
“Uzbek Tigers” WSB navbatdagi mavsumida ishtirok etmaydi
“Uzbek Tigers” jamoasi so‘nggi ikki mavsum Butunjahon boks seriyalari (WSB) muvaffaqiyatli ishtirok etib, muxlislarda katta qiziqish va taassurot qoldirayotgan edi. Har yil boshida boks ixlosmandlari uchun bu katta shoularga aylanib ulgurdi. Biroq endi o‘zbek jamoasi ushbu turnirda ishtirok etmaydi.
– Bu mavsum jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Oldinda bizni Osiyo va jahon chempionati kabi yirik turnirlar kutib turibdi. Bundan tashqari navbatdagi Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi turli musobaqalarda ham muvaffaqiyatli qatnashishni maqsad qilganmiz. Terma jamoamiz a’zolari uchun mavsumdagi ilk turnir har yili Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkaziladigan an’anaviy “Stranja” musobaqasidir. Afsuski, ko‘pchilik manzur bo‘layotgan Butunjahon boks seriyalari (WSB)da bu mavsum “Uzbek Tigers” jamoasi ishtirok etmaydi, – deydi terma jamoa murabbiylaridan biri Ziyatdin Toyg‘onboev Sports.uz portaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, “Uzbek Tigers” jamoasi bu turnirda VII va VIII mavsumlarda ishtirok etdi. Daslabki mavsumdayoq o‘zbek jamoasi yarim finalgacha etib kelib, bu bosqichda “Cuba Domadores” (Kuba) jamoasiga imkoniyatni boy bergan edi. Yakunda esa kubaliklar Qozog‘istonning “Astana Arlans” bilan kuch sinashib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan.
WSB VII mavsumda esa Amerika qit’asi jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olgan “Uzbek Tigers” “A” guruhida 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan edi. 12 jamoa ishtirok etgan o‘sha mavsumda 3 guruhda birinchi o‘rinni olgan jamoalar va eng yaxshi natija qayd etgan bitta 2-o‘rinni olgan jamoa yarim finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, jamoamiz guruhda qolib ketdi. Yakunda g‘oliblikni kuba jamoasi qo‘lga kiritgan.
Fikrlar