
Xamzat Chimaev va Neyt Diaz jangida kimning imkoniyati yuqori? (So‘rovnoma)
Xabaringiz bor, 11 sentyabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida “UFC 279” turniri tashkil etiladi. Ushbu jang oqshomining markaziy jangi yarim o‘rta vazn toifasi vakillari Xamzat Chimaev hamda Neyt Diaz o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Albatta, bu qarama-karshilikda favorit deya Xamzat Chimaev e’tirof etilmoqda. Biz an’anaga muvofiq murabbiy va yurtimiz MMA jangchilarini fikri bilan qiziqdik.
Jahongir Qoraboev – murabbiy
- Aslida, Neyt Diaz ham yomon jangchi emas. Biroq, uning yoshi ushbu sport turiga nisbatan katta va bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Menimcha Xamzat Chimaev unga xech qanday imkoniyat qoldirmaydi.
Jahongir Asranov – murabbiy
- Xamzat Chimaev o‘sib kelayotgan, UFCning yorqin yulduzi sanaladi. Unda barchasi bor, kurash, qo‘l-oyoq zarbalari va kardio jihatidan ham Diasdan anchagina ustun. Shuning uchun bu bahsda Chimaev yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonadi. Diazni vaqti o‘tdi. Chunki, uning yoshi o‘tib boryapti. Qolaversa, tayyorgarlik borasida ham u u qadar mas’uliyatli deb o‘ylamayman.
Mirzohid Atabaev – murabbiy
- Xamzatning hozirgi kundagi jismoniy holati ajoyib deb aytsak, yanglishmagan bo‘lamiz. Asosan kuchli jihati kurash va bu uning g‘alabasiga zamin bo‘ladi. Diaz ham kuchli sportchi edi. Ammo, hozirda uning jismoniy holati yaxshi emas. Agar, janga qadar u o‘zining ideal holatini tiklay olsa, Xamzatga jiddiy qarshilik qila oladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Chimaevga muxlislik qilaman.
Farruh Madaminov – murabbiy
- Bu jangda Chimaev yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonadi. U mukammal jangchi. Kurashi a’lo darajada va “stoyka”da ham yaxshi jang qiladi. O‘ylashimcha, Chimaev 1-raundni o‘zida masalani hal qiladi. Chunki, Diaz hozirgi kunda o‘z ustida ishlamay qo‘ygan va uning imkoniyati derli yo‘q.
Marat Bekmuratov – menejer, murabbiy (Qirg‘izston)
- Bu qonli jang bo‘ladi. Neyt Diaz jismoniy holat tomonlama Chimaevga bas kela olmaydi. Chimaevning kurashi haqida barcha biladi. Gilbert Byorns bilan jangda uning “stoyka”si ham yaxshi ekanligini ko‘rdik. Lekin Diaz oxirigacha jang qiladiganlar toifasiga kiradi. Agar, bahsning 2-raundiga qadar Xamzat jang taqdirini hal qilib qilib ulgurmasa, ushbu to‘qnashuv to‘liq davom etadi. Shunday bo‘lsa-da, imkoniyatlarni 80/20 deya baholagan bo‘lardim. Albatta, Chimaev foydasiga!
Mansur To‘g‘izboev – murabbiy, referi
- Mazkur jang oxiriga qadar davom etmaydi. Xamzat hozirgi kunda Diazdan bir bosh ustun. Uzog‘i bilan 2-raundga qadar, Diazni taslim etadi.
Mavlonbek Mavlonov – murabbiy
- Har ikkisini Gladiatorlar desak, yanglishmagan bo‘lamiz. To‘g‘ri, Diaz noodatiy jangchi va so‘ngi raundlarda faollashadi. Biroq jismoniy jihatdan Chimaev juda kuchli va u yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonadi. Qolaversa, gabarit jihatdan ham Chimaev anchagina katta. Imkoniyatlarni 70/30 deya baholagan bo‘lardim.
Dadaxon Hasanov – MMA jangchisi, referi
- Bu jang uzoq davom etmaydi. Xamzat Chimaev ko‘pi bilan 2-raundda g‘alaba qozonadi. Chunki, bu jangda barcha anglab turganidek, har tomonlama Chimaev ustun va buni jangda ham isbotlaydi.
Farhodjon Mashrabaov –MMA jangchisi
- Ushbu qarama-qarshilikda Xamzat Chimaev g‘alaba qozonadi. Diazda aniq bir ba’za yo‘q. Chimaevda esa kurash ham “stoyka” ham ajoyib tarzda shakllangan. Shuningdek, jangga yondashuv va o‘zini ustida ishlash bo‘yicha ham Xamzat Chimaevda ustunlik bor. O‘ylaymanki, Chimaev jangda qiyinchiliksiz g‘alaba qozonadi.
Fikrlar