
Usmon Toshev nega Tojikistonda eng yaxshilarni taqdirlash marosimiga bormadi? Unga klublardan takliflar tushdimi?
Hamyurtimiz Usmon Toshevning Tojikistondagi faoliyati davom etyapti. Kuni kecha u erda ham xuddi biz kabi 2020 yil yakunlariga bag‘ishlab eng yaxshilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Ochig‘i, juda chiroyli tashkillashtirilganiga guvoh bo‘ldik.
Lekin Tojikistondagi eng muhim tadbirga mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyining ishtirok etmagani bizni hayron qoldirdi. Negaki, Usmon Qudratovichni marosimda uchratmadik. Natijada buning sababini bilish uchun Toshevga bog‘landik. Unga sizni eng yaxshilarni taqdirlash marosimiga taklif qilishmadimi, deya so‘raganimizda vaziyatga oydinlik kiritdi.
- Yo‘q, qanday taklif qilmasliklari mumkin? Faqat meni Toshkentda murabbiylar uchun kurslarim bor edi. Chunki bu erga kelib uchinchi modulni o‘tkazdim-ku. Kurslarni 20 dekabrdan boshlagandim, shu bois Tojikistondagi taqdirlash marosimida ishtirok eta olmadim.
Yil tugab, yangi yilga o‘tish arafasida turibmiz. Hamma yangi reja va maqsadlarni tuzmoqda. Toshevning Tojikiston termasi bilan keyingi rejalari qanday?
- Albatta, yanvar oyida terma jamoa bilan yig‘in o‘tkazmoqchimiz. Lekin yana yirik musobaqalar bekor qilinyapti. Bunga jahon va Osiyo chempionati misol. Shunga qaramay, yanvar va fevral oyida jamoani to‘plamoqchiman. Ularga rejani va kimlar kelishi kerakligi haqida ma’lumotni berganman. Shug‘ullanayotganimizda ham bizga o‘yinlar kerak. Shu bois o‘rtoqlik o‘yini qidiryapmiz.
Yana bir gap: oxirgi paytlarda Tojikiston matbuotida Usmon Toshevning mahalliy klublardan birini boshqarishi mumkinligi haqida eshitib qolyapmiz. Masalan, yaqinda uni “Xo‘jand” jamoasi bilan bog‘lashdi. Shuningdek, mamlakatning birinchi raqamli klubi – “Istiqlol”ga ustozlik qilishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar eshitildi. Bu qanchalik haqiqat? Usmon Qudratovich shu masalaga ham to‘xtaldi va murabbiyni ikkita joyda ishlashi borasida ham o‘z qarashlarini quyidagicha ifodaladi:
- “Xo‘jand”dan taklif? Yo‘q, bunday bo‘lmadi. Boshqa joyda ishlay olmayman. Chunki Tojikiston termasi bilan bandman. To‘g‘ri, O‘zbekistonda murabbiylar uchun kurslarni o‘tkazyapman. Lekin bu ham biroz qiyinroq. Agar boshqa mamlakatda ishlash kerak bo‘lsa, unda bu yanada qiyinroq, chunki parvozlar kerak. Bilasizmi, terma jamoada ishlash ham oson emas. Muammolar bor, turli xil futbolchilarni ko‘rishim, tekshirishim kerak. Bu katta ish jarayoni. Klubning ish grafigi boshqacha, terma jamoaniki boshqacha. Ikkalasini teng olib borish og‘ir. O‘zbekistonda ham murabbiy faqat terma jamoani boshqarishi haqida aytishibdi-ku. Agar ikkita joyda ishlasa bu qiyin. Klubni o‘ylasangiz, terma jamoa qolib ketadi. Agar termaga butun e’tiborni qarataman desangiz unda klubdagi ish qolib ketadi. Axir u erda har kuni ishlashingiz kerak. Bu borada ulgurmaysiz. Shuning uchun bittasida ishlash kerak. Men esa terma jamoada faoliyat olib boryapman. “Istiqlol”dan menga taklif bo‘lgani mish-mish bo‘lishi mumkin. Aytganimdek, ikkita joyda ishlash bizga to‘g‘ri kelmaydi. Terma bilan yig‘inga ketsam, bu yoqda klub qolib ketadi, - deydi Usmon Toshev.
Fikrlar