"Xorazm" Superligaga qanchalik tayyor?

  • 28 fevral, 23:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

7 mart kuni O‘zbekiston milliy chempionatining 2025 yilgi mavsumiga rasman start beriladi. Bu yil Superligada jamoalar soni 16 taga etkazilganini yaxshi bilasiz. Pro ligadan naqd 5 ta jamoa Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, pro ligada 6-o‘rinni egallagan “Xorazm” ham qo‘shimcha imtiyoz evaziga Superligada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Tecno

“Metallurg” klubi pley-off orqali ligada arang jon saqlab qolganiga qaramay, jamoa ishtirokini davom ettira olmasligi ma’lum bo‘lgach, PFL Reglamentga binoan ish tutdi. Bekobodliklarning o‘rnini egallash uchun uchta nomzod – “Olimpik”, “Xorazm” va “Lokomotiv” klublari bor edi. Ularning orasida urganchliklarga Superligada qatnashish nasib qildi. Natijada 15 yil deganda “Xorazm” yana kuchlilar orasiga qaytdi.

Barchasi jamoa uchun ijobiy hal bo‘lgach, klub tayyorgarligini yanada kuchaytirdi. Avvaliga Toshkentda, keyin esa Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bordi. Bosh murabbiy tojikistonlik Hakim Fuzaylovga rahbariyat yana ishonch bildirishda davom etmoqda va u o‘z postida qoldi.

Asosiy masalalardan biri tarkibni kuchaytirish bilan bog‘liq edi. Jamoa aslida pro ligada qolganida ham asosiy vazifa Superligaga qaytish hisoblanardi va selektsiya shunga yarasha olib borilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq liga masalasi ijobiy hal bo‘lgach, “Xorazm” tajribali o‘yinchilarni jalb qila boshladi. Shuningdek, bir qator klublardan ijaraga ham o‘yinchilarni oldi. Klub birinchilardan bo‘lib, yangi mavsum uchun zayavkasini e’lon qildi. Ro‘yxatdan jami 29 nafar futbolchi o‘rni olgan. Shundan 4 nafari darvozabonlar, 9 tasi himoyachilar, 11 ta yarim himoyachilar va 5 nafari hujumchilarni tashkil qiladi.

Ularning orasida legionerlar ham bor. Jumladan, “Andijon”da o‘ynagan serbiyalik Vladimir Bubanya taklif qilindi. Tojikistonlik Shaxrom Samiev esa ijaraga olindi. Shuningdek, “Xorazm” klubi 2022 yildan beri chempionatimizda o‘ynab kelayotgan va o‘tgan yili “Dinamo” sharafini himoya qilgan ganalik legioner Frantsis Narx masalasini transfer oynasi yopilayotgan mahalda ijobiy hal qila oldi.

Bundan tashqari, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Dilshod Jo‘raev, Sanjar Shoahmedov, Ilhom Alijonov, Sunnatilla Abdullajonov, Xumoyunmirzo Iminov, Sardor Qobuljonov, Doston Tursunov kabi o‘yinchilar ham “Xorazm” a’zosiga aylandilar va yana bir qancha iqtidorli futbolchilar ham tarkibdan o‘rin olishgan.

Aytish kerakki, tarkib Antaliyada deyarli shakllantirildi. “Xorazm” klubi mavsumoldi tayyorgarligi davomida poytaxtda va Antaliyada bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi.

Qishki yig‘inlarda o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlari

Xorazm – Dinamo – 0:1

Xorazm - Qo‘qon-1912 – 0:2

Xorazm – Lokomotiv – 0:1

Xorazm – Bunyodkor – 0:0

Xorazm – Xo‘jand – 0:1

Xorazm - Qizilqum –1:1

(Gol: Danila Ejov)

Xorazm - Olimpik Mobiuz – 3:1

(Gollar: Temur Ismoilov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Danila Ejov).

Xorazm – Iberiya (Gruziya) – 3:1

(Gollar: Abror Xusinov, Shaxrom Samiev (dubl)

Xorazm – Ufa (Rossiya) – 0:3

Xorazm – Baltika (Roosiya) – 0:1

Xorazm – Xolabek (Daniya) – 2:4

(Gollar: Dilshod Jo‘raev, Bobur Sobirov)

Bir so‘z bilan aytganda, Hakim Fuzaylov boshchiligidagi “Xorazm” yaxshi selektsiyani olib bordi va mavsumga shay holatda. Urganchliklarning stadioni ta’mirlanayotgani bois o‘zining uy uchrashuvlarini Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida o‘tkazib turadi. Ilk turni esa 9 mart kuni “Sho‘rtan”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мурат
01/03/2025 17:11
Хоразм ярдам керак булса айтинг омад келтираман мунасип уйнаш учин суперлигада