Viktor Kumikov "Andijon" haqida - Aslida har qanday variant qiziq, lekin...

  • 5 may, 2020, 16:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatlar to‘xtatilgan bir vaziyatda futbolga oid qandaydir yangilik yoki muhim voqealar darhol muxlislarning e’tiborini tortmasdan qolmaydi. Ayniqsa, futbolsiz zerikib qolganlar uchun uning atrofida yuz berayotgan hodisa va xabarlar o‘ziga xos yangilik sifatida tuyulishi ham hech gap emas.

Tecno

O‘zimizning Superligamiz ham mart oyining o‘rtasidan to‘xtatib qo‘yilgan va tabiiyki, ishqibozlar futbol o‘yinlarini sog‘inishgan. Hozirgi paytda esa barcha klublarning futbolchilari individual tarzda shug‘ullanishayotganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ko‘rib turgan bo‘lsangiz kerak. Xo‘sh, mavjud vaziyatda muxlislarni nima yoki qanday xabarlar bilan qiziqtirish mumkin? Chunki biror yangilik haqida yozay desangiz, Superligamizda futbolchilarga taalluqli bo‘lgan transferlar oynasi ham yopilgan.

Lekin murabbiylar masalasida o‘ziga yarasha xabarlar chiqib turibdi. Aniqrog‘i, hozirgi paytda chempionatimizdagi ayrim klublarimizda bosh murabbiy lavozimi bo‘shab qolgan. Shu sababli ana shunday jamoalarga qator mutaxassislarning nomlarini bog‘layotganlar ham bor. Aslini olganda ham bunday kezlarda bosh murabbiysiz qolgan klubning u yoki bu mutaxassis bilan muzokara o‘tkazayotgani yo bo‘lmasa unga qiziqish bildirayotgani haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘lishi tabiiy.

Biz mazkur maqola orqali shunga o‘xshash vaziyat haqida so‘z yuritmoqchimiz. Yodingizda bo‘lsa, saytimiz orqali mart oyida rossiyalik tajribali murabbiy Viktor Kumikov bilan uyushtirilgan suhbatni hukmingizga havola qilgandik. Keyinchalik esa u karantin paytida boshqa mamlakatlarga aviareyslar bekor qilingani sababli yurtimizda qolib ketgani ma’lum bo‘lgandi. Tabiiyki, uning bu erda ekanligi ayrim klublarimiz uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin ham edi. Masalan, bosh murabbiysiz qolgan “Andijon” klubi ushbu lavozimga boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar qulog‘imizga chalingandi.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, karantin paytida mamlakatimizda bo‘lib turgan va hozirda hech bir klubda ishlamayotgan Kumikov nomzodi ham andijonliklarning e’tiborini tortgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bo‘lsa kerak, oxirgi paytlarda klubning mazkur murabbiy bilan muzokaralar olib borayotgani haqidagi gap-so‘zlar ham tez-tez eshitilmoqda. Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik asosli yoki haqiqatga yaqin? Hozirda Yangierda bo‘lib turgan Viktor Balyutovich bilan bog‘langanimizda dastlab yuqoridagi masalani o‘rtaga tashladik.   

kumikov1

- Viktor Balyutovich, qanday qilib karantin paytida yurtimizda qolib ketdingiz? Ayni paytda futbolsiz zerikib qolmayapsizmi?

- Tabiiyki, futbolsiz doimo zerikarli tuyulaveradi. Bu erda qolishimga esa parvozlarning bekor qilingani sabab bo‘ldi. Hozirda esa men Yangierdaman.

- Eshitishimcha, sizga “Andijon” klubi tomonidan qiziqish bo‘lgan. Ular chindan ham sizga taklif bilan chiqishdimi?

- Men bu haqida hech nima bilmayman. Hozircha hech kim hech nima demadi. Yana nima deyishim mumkin? Karantin boshlangan, ko‘rib turganingizdek, hozirgi paytda hech kimning ko‘ngliga futbol sig‘mayapti. Shunday ekan, hozir hech kim futbol bilan qiziqmayapti. Ehtimol, karantindan keyin qandaydir yangilik bo‘lib qolar...

- Viktor Balyutovich, ayting-chi, umuman olganda, “Andijon” varianti sizni qanchalik qiziqtirmoqda...

- Aslida har qanday variant ham qiziq, lekin avvaliga gaplashib ko‘rish, sharoitlarini o‘rganish darkor. Har qanday variantni muhokama qilish kerak. Ishimga qiziqish bormi yoki yo‘qmi, bunga muzokaralar jarayonida aniqlik kiritiladi.

- Sizga yana boshqa takliflar ham bo‘lib turibdimi?

- Hozircha yo‘q. O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, ayni paytda hamma joyda karantin davri. Shu sababli hozircha hech qanaqa yangilik yo‘q. Axir hech kim shunchaki pul to‘lashni xohlamaydi. Karantin bekor qilinganidan keyin mashg‘ulotlar boshlansa, ehtimol shundan so‘ng qiziqarli variantlar bo‘lar.

O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, hozircha Kumikov “Andijon” varianti haqida jo‘yali fikr bildirishdan yiroq bo‘lib turibdi. Balki chindan ham klub ushbu mutaxassis bilan muzokara o‘tkazgandir yoki bu quruq gap-so‘zdir. Lekin bir tomondan qaraganda uning aytgan gaplari ham to‘g‘ri. Ya’ni, hozirgi paytda karantinda futbol ko‘ngilga sig‘armidi? Ammo umid qilamizki, vaziyat albatta ijobiy tomonga o‘zgaradi va boshqa sport turlari kabi futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga ham ruxsat beriladi.

kumikov2_1

Oxirgi paytlarda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotgani sababli may oyining o‘rtalarida klublarning mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun ruxsat berilishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Lekin bular hozircha mish-mish xolos. Baribir chempionatimiz qachondan boshlab davom ettirilishi borasida aniq bir gap aytish qiyin. Qolaversa, Superliga o‘yinlari yana davom ettiriladigan bo‘lsa, u qanday tartibda o‘tadi? Stadionga muxlislar kiritiladimi yoki o‘yinlar bo‘sh tribunalar qarshisida o‘tkaziladimi? Bu ham o‘ylantiradigan masala, albatta. Biz esa bu borada Viktor Kumikovning fikrlarini bilishga qiziqdik.

- Umuman, keyingi rejalaringizni ishlab chiqyapsizmi?

- Aniq bir narsa deya olmayman. Hammasi karantinning tugashiga bog‘liq. Albatta, bunday paytda hech nimani rejalashtirib bo‘lmaydi.

- Karantindan so‘ng chempionatimizni qay holatda o‘tishi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. O‘yinlarning muxlislarsiz o‘tishi ham ehtimoldan holi emas. Bu borada sizning qarashlaringiz qanday?

- Futbol muxlislar bilan bo‘lgani yaxshi, baribir, ammo karantin bekor qilinib, vaziyat bunga imkon bersa, albatta. Muxlislarsiz futbol futbol emas.

Yana bir gap: aslida biror-bir murabbiyni olib kelish va u bilan kelishish oson jarayon hisoblanmaydi. Chunki har kimning ham o‘ziga yarasha talab va istaklari bo‘ladi. Bunday paytda esa klub bilan murabbiyning qarashlari va fikrlari bir joydan chiqsagina shunda hamkorlik borasida kelishish nisbatan osonroq kechadi. Lekin har kim o‘z imkoniyati va cho‘ntagiga qarab ish ko‘radi. Shunga yarasha murabbiylarni ham rozi qilish kerak. Ammo qimmat murabbiylar haqida ham eshitib turamiz. Aytaylik, biz bilan muloqotda bo‘lgan rossiyalik Viktor Kumikovni qimmat murabbiylar toifasidanligi haqida ham eshitgandik. Fursatdan foydalangan holda shu haqida o‘zining munosabatini bilishga harakat qildik.

- Qiziq savol: sizni narxi qimmat murabbiy deb ham atashadi. Bunga munosabatingiz qanday?

- Bularning barchasi nisbiy tushuncha. Mana shu xolos. Kimga nisbatan qimmatroq ekanman? Masalan, Mourino mendan ancha ko‘p pul oladi. Shunday ekan, qimmat yoki qimmat emas, buning nisbiy ekanligi tushunarli.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!