
WSB: “Uzbek Tigers” 3 fevral kuni bellashuvlarga kirishadi (foto)
Xabaringiz bor, 30 noyabr kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida Butunjahon boks seriyasining (WSB) navbatdagi VII mavsumiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Unda VII mavsum reglamentiga biroz o‘zgartirish kiritilib, 12 jamoa 3 geografik mintaqa (Evropa/Afrika, Osiyo va Amerika) bahs olib boradi.
“S” guruhidan o‘rin olgan o‘tgan mavsum yarim finalchisi “Uzbek Tigers” jamoasi yangi mavsumdagi ilk uchrashuvini 3 fevral kuni “China Dragons” bokschilariga qarshi o‘tkazadi.
Shuningdek, ushbu guruhdan Rossiyaning “Russian Boxing Team” va Qozog‘istonning “Astana Arlans” jamoalari o‘rin egallashgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumdan o‘z ishtirokini boshlagan “Uzbek Tigers” jamoasi yurtimiz sharafini himoya qilib, musobaqaning yarim finaliga qadar etib kelgan.
Bundan tashqari 4 iyun kuni VI mavsum final bahslariga Toshkent shahri mezbonlik qilgan. “O‘zbekiston” sport majmuasidagi final janglarida Kubanning “Cuba Domadores” jamoasi Buyuk Britaniyaning “British Lionhearts” jamoasi bokschilarini 9:1 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun: WSB butun dunyoda 10 vazn toifasida eng yaxshi havaskor bokschilar o‘rtasida professional darajadagi musobaqa hisoblanadi. WSBning barcha bokschilarida o‘z yurti sharafini himoya qiladi. Har bir jangda g‘oliblar professional boksdagi kabi uchta hakam tomonidan qo‘yilgan ochkolar bo‘yicha aniqlanadi. Shuningdek, bunda nokaut, texnik nokaut yoki rad etish ham mumkin.
Ushbu xabardan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!
Fikrlar