
"Xorazm"ni mavsum boshidayoq jiddiy jamoa ekanligini bilgandik" - "Qizilqum" ustozi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatga yana qanday izoh berdi?
Superligada 4-turning qoldirilgan "Qizilqum" - "Xorazm" qarama-qarshiligida mehmonlar Navoiyda javobsiz uchta gol urgan holda ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Albatta, ko‘pchilik "Qizilqum"ning o‘z uyida 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishini kutishmagandi. "Qizilqum" muxlislari kutgan o‘yinni namoyish qila olmadi. Klub matbuot xizmati esa o‘yindan keyin bosh murabbiy Nikola Lazarevichning mag‘lubiyat sabablari haqidagi fikrlarini taqdim etdi.
"Birinchi navbatda Qurbon hayit bayrami va O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan barcha o‘zbekistonliklarni chin qalbimdan tabriklayman.
O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, biz mavsum boshida “Xorazm” bilan nazorat uchrashuvida ham kuch sinashgandik va o‘shandayoq bu jiddiy jamoa ekanligini bilgandik. Ortda qolgan 10 ta turda ham jamoa dadil odimlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bizga qiyin bo‘lishini bilardik va raqibdan bugungidek o‘yin kutgandik.
Birinchi bo‘limda raqibga markazda erkin harakat qilishiga imkon bermaslikka intildik. Biroq bu vazifani bajarishda katta qiyinchilikka duch keldik. Ayrim vaziyatlarda futbolchilar bir-birini tushunishmadi. Birinchi gol o‘tkazilgan hududda raqib futbolchisini “yopish”ga tayanch yarim himoyachilarimiz ulgurishmadi. Afsuski aynan shu hududdan bu mavsumda o‘z darvozamizdan ko‘plab gollar o‘tkazyapmiz. O‘yindan keyin shu kabi vaziyatlarni futbolchilar bilan tahlil qilyapmiz. Ammo negadir yana va yana shu “zona”dan gollar o‘tkazyapmiz. 11 turga kelib 22 ta to‘p o‘tkazishimiz uyatli holat, albatta.
Ikkinchi bo‘limda tashabbusni o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik va rejamizni biroz o‘zgartirdik. Natijada ikkinchi bo‘limda gol urish uchun ko‘proq imkoniyatlar yarata oldik. Raqib jarima maydonchasi oldida xavfli vaziyatlar tashkil etdik. Ammo yakuniy nuqtani qo‘yishga raqib futbolchilari imkon berishmadi", - deydi Lazarevich.
"Qizilqum" jamoasi navbatdagi bahsini 12-tur doirasida 14 iyun sanasida o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar