
Xabib Nurmagomedov qo‘rqdimi yoki qarori to‘g‘ri edimi? (Mutaxassislar fikri)
Barcha MMA muxlislari 18 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, UFC 249 turnirini orziqib kutishayotgan edi. To‘g‘rirog‘i, markaziy jangdan o‘rin olgan Xabib Nurmagomedov hamda Toni Fergyuson o‘rtasidagi qarama-qarshilik barchaning diqqat e’tiborida bo‘lib turgandi. Xattoki, butun jahonda avj olayotgan koronavirus pandemiyasi ham bu jangga to‘sqinlik qila olmasligi borasida taassurot uyg‘onayotgandek edi. Har holda UFC prezidentining bayonotlari bunga turtki berayotgandi.
Lekin rossiyalik UFC ning engil vazn toifasi chempioni Xabib Nurmagomedov mazkur jang borasida o‘z munosabatini bildirdi va bu to‘qnashuv bekor bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Bu qaror borasida internet tarmoqlari, horij OAV larida turli xil fikrlar bilan to‘lib toshdi. Aksariyati buni to‘g‘ri qaror deb bilsa, ko‘pchilik Nurmagomedovni qo‘rqoqlikda ayblashmoqda. Aslidachi, bu to‘g‘ri qaror edimi?
Bu borada mamlakatimizda ushbu sport turi bo‘yicha faoliyat olib boradigan murabbiylar, sportchilar va jurnalistlarni fikri bilan qiziqdik.
Quyida ushbu mulohazalarni e’tiboringizga havola etamiz.
Sunnat Ilyasov – MMA bo‘yicha O‘zbekiston professionallar terma jamoasi murabbiyi
- Bu borada fikr bildirish kerak bo‘lsa, shuni aytishim mumkinki, hozirgi kundagi er yuzidagi koronavirus muammosi tufayli barcha musobaqalar qoldirilmoqda. Hamma ham o‘zini ehtiyot qilishni xohlaydi. Xabibni qo‘rqdi deb ayta olmayman. Agar, u jiddiy janglardan qo‘rqadigan sportchi bo‘lsa, ushbu natijalarga erisha olmasdi.
Nodir Qodirov – MMA murabbiyi, “Axmat” ligasining Osiyo mintaqasi rahbari
- Hozirgi kundagi hukm surayotgan muammolarga nisbatan nihoyatda to‘g‘ri qarorga keldi. Har tarflama to‘g‘ri!
Azamat Murodov –jurnalist
- Jangni tomoshabinlarsiz barchasi tekshirilib, analiz topshirgan odamlar bilan o‘tkazish mumkin edi. Lekin Xabib qo‘rqib turgan vaziyatida paydo bo‘lib qolgan imkoniyatdan foydalanib qoldi.
Jasur Alijonov – MMA murabbiyi
- To‘g‘ri deb o‘ylayman. Qolaversa, bu qarorni bir o‘zi emas, jamoasi, otasi va murabbiylari bilan kelishilgan holda qabul qilgan.
Mansur To‘g‘izboev – MMA referisi va murabbiy
- Aslida, butun dunyoda karantin bo‘lib turgan vaqtda bu turnirni o‘tkazilishini o‘zi tushunish qiyin edi. Lekin ular orasida to‘rt marotaba jangning qoldirilganligi tufayli, sharoit bo‘lsa, munosabatlarga oydinlik kiritib olsalar yaxshi bo‘lar edi. Bir nima deyish qiyin...
Jasur Ne’matov - O‘zbekiston K-1 federatsiyasi rahbari
- To‘g‘ri qaror qabul qilingan deb o‘ylayman. Sababi, baribir tomoshabinlarsiz bu jang o‘z jozibasini yo‘qotar edi. To‘g‘ri jonli efir bo‘lishi mumkin. Lekin arena to‘la muxlislar ko‘z oldida jang qilish bu baribir boshqacha bo‘ladi. Qolaversa, Olimpiadalar qoldirilayotgan bir vaqtda bu turnirning o‘tkazilishi mantiqsizlik bo‘lardi. To‘g‘ri, hali ham o‘tkaziladi, ushbu UFC 249 deyilmoqdaku, baribir insoniyat oldida shunday global muammo turganda buni tushunish qiyin nazarimda... Xabibni qarorini olqishlayman. U nafaqat o‘zini balki jamoasini ham hayotini xavfga qo‘ymadi.
Timur Muhammedjonov –Toshkent shahar kikboksing federatsiyasi rahbari
- Xabib to‘g‘ri qaror qabul qildi. O‘rnida men ham shunday yo‘l tutgan bo‘lardim. Bu so‘ngi imkoniyat emasku, hali barchasi yaxshi bo‘lib ketsa, ular yana jang qilishlari uchun imkoniyat bo‘ladi. Koronavirus dunyoni larzaga keltirayotgan bir vaqtda u yoqdan bu yoqqa uchib yurish to‘g‘ri emas.
Sardor Rahimov – jurnalist
- Ayni kundagi holat yuzasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu jangning o‘tkazilishi shunchaki “absurd”... Shu nuqtai nazardan u to‘g‘ri qaror qabul qildi.
Lilya Shakirova – GFC chempioni
- Xabib butunlay jangdan voz kechdi degani emas. Uchishdagi muammolar... Qisqa qilib aytganda hozirgi kunda shu barcha uchun foydali qaror edi.
Sher Mamazulunov – kikboksingchi
- Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, jangni to‘xtatganligi to‘g‘ri qaror deb hisoblayman.
Azamat Nuftillaev – MMA jangchisi
- Xabib birinchi navbatda o‘zini hamda jamoasini xavfsizligini o‘ylab ushbu qarorga kelgan. U qanday jangchi ekanligini isbotlab bo‘lgan. Nasib qilsa, ular hali uchrashadi va kim kuchli ekanligiga oydinlik kiritib oladilar.
Fikrlar