Usmon Toshev Ummon terma jamoasining kuchli va kuchsiz tomonlari haqida gapirdi

  • 4 yanvar, 2019, 12:08
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogidagi dastlabki uchrashuvini 9 yanvar kuni Ummonga qarshi o‘tkazishidan xabardorsiz. Endi barcha e’tibor birinchi turga qaratilishi shubhasiz. Chunki har qanday jamoa ham musobaqani g‘alaba bilan boshlashni istaydi. Shu sababli dastlabki o‘yin jamoalar uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda aytganda, 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston hamda Ummon terma jamoalari  o‘rtasidagi bellashuv biz uchun muhimlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan o‘yinga aylanadi. Qolaversa, bu Ektor Kuperning milliy terma jamoamizdagi birinchi rasmiy uchrashuviga ham aylanishini unutmaslik kerak. Murabbiylarimiz Ummon terma jamoasi haqida ma’lumotlar to‘plab, bo‘lajak raqibni sinchiklab o‘rganayotganiga shubha yo‘q. O‘z navbatida bo‘lajak raqibimiz ham Osiyo Kubogiga astoydil tayyorgarlik ko‘rayotganini aytish joiz. Ummon uchun ham birinchi o‘yin muhim bo‘lgani sababli terma jamoamizni o‘rganatayoganiga shubha yo‘q. Xabaringiz bo‘lsa, ular yaqinda yon qo‘shnimiz Tojikiston terma jamoasi bilan ikkita nazorat uchrashuvini o‘tkazib, har ikkisida ham ummonliklar g‘alaba qozonishdi. Ummonning raqib sifatida Tojikistonni tanlagani ham bejiz emas. Chunki O‘zbekiston va Tojikiston futboli bir-biriga yaqin. Tojikiston terma jamoasini esa hamyurtimiz Usmon Toshev boshqarishga kirishdi va Ummonga qarshi bellashuvlarda aynan Usmon Qudratovich bosh murabbiy sifatida tojiklarni maydonga boshlab tushdi. Bundan foydalangan holda Toshev bilan Ummon terma jamoasi haqida gaplashdik va suhbat davomida terma jamoamiz haqida ham gap bordi.

Tecno

- Usmon Qudratovich, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogidagi ilk o‘yinni Ummonga qarshi o‘tkazadi. Sizning boshchiligingizdagi Tojikiston esa ushbu raqib bilan ikkita o‘yinda ishtirok etdinglar. Ayting-chi, bugungi kundagi Ummon haqida fikringiz qanday?

- Ummon terma jamoasi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni o‘zimiznikilarga berdim. O‘yinning videoyozuvlari, raqibning qaysi futbolchisi ajralib turishi, kim qaysi pozitsiyada yaxshiroq o‘ynashi, umuman hammasi haqida gaplashib oldik. Bir so‘z bilan aytganda, Ummon musobaqaga tayyor. Biz bilan uchrashuvlarda ular bor kuchi bilan o‘ynashdi deb o‘ylamayman. Bellashuv shunday ruhda kechdiki, ummonliklar extiyotkor bo‘lib to‘p surishdi. Chunki ular jarohat olishdan qo‘rqishdi. Ammo futbolchilari bo‘ydor bo‘lmasa-da, chaqqon va hujumlarga tezkorlik bilan o‘tishadi. Ularning o‘yinida murabbiyning imzosi borligi ko‘rinib turibdi. Gollandiyalik Pim Verbek mahoratli, shu bois ummonlik futbolchilarga nimalarnidir o‘rgata olyapti. Ular bilan ikkita o‘yin o‘tkazgan bo‘lsak, ikkalasida ham raqibimiz musobaqaga tayyorligini ko‘rsata oldi. Lekin mening fikrim bo‘yicha, O‘zbekiston terma jamoasi ularga qaraganda kuchliroq. To‘g‘ri, hali o‘z terma jamoamizning biror-bir o‘yinini ko‘rganim yo‘q. Biroq futbolchilarimizning nomlariga qaraydigan bo‘lsak, men hammasini bilaman. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, yigitlarimiz individual tomondan ham kuchliroq. To‘g‘ri, bu – futbol va unda omad ham muhim rol o‘ynaydi. Agarda Ummonga qarshi bellashuvda biznikilar tezroq gol urib olishsa, terma jamoamizga yanada osonroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Fikrim aniq: O‘zbekiston Ummon qarshiligini engib o‘ta oladi. Ularning murabbiyi bilan gaplashganimda ham albatta O‘zbekiston terma jamoasi haqida suhbatlashdik. Ya’ni, Pim Verbek mening aynan o‘zbekistonlik ekanligimdan xabardor. Shuningdek, u Ektor Kuperga juda katta baho berdi va uni qattiq hurmat qilishi gaplaridan bilinib turardi. Buning ustiga O‘zbekistonda kuchli futbolchilar ko‘pligini ham alohida aytib o‘tdi. Shu bois Verbek jamoasi uchun O‘zbekistonga qarshi o‘yin qiyin o‘tishini o‘zi ham sezib turibdi. Pim Verbek asosiy o‘yin sifatida aynan biz bilan uchrashuvga katta ahamiyat qaratyapti, qolaversa, bu musobaqadagi birinchi o‘yin hisoblanadi. Verbek Ummonda bir yarim yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelyapti. Undan yaratilgan sharoitlar haqida so‘raganimda, hammasi yaxshi ekanligini aytdi. Bilasizmi, hattoki, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham Ummon futboli rahbarlari terma jamoaga faqat g‘alaba qozonishni asosiy vazifa qilib qo‘yyapti ekan. Masalan, biz bilan ikkita uchrashuv o‘tkazishgan bo‘lishsa, har ikkalasida ham Ummon futbolining barcha rahbarlari o‘yinni stadionda kuzatib borishdi. Shuning uchun Verbek boshchiligida Ummon bir nechta uchrashuvdan beri yutqazmay kelyapti. Lekin shunga qaramay, yuqoridagi fikrimda sobit qolaman: O‘zbekiston bemalol Ummon to‘sig‘idan o‘tishi kerak.

- Sizningcha, Ummon terma jamoasining kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?

- Kuchli tomoni, ular tezkorlik bilan hujumlarga o‘tishadi. Masalan, bizning darvozamizga urilgan gol ham tezkor hujum oqibatida amalga oshirildi. O‘shanda biz burchakdan to‘pni o‘yinga kiritgandik. Ammo ularning darvozaboni to‘pni egallab darhol jamoasining hujumini boshlab berdi va gol urishdi. Biz esa bunga hali tayyor emasdik. O‘yin davomida ham ularning harakatlari tezkor. Xo‘sh, Ummonning zaif tomoni nimada? Menimcha, terma jamoamiz ularga bosim o‘tkazsa esankirab qolishadi. Chunki ular shundoq ham O‘zbekistonning kuchli raqib ekanlinini bilishadi. Shunga mos ravishda biznikilar yanada ko‘proq bosim o‘tkazishsa ular nima qilishini bilmay qolishadi. Albatta, bu shaxsiy fikrlarim. Baribir ummonliklarning O‘zbekiston terma jamoasi oldida ozgina hayajonlari bor. Buning ustiga bu Osiyo Kubogidagi birinchi uchrashuv sanaladi. O‘ylaymanki, vakillarimizda tashabbus va imkoniyat katta.

- Yuqorida Ummonga qarshi o‘yinlar haqida terma jamoamizga ma’lumot berganingizni aytdingiz. Ularning o‘zlari sizga aloqaga chiqishdimi yoki bu borada o‘zingiz tashabbus ko‘rsatdingizmi?

- Axir men o‘zbekistonlikman va baribir yuragim O‘zbekiston uchun uradi. Shuning uchun terma jamoamizga yordamim tegishini istab o‘zim ularga ma’lumot berdim. Milliy terma jamoamizda Jamoliddin degan operatorimiz bor. U bilan bog‘lanib, kerakli ma’lumotlarni o‘rtoqlashdim. Menimcha, terma jamoamiz murabbiylari Ummon – Tojikiston o‘yinini televizor orqali ham ko‘rishgan.

- Demak, Ektor Kuper bilan gaplashmabsiz-da, men bo‘lsa u bilan mazkur o‘yin haqida fikr almashgansizlar deb o‘ylabman…

- Yo‘q. Kuperning shundoq ham ishi ko‘p. Men Kuper bilan tanish ham emasman. Odatda bunday vaziyatlarda kim bilan gaplashishning farqi yo‘q, muhimi, terma jamoamizga kerakli ma’lumotlarni etkaza olsak bo‘lgani.

- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogida qaergacha bora olishi mumkin?

- Hamma jamoalar kuchli. Musobaqagacha barcha ishtirokchilar o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishyapti va natijalarga qarasak, u qadar katta hisoblar bo‘lmayapti. Jamoalar asosan o‘zlarini asrab o‘ynashyapti. Ishonamanki, Osiyo Kubogi juda qiziqarli o‘tadi. Shaxsan o‘zim O‘zbekiston terma jamoasining yaxshi natija ko‘rsatishini kutyapman. Murabbiylar shtabi ham, futbolchilarimiz ham mahoratli. Bu safar O‘zbekiston kuchli terma jamoa sifatida shakllandi. To‘g‘ri, muxlislarimizda hayajon bor, chunki ular nima bo‘larkin, qanaqa natija ko‘rsatarkin deb kutishyapti. Lekin hammasi yaxshi bo‘lishi kerak.

- Tojikiston terma jamoasidagi dastlabki yig‘in qanday o‘tdi? Dastlab Qatarda, keyin Ummonda shug‘ullandinglar…

- Hammasi yaxshi o‘tdi. Murabbiylar ham, futbolchilar ham judi oddiy. Tojikiston futboli rahbarlari esa bizga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishyapti. U erda hamma mening rejalarimni eshitib, qabul qilishyapti. Jamoamizda asabiylashish yo‘q. Biz besh kun mashg‘ulot o‘tkazib, so‘ngra birinchi o‘yinimizni o‘tkazdik. Men ish boshlashimdan oldin ular Ummonga qarshi o‘yin o‘tkazilishini kelishib qo‘yishgan ekan. Muhimi, bu yig‘inda jarohat olmaslik edi. Chunki bunday paytda futbolchilar yarim kuchi bilan emas, balki 100 foiz borini berib o‘ynashadi. Ammo bizda hali to‘liq kuchimiz yo‘q edi. Ular ham o‘zimizdagidek texnik futbolni yaxshi ko‘rishadi. O‘zbek va tojik futboli bir-biriga yaqin. Men endi futbolchilarni ko‘rib oldim. Ish boshlaganimda qo‘limga terma jamoaga nomzod o‘yinchilarning ro‘yxatini berishgandi va shunga asosan ularni tekshirib olgandim. Endi esa kimni chaqirish va chaqirmaslikni bilaman.

- Darhaqiqat, Tojikiston futboli O‘zbekiston futboliga yaqinroq bo‘lgani uchun ham Ummon bosh murabbiyi Pim Verbek aynan sizlar bilan o‘yin o‘tkazishni ma’qul ko‘rgandek, nazarimda…

- Bo‘lishi mumkin, yana bilmadim. Lekin bu haqida o‘ylamabman.

- Siz ham Osiyo Kubogiga borasizmi?

- Harakat qilaman. Yarim final va final o‘yinlariga bormoqchiman. Terma jamoalarning saviyalarini ko‘rishim kerak.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!