
Vinisius "Real" bilan 2030 yilgacha shartnoma imzoladi – maoshi Mbappenikidan kam emas!
Madridning "Real" klubi o‘z etakchilaridan biri – Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirdi. "Sport.es" nashrining xabariga ko‘ra, yangi kelishuv 2030 yilgacha amal qiladi va uning moliyaviy shartlari klubning belgilangan 15 million evrolik maosh chegarasidan oshib ketdi.
Endi 24 yoshli braziliyalik hujumchi yiliga 20 million evrodan ko‘proq maosh oladi. Garchi bu summa 30 milliondan oshmasa-da, u "Real"ning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylandi. Ushbu maqomda Vinisius Kilian Mbappe bilan bir xil darajada turadi.
Bunday qaror klub uchun oqibatsiz o‘tmasligi mumkin. Manbaga ko‘ra, endi boshqa yulduzlar ham Vinisiusning daromadiga qarab, o‘z shartnomalarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin. Shu bois, klub rahbariyati maosh siyosatiga o‘zgartirish kiritish masalasini muhokama qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vinisiusning avvalgi shartnomasi 2027 yilgacha amal qilar edi.
Fikrlar