. Tan olish kerak, “Neftchi” har tomonlama raqibidan kuchli. Lekin bu o‘yin oldidan faqat og‘izdagi gaplar. Amalda nima bo‘lishini esa ko‘ramiz.
20:00. “Mash’al” – Nasaf”
Qiziqarli derbi kutyapti. “Mash’al” Superligaga qaytgach, oxirgi paytlarda o‘zini o‘nglab oldi va 8-pog‘onaga ko‘tarildi. O‘tgan turda Qo‘qonda javobsiz 4 ta gol urgani “Nasaf”ga qarshi bellashuv oldidan “Mash’al” futbolchilarining kayfiyatini ko‘tarib yuborgani aniq. Hozircha Ro‘ziqul Berdiev jamoasi mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Voha derbisida muxlislar ikkiga bo‘linadi. Qiziq, bu gal “Mash’al”ning kuchi etarmikin?
21 iyun
20:00. “Navbahor” – OKMK
Turning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilayotgan “Navbahor” – OKMK bahsiga shubhasiz qiziqish katta. Ikkalasi ham yaxshi jamoalar va o‘zining an’analariga ega. Istalgan jamoa uchun Namanganda o‘ynash qiyin. Sergey Lushchan bu yil “Navbahor”ni boshqacha jamoaga aylantirganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Uning jamoasida qo‘rquv yo‘q, tajovuzkorlik bor. OKMKning kuchini esa bilamiz. Imkoniyatlar teng, o‘yindan keyin tabloda qanday hisob porlashini kuzatamiz.
22 iyun.
20:00. “Paxtakor” – “Qo‘qon-1912”
So‘nggi beshta o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrab kelayotgan qo‘qonliklarni oldinda yana bir og‘ir o‘yin kutyapti. Bahrom Haydarov jamoasi Toshkentda “Paxtakor” bilan bahs olib boradi. Chempionlik uchun kurashish yo‘lida ochkolarni jamg‘arayotgan “Sherlar” tabiiyki navbatdagi uchrashuvda ham favorit sanalyapti. “Qo‘qon-1912” ketma-ket beshta mag‘lubiyatdan qanday xulosa chiqarganiga ushbu turda guvoh bo‘lamiz.
22:00. “Sho‘rtan” – “Surxon”
“Sho‘rtan” Olmaliqda OKMK bilan 0:0 o‘ynab, g‘alabaga teng durangga erishdi. O‘zbekiston Kubogida esa “Aral”ni yirik hisobda yutib chorak finalga chiqdi. “Surxon” bilan uchrashuvda g‘uzorliklar chempionatdagi ikkinchi g‘alabasi uchun jang taklif qilishi aniq. Chunki klub baribir oxirgi o‘rinda va jon saqlab qolish yo‘lida ularga ochkolar juda zarur.
23 iyun
20:00. “Dinamo” – “Bunyodkor”
13-tur Samarqanddagi yana bir jiddiy o‘yin bilan yakun topadi. Mag‘lubiyatsiz odimlab, ikkinchi o‘ringa chiqib olgan “Dinamo” “Bunyodkor”ni qabul qiladi. O‘yin uslublari o‘xshash bo‘lgan ikkala jamoa o‘rtasidagi uchrashuv oxirgi daqiqagacha muxlislarni xayajonda ushlab tursa ajab emas.
Fikrlar