
Xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik boks murabbiylarini bilasizmi?
Sport olamida murabbiylarning o‘rni qay darajada muhim ekanligi barchaga ma’lum. Sportchining muvaffaqiyati zamirida aynan ustozlarning o‘rni katta bo‘lsada, baribir eng katta e’tibor sportchiga qaratiladi. Murabbiyning mexnati esa biroz soyada qoladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vaholanki, ular yuksak xurmatga loyiqdirlar!
So‘ngi yillarda mamlakatimizda bu borada ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shogirdlari natija ko‘rsatayotgan har qanday murabbiy e’tiborsiz qoldirilmayapti. Munosib taqdirlanish barobarida o‘ziga xos xurmat ko‘rsatilmoqda. Albatta, bunday rag‘batlantirishlar, e’tiroflar ushbu kasb egalarini yanada yuksak marralarni zabt eta oladigan, iste’dodlarni tarbiyalashlarida muhim omil bo‘ladi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
So‘z boshimizdan sezib turibsizki, bugun murabbiylar borasida so‘z yuritmoqchimiz. Ya’ni, ayni vaqtda xorijda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarimizni tanishtirish istagidamiz. Albatta, bu borada ham ko‘proq ehtiyoj boks bo‘yicha murabbiylarimizga bo‘lmoqda deb baralla ayta olamiz.
Demak, ushbu sport turi bo‘yicha xorijda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan tanishing...
Vladimir Shin
Boksimizning tirik afsonasi ayni vaqtda Yaponiya boks terma jamoasining bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib bormoqda. Yaponiyaliklarning Vladimir Nikolaevichga bo‘lgan xurmatlari juda yuqori... Bunga birgina, ushbu zaminda hamyurtimiz haqida hujjatli film olinganligi ham yaqqol misol bo‘la oladi. Yaponiya boksining namoyandalaridan biri Xirokuni Motoning ta’kidlashicha o‘zbekistonlik murabbiy yordamida samuraylar yurti bokschilari Tokio Olimpiadasida yaxshi natijalar qayd eta oladi.
Olim Muhammedov
Buxoro boksida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ushbu murabbiy, ayni kunda Janubiy Koreyada faoliyat yuritmoqda. U mazkur yurtning terma jamoasida katta murabbiy sifatida koreyalik charmqo‘lqop ustalarining mahoratini oshirish bilan mashg‘ul. So‘ngi yillar Janubiy Koreyada havaskor hamda professional boksga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Shubhasiz, tez orada yurtdoshimizning bilimlari, mexnatlari janubliklarga katta foyda keltirsa ajab emas.
Alisher Rahimov
Yaqin o‘tmishda ajoyib bokschi bo‘lgan ushbu vatandoshimizga ham horijda ehtiyoj sezilgan. U ayni vaqtda Nepal terma jamoasida bosh murabbiy vazifasida faoliyat yuritmoqda. "Jamolungma" cho‘qqisi joylashgan ushbu yurt boksi u qadar rivojlanmaganligi barchaga ma’lum. Shuning uchun, ham kuchli mutaxassisga ehtiyoj sezishgan. Bunday saviyadagi murabbiyni esa O‘zbekistondan tanlanganligi, albatta quvonarli holat. O‘ylaymizki, yaqin yillarda mazkur o‘lka vakillari ham yuqori darajaga ko‘tarila olishadi. Chunki, u erda o‘zbek boks maktabi qo‘llanma bo‘layotganligi, yaxshi saviyadagi yurtdoshimiz faoliyat olib borayotganligi, bunday fikr bildirishimizga asos bo‘ladi.
Bobur Najmiddinov
Yosh iste’dodli murabbiy sifatida qaralayotgan ushbu murabbiy, ayni vaqtda Janubiy Koreyaning “Cocky Buffalo” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan va yaqin ikki yildan buyon kompaniya tasarrufidagi bokschilar bilan o‘z bilimlarini o‘rtoqlashib kelmoqda. Nafaqat u janubiy koreyalik hamda o‘zbekistonlik bokschilar (ushbu promouterlik kompaniyasi bilan bir qator o‘zbekistonlik boksilar ham shartnoma tuzishgan) bilan balki vetnamlik, rossiyalik charmqo‘lqop ustalarini ham janglarga tayyorlab bormoqda. Mazkur kompaniya raxbarlaridan biri Sang Bum Kim yosh murabbiyning olib borayotgan faoliyatidan qoniqish hosil qilayotganligi va u bilan yaxshi natijalar qayd eta olishiga ishonchi komil ekanligini aytib o‘tishi ham, hamyurtimizning samarali ish olib borayotganligiga misol bo‘la oladi.
Bir so‘z bilan aytganda ular o‘z mexnatlari bilan xorijda ham e’tirofga sazovor bo‘lishmoqda. Bu borada ushbu vatandoshlarimizni yanada muvaffaqiyat qozonishlarini tilab qolamiz!
Fikrlar