
Xebayning O‘zbekistonga qaytayotgani rostmi? U nega Saudiya klubidan ketdi? Rubin intervyuda nimalarni aytdi?
Barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan, o‘tgan yili Superligamizni “yondirgan” albaniyalik hujumchi Rubin Xebay mavzusi bugungi kunda yana chempionatimizda kun tartibida bo‘lib turibdi.
Boisi, u to‘p surayotgan Saudiya Arabistonining “Al-Oruba” jamoasini tark etdi. Buni eshitgan Superliga klublarimiz unga yana xaridor bo‘lishmoqda.
Albatta, uning “Al-Oruba”dan ketishi biz uchun biroz kutilmagan yangilik bo‘ldi. Chunki u jamoasi bilan yulduzlar ligasiga yo‘l olgandi. Lekin albaniyalik hujumchi endi boshqa jamoada to‘p suradi.
Sports.uz jurnalisti vaziyatga oydinlik kiritish uchun Xebay bilan aloqaga chiqdi.
- Rubin, “Ol-Oruba” klubida yarim mavsum o‘ynab, so‘ngra u erdan ketdingiz. Nima uchun?
- Men shartnomamni ikki tomonlama kelishuvga ko‘ra bekor qildim.
- Saudiya Arabistoni chempionatiga ketayotganingizdan xursand edingiz. Klubingiz bilan yulduzlar ligasiga chiqishni maqsad qilgandingiz va bunga erishdingiz. Shunday paytda “Al-Oruba”dan ketish alamli emasmi?
- Bu juda ham g‘alati bo‘ldi. Klub, men va agentim o‘zaro gaplashdik va ketishga qaror qildik.
- Sizni O‘zbekistonda kutishayotganini bilaman. Masalan, “Navbahor”ga ko‘chib o‘tayotganingiz qanchalik rost?
- Bilmayman. Hozircha kelajagim borasida hech qanday qarorga kelganim yo‘q. Keyinga kunlarda albatta bu borada aniq bir qarorga kelsam kerak.
- Sobiq jamoangiz – “Andijon”ga qaytishni istamadingizmi? Chunki sizni qaytarish niyatida edilar.
- Aytib o‘tganimdek, nima bo‘lishini ko‘ramiz. Yaqin kunlar barchasini oydinlashtiradi.
- Saudiya Arabistoni chempionatida qolish imkoniyatingiz qolmadimi?
- Men bu masalada o‘ylayapman. Albatta, menda allaqachon qator takliflar bor. Lekin bir necha kun kutmoqchiman. Qani, qanday voqealar sodir bo‘larkin!
- Yana O‘zbekistonning boshqa klublaridan ham takliflar bormi?
- Menga qiziqish bildirayotgan ko‘plab klublar bor. Ammo men agentim va oilam bilan kelgusi harakatlarim yuzasidan maslahatlashishim kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar